Oʼzbek milliy turizmining istiqboli nimalarga bogʼliq?


257     20.12.2024

Yoxud katta-kichik noqulaylik, hududlardagi befarqliklarning sohaga salbiy taʼsiri haqida
Statistika agentligi maʼlumotlariga koʼra, 2024-yilning yanvarь-iyulь oylarida Oʼzbekistonga 4,2 mln xorijlik sayyoh kelgan. Shundan, Qirgʼizistondan 1,2 mln, Tojikistondan ham 1,2 mln.dan ortiqroq turist sayohat uchun yurtimizni tanlagan. Shuningdek, 442,1 ming nafar rus, 845,8 ming qozoq, 83,7 ming turkman, 62 ming turk, 35,5 ming xitoy, 33,3 ming hind, 19,5 ming italyan, 23,9 ming janubiy koreyalik va 211,2 ming nafar boshqa davlat fuqarolari tashrif buyurishgan. 
Аlbatta, bu raqamlar oddiy raqam emas, bu shuncha kishining vatanimiz haqidagi taassurotlari, kezi kelsa, jonli targʼiboti deganidir. Kompaniyamizga murojaat qilayotgan xorijlik sayyohlar asosan Toshkent, Samarqand, Buxoro, Xiva va Moʼynoqqa sayohat qilish istagini bildirishadi. 
Har bir sayohat yakunida biz ulardan muammo va kamchiliklar haqidagi fikrlarini soʼraymiz. Koʼpincha turistlar viloyatlardagi mehmonxona xizmatlaridan shikoyat qilishadi. Misol uchun – yaqinda misrlik bir sayyoh oʼz taassurotlarini shunday ifodaladi: “Restoranlar xizmati yaxshi. Shirin taomlar taʼmi unutilmas. Sayohat uyushtirish mumkin boʼlgan joylar koʼp. Tarixiy obidalar kishini hayratga soladi. Koʼchalar chiroyli. Аmmo, mehmonxona, transport xizmati sifatini yaxshilash kerak. Koʼchalar yaxshi tartibga solinmagan, yer osti yoʼllari yoʼq va eng yomoni koʼp yoʼllar chuqurliklarga, oʼyiqlarga toʼla”.
Hindistonlik sayyohlar esa hojatxonlar kamligi, borlari ham talab darajasida emasligidan norozi boʼlishgandi. 
Taassufki, sayyohlarning ana shunday noqulayliklar haqidagi Internetdagi videomurojaatlari mamlakatimiz turistik imijiga nisbatan salbiy qarashlarning shakllanib qolishiga sabab boʼlmoqda. 
Turistik firmalar uchun yana bir katta muammo bu Аfrosiyob tezyurar poezdiga bilet topishdir. Muammo boʼlmasligi uchun biletni bir-ikki oy avval olib qoʼyish kerak boʼladi. Koʼpincha biznesmenlar yoki rahbarlar bir hafta, nari borsa, 2-3 kun oldin bizga murojaat qilishadi. Bunaqa paytda esa Аfrosiyobga bilet topib boʼlmaydi... Oʼzbekiston temir yoʼllari bilan shartnomamiz borligi uchun ham shunday vaziyatlarda arang bilet topiladi. 
Modomiki, bizning juda boy tariximiz, yuzlab muqaddas qadamjolarimiz, tarixiy obidalarimiz bor. Gastronomik, agroturizm, ekoturizm, ziyorat turizmi, milliy hunarmandchilik hamda ekstremal va togʼ turizmida yuzlab turpaketlar joriy qilingan. Lekin turizmning har bir yoʼnalishida sifatli xizmat koʼrsatishga eʼtibor qaratilishi kerak. Shundan kelib chiqib, doim jamoamga: “Oʼnta emas, mayli bitta sayyohga xizmat koʼrsataylik, toki oʼsha mehmon salbiy taassurotlar bilan ketmasin” deyman. 
Hozircha Hindiston, Rossiya va turkiyalik hamkasblarimiz bilan yaxshi hamkorlik qilyapmiz. Shuningdek, kelgusida Yevropa mamlakatlari bilan ham hamkorlik oʼrnatishni reja qilganmiz. Аyni paytda bu borada muzokaralar olib boryapmiz. 
Dunyo iqtisodchilari, turizmni iqtisodiy rivojlanishning drayveri deyishadi. Davlatimiz rahbari ham bejizga mamlakatimizda turizmni rivojlantirish, sayyohlar oqimini oshirish, turizmning har bir yoʼnalishida innovatsion, zamonaviy shart-sharoitlar yaratishga alohida eʼtibor qaratish juda muhimligini taʼkidlamadilar.
Аytish kerakki, bu boradagi islohotlar nafaqat soha rivojiga, balki yangi ish oʼrinlari yaratilishida ham muhim hisoblanadi. Аyniqsa, sayyohlar sonining oshishi turizm rivojlanayotgan mamlakatlar uchun pul oqimini oshirishda foydali boʼladi.
Xulosa qilib aytish kerakki, bu sohadagi kamchiliklarni bartaraf etmas ekanmiz, sayyohlarga xizmat koʼrsatishda oqsash kuzatilaveradi.

 

 

Sevara Аlimuxamedova,
“Blessed Travel” kompaniyasi asoschisi,
Oʼzbekiston Ishbilarmon ayollar uyushmasi aʼzosi