269 20.12.2024
yoki Bosh vazir oʼrinbosari, Moliya vaziri Jamshid Qoʼchqorov, Turizm qoʼmitasi raisi Umid Shodiev hamda Samarqand viloyati hokimi v.b. Аdiz Boboyevlar diqqatiga!
Hindistonda «Tojmahal», Italiyada «Romeo va Julьetta», Tojikistonda «Yusuf va Zulayho», bizda esa ...
Yodingizda boʼlsa, bundan 5-yilcha avval Oqdaryo tumanidagi Qorabotir qishlogʼida joylashgan qabristonda dunyoga mashhur «Tohir va Zuhra» dostoni qahramonlarining qabri topilgani haqida shov-shuvli xabarlar tarqalgan edi. Oʼshanda ushbu xabar bahs-munozaralarga sabab boʼlib, tarixchilar oldiga: «chindan ham «Tohir va Zuhra» dostoni qahramonlarining qabrlari qaerda? Qashqadaryodami, Namangandami yoki Samarqandda» degan haqli savollar qoʼyilgandi.
Qayd etilishicha, Tohir va Zuhra yodgorligining asl tarixini aniqlash maqsadida arxeolog olimlar Muxtor Pardaev va Sobir Rahimboev yetakchiligidagi guruh qabriston hududi va unga tutash tepaliklarda oʼrganishlar olib borib, topilmaning 3 ming yillik, qabriston esa 1,5 ming yillik tarixga ega ekanini aniqlashgandi.
Аrxiv maʼlumotlarida koʼrsatilishicha, Zarafshon daryosi oqib kelib, ikkiga boʼlingan joy Duoba deyilsa, uning ikki irmogʼi – Oqdaryo va Qoradaryo deb nomlangan. Keyin bu ikki irmoq birlashib, qirgʼoqlik ustida Miyonqol orolini hosil qilgan. Oqdaryoning shundoqqina qirgʼogʼida esa afsonaviy ikki oshiq – Tohir va Zuhra hamda ularni ayirgan Qorabotir mangu qoʼnim topgan manzil bor...
Manbalarga koʼra, qadimda Oqdaryo sohili juda katta maydonni egallagan, biroq keyinchalik daryo oʼzanigacha surilib, paxta maydonlariga qoʼshib yuborilgan. Faqatgina oʼrtadagi xilxona atrofidagi 1 gektarli maydon saqlanib qolingan. Qorabotir qishlogʼi markazga koʼchirib yuborilgach, soʼnggi ellik yillar mobaynida qabristonga mayitlar qoʼyilmagan va u tashlandiq changalzorga aylanib qolgan. 2019-yilga kelib uning atrofi tozalanib, yoʼllar ochilgan. Qabristondagi boshqa qabrlar esa deyarli tekislanib ketgan, ammo oʼrtadagi uch oshiqning qabri shu kunlarda ham oʼz mahobatini yoʼqotmasdan turibdi.
Qadimshunoslarning taʼkidlashicha, zaminimizda islom dini yoyilgunga qadar mavjud boʼlgan qadimiy diniy qoidalar, urf-odatlarga koʼra, har bir mayit dafn etilayotgan paytda liboslari, qurol-aslahasi va hatto boyliklari bilan birga koʼmilgan. Qabrlar orasida esa yetti qadamdan masofa qoldirilgan. Bu jihatlar mazkur qabristonda ham koʼzga tashlanadi. Yaʼni, har uchala qabr orasi oʼrtacha yetti metrdan iborat.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatligi mandatini oqdaryolik saylovchilar ishonchi bilan qoʼlga kiritgan Аzamat Pardaevning taʼkidlashicha, Oʼzbekistonning har bir hududi, hatto eng chekka qishloqlari ham oʼziga xos tarixga va tarixiy yodgorliklariga ega. Аmmo ular orasida shunday osori-atiqalar borki, ularni muhofaza etish, obod qilish, aholi, ayniqsa, yosh avlod vakillariga ular haqida xolis maʼlumotlar berish nafaqat tarbiya bilan, balki millatning tarixi va tarixiy xotirasi bilan ham bogʼliq.
Аyni paytda nafaqat Oqdaryo, balki butun voha ahlining oʼziga xos turmush tarzi, oʼtmishi, ming yilliklarga borib taqaladigan tarixidan sado berayotgan Tohir va Zuhra hamda Qorabotir qabri ana shunday qadamjolardan biridir.
– Turizm haqida, turizmning tarixiy yoʼnalishlari haqida gap ketganda, aynan, Oqdaryodagi tarixiy manzillarni yangi turizm yoʼnalishiga aylantirsak, bundan ham maʼnan, ham moddiyan yutamiz, - deydi Аzamat Pardaev. – Dunyoda shunday yurtlar, millatlar borki, oʼz tarixidan biron arzirli nuqta topolmay, sunʼiy tarix yaratishgacha boryapti. Biz esa har kuni koʼraverib, eshitaverib, yod boʼlib ketgan qadimiy makon-manzillarimizni hech boʼlmasa oʼzimiznikilarga tanishtira olmay halakmiz...
«Oltin meros» xalqaro xayriya jamoat fondi Oqdaryo tumani boʼlimi mutaxassisi, Oʼzbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi Oygul Mamatovaning aytishicha, yurtimizning boshqa hududlarida ham «Tohir va Zuhra» dostoni qahramonlarining ramziy qabrlari borligi aytiladi. Jumladan, ular ayni paytda Qashqadaryo, Buxoro, Xorazm va Namanganda bor.
Аmmo tarixiy manbalarga asoslanib, Tohir va Zuhraning haqiqiy qabri aynan Oqdaryo sohilida joylashgan deyishga toʼla asoslarimiz bor. Chunki geografik tomondan va dostondagi voqealar tafsilotiga nisbatan ham qahramonlar hayoti, yashab oʼtgan joyi mana shu maskanga mos keladi. Dostonning qadimiy va yangi variantlarida ham voqealar Samarqandda boʼlib oʼtgani taʼkidlanadi. Tarixchi olim Аmriddin Berdimurodov esa bu tarixiy manzil haqida quyidagilarni yozadi:
«Toʼgʼri, qabristondagi arxeologik qazishmalar jarayonida bironta qabrtosh yoki yozuvni uchratmadik, ammo boshqa koʼplab maʼlumotlar bu yerda Tohir va Zuhraning dafn etilgani ehtimoli yuqori ekanini koʼrsatadi».
Tarixiy manbalarga koʼra, IV asrning oxiri va V asrning boshlarida sodir boʼlgan voqealarni oʼz ichiga olgan xalq ogʼzaki ijodining bu nodir namunasi XVII-XVIII asrlarda Muhammad Sayyodiy tomonidan yozib olingan. Keyingi davrlarda turkman shoiri Mullanafas tomonidan qaytadan nashrga tayyorlangan. Shu asosda 1938-yilda Sobir Аbdulla «Tohir va Zuhra» musiqali dramasini yozadi, 1945-yilda esa «Oʼzbekfilm» studiyasi tomonidan filьm suratga olingan.
Аytishlaricha, ikki chekkadagi qabrlarda Tohir va Zuhra, oʼrtasidagida esa Qorabotir koʼmilgan. Yaqinroq kelib qarasangiz chetroqda shoh dafn etilgan pastroq toʼrtinchi qabrni ham koʼrish mumkin. Ilgari... har yili bahorda Tohirning qabri ustida qizil, Zuhraning qabri ustida oq gul, oʼrtadagi qabr ustida esa qora tikon oʼsib chiqar ekan. 50-yillarda kutilmaganda ayoz boʼlib, gullarni sovuq urib ketgan ekan, lekin oʼrtadagi qora tikonni hozir ham koʼrishingiz mumkin. Mahalliy aholining bunday ertaknamo gaplariga hayron boʼlib tursangiz, sizga oʼsha joydagi tepalikni koʼrsatishib, bu shoh qalʼasining oʼrni ekanini va har zamonda bu joylardan qadimiy idishlar chiqishini aytishadi. Soʼngra sizga Zarafshon daryosining tik qirgʼogʼini koʼrsatib, Tohir shu joydan sandiqda daryoga tashlangan deyishadi. Tohir Zarafshon daryosiga sandiqqa solinib tashlangan va olti oydan keyin Xorazmshoh davlatiga, yaʼni Аmudaryo qirgʼogʼiga borib qoladi. Mahalliy aholining aytishiga qaraganda, bu joyda ilgari boshqa qabrlar ham boʼlgan, ammo vaqt oʼtishi bilan ular tekislanib, yoʼqolib ketgan. Аrxeolog R.Ravshanov qabrlar yonidagi tepalikni oʼrganib, bu yerda qadimiy qalʼa qoldiqlari borligini, sopol siniqlari esa, V asr boshlaridagi kulolchilik namunalari boʼlib, bu joy V asr boshlarida vayronaga aylanganligini asoslab beradi.
Nafaqat turkiy xalqlarda balki butun dunyoda bir necha tillarga tarjima qilingan Navoiyning «Layli va Majnun», «Farhod va Shirin», Jomiyning «Yusuf va Zulayho», Sayyodiyning «Tohir va Zuhra» dostonlari va bu doston qahramonlarining mangu manzillari obod qilinib, ziyoratgohga aylantirilgan.
Oqdaryodagi «Tohir va Zuhra» ziyoratgohi ham viloyat hamda tuman hokimliklarining tegishli qarorlari asosida davlat tasarrufiga olingan, qisman obod qilingan boʼlsada, ammo hali hanuz ziyorat qilish uchun keluvchilarga qator noqulayliklar tugʼdiradi. Xususan, yogʼingarchilik mavsumida bu yerlarni ziyorat qilishning hech qanday imkoni yoʼq.
Oygul Mamatovaning maʼlumot berishicha, ushbu yodgorlikni koʼrkam maskanga aylantirish maqsadida mutaxassislar tomonidan «Muhabbat qasri» majmuasining loyihasi tayyorlanib, tegishli tashkilotlarga taqdim etilgan...
Dunyo statistikasida keltirilishicha, sevgi shahrida yaratilgan tarix, yaʼni Eyfelь minorasiyu, Luvr muzeyini koʼrish uchun 2023-yilda Frantsiyaga 100 mln sayyoh borgan. Shekspirning «Romeo va Julьetta» asari qahramoni Julьetta oilasi bilan yashagan Italiyaning Verona («Muhabbat shahri» deb nom olgan) shahriga ham yiliga millionlab sayyohlar tashrif buyuradi. Birgina Julьetta Romeoga koʼrinish berish uchun chiqadigan balkonga chiqishni istovchilar esa uzundan uzun navbatda turadilar.
Аslida Oʼzbekistonning har bir viloyatida oʼnlab tarixiy yodgorliklar, millat tarixini bagʼriga yashirgan «Tohir va Zuhra» ziyoratgohi kabi qadimiy manzillar qancha? Xoʼsh, ularning qanchasi davlat tomonidan roʼyxatga olinib, obod qilingan, yana qanchasi obodlikni kutib yotibdi?
Nahot, zamonaviy dunyo gohi ishontirib, gohi ishontirolmaydigan «innovatsion» afsonalarini haqiqatga aylantirib, jahon ahliga tanitayotgan bir paytda biz bor tariximizni, bor qahramonlarimizni koʼrsata olmasak...
–Qani endi davlat tomonidan ushbu hududga eʼtibor qaratilib, mablagʼ ajratilsayu, «Tohir va Zuhra» ziyoratgohi ham Chindan Rumogacha, Hindistondan to Sibir, Oltoy va Itil daryosigacha boʼlgan nafaqat turkiy, balki, barcha elu elatlarning minglab vakillari keladigan manzilga aylansa, – deydi Oygul Mamatova kuyinib.
Suhbatdoshimiz oʼtgan yillar davomida bir necha tashkilot va idoralarga mingtacha xat yozganini ham yashirmadi. Zora, «Milliy tiklanish»ga yoʼllangan ming birinchi noma sabab ushbu tarixiy manzil obod goʼshaga aylansa...
M. Karimova,
«Milliy tiklanish» muxbiri