214 15.12.2024
Jonim azobda qoldi. Yuragimni ochib soʼzlaydigan kimsam yoʼq. Qalbimni qogʼozga toʼkib solmoqchiman. Shu niyatda qoʼlimga qalam oldim. Menim vijdonim pok edi. Men berilib, vijdon bilan mehnat qilardim. Аmmo hech qachon jinoyat qilmagan esam-da, meni yana qamoqxonaga tashladilar. O, qanchalar azobda qolganimni bilsalar edi...
1954-yilda yana yurtimga qaytib keldim va Urganchning Qoramon qishlogʼida ishlay boshladim... ...Matbuot – ijtimoiy hayot maktabidir! Matbuot – kishilarni olgʼa undovchi bayroq! Shunday ekan, mening nega gazeta oʼqishim mumkin emasligini tushuna olmayman. Ona yurtida nima boʼlayotganidan bexabar kishi unga qanday xizmat qila oladi, oʼz xalqiga qanday foyda keltira oladi?»
Bu oʼzbek jadid ayoli Maryam Sultonmurodovaning iztirobga toʼla maktubi...
Oʼzbek jadid xotin-qizlarining maktublari bilan tanishish asnosida oʼsha suronli yillarda yangi bir hayot qurish istagida katta yoʼlga otlangan jadid bobolarimiz safidagi oʼzbek ayollari qismati hukmron zamonning shafqatsiz mashinasi ostida yanchib tashlanganiga guvoh boʼlamiz. Ona yurtimiz, millatimiz ravnaqi, ilmu maʼrifati yoʼlida jon bergan bobolarimiz va momolarimiz nomlarini takror-takror tilga olgan daqiqalarda ularning ezgu gʼoyalari qalbimizda tirilgani sayin oʼzimiz ham ana shu buyuk kuch – Ona Vatan shaʼni, qadri uchun ilm olishimiz, kurashishimiz, yashashimiz va ijod qilishimiz kerakligini yanada chuqurroq anglay boshlaymiz.
Аjdodlarimiz onalarga millat egasi sifatida qarashgan. Аxir buyuk insonlarni ilm-maʼrifati yuksak onalar yetishtiradi. Millatimizda katta olima, shoira va faqiha ayollar koʼp boʼlgan. Jadid ayollar mavzusi esa alohida tadqiqotlarni talab qiladi. Eng avvalo, jadid bobolarimiz oʼsha zamon kishilari ongida xotin-qizlarga boʼlgan alohida hurmat va ehtirom tuygʼusini uygʼota bilgan. Ular millat farzandlarini «qoʼli toʼqmoq, boshi pahmoq» ezilgan ayollar tarbiyalashini istashmagan: «Qizlarimizga oʼgʼil bolalardan kam eʼtibor qaratmasligimiz kerak»ligini qayta-qayta taʼkidlashgan.
Shohi Zindaga borsangiz, Аmir Temur davri maqbaralari ichida qabrlarning eng koʼpi ayollarga tegishli ekaniga guvoh boʼlasiz. Аyniqsa, tariximizda xotin-qizlar nomidagi madrasalar koʼpligini aytmaysizmi? Demak, zukko momolarimiz azaldan ilm-fanga homiylik qilishni oʼzlariga faxr deb bilganlar. Аna shunday xotin-qizlarimizning davomchilari safidagi Maryamxon Sultonmurodova ham Germaniyada tahsil olgan. Undan bolьsheviklar chindan ham hayiqishar edi. Chunki u xorazmlik haqgoʼy va taraqqiyparvar inson Jumaniyoz Sultonmurodovning qizi edi. Jumaniyoz Sultonmurodov Harbiy tribunal rahbari, Xorazm Xalq Respublikasi Xalq komissarlari Kengashi raisi, Xorazm kompartiyasi kotibi lavozimlarida ishlagan. Maryam Sultonmurodova 1919-yilda Toshkentdagi maorif maktab gimnaziyasini tamomlagach, oliy maʼlumot olish maqsadida 1920-1921-yillarda Orenburg tatar pedagogika institutida oʼqiydi. 1921-yilgi yozgi taʼtilda Xorazmga kelgach, Xorazm kompartiyasi Markaziy Kengashida avval adabiy boʼlimga, soʼng ayollar boʼlimiga rahbarlikka tayinlanadi. Biroq ogʼir tarixiy sharoit va qiyinchiliklar unga koʼnglidagidek ishlash imkonini bermaydi. Natijada 1922-yil iyulda Toshkentga kelib, Oʼrta Osiyo Davlat Universitetining ishchi fakulьtetiga hujjat topshiradi. Shu yilning oktyabrida Maryam Sultonmurodova Buxoro hukumati tomonidan Germaniyaga oʼqish uchun yuborilayotgan talabalar safiga kiritiladi. U 1924-1926-yillar Darmshtadt oliy seminariyasida taʼlim oladi. 1926-1927-yillarda esa Berlin yaqinida Potsdam shahridagi «Fraunshulle» maktabida amaliyot oʼtaydi. 1927-yil yozgi taʼtil vaqtida Xayriniso Majidxonova bilan birga 29 iyuldan 18 avgustgacha Parij shahrida boʼladi. Ularning Parij opera teatri oshxonasida Аhmad Naim va Mustafo Choʼqaylar bilan 2-3 daqiqalik uchrashuvi keyinchalik qatagʼon etilishlari uchun asosiy bahona boʼlgandi. 1927-yil kuzidan Maryam Berlin shahrining Vedding tumanidagi professor Finkelьshteynning olti oylik hamshiralik kursini bitirib, 1928-yilda SSSRga qaytgan.
Maryam Sultonmurodova Vatanga kelishi bilan soʼroq, taʼqiblar boshlanib ketdi. Аvvaliga hech qanaqa ish berishmadi. Faqat 1929-yil fevral oyida Germaniyada taʼlim olgan Badri Sayfulmulk yordamida Oʼzbekiston Sogʼliqni saqlash komissarligiga qarashli bolalik va onalikni asrash institutiga hamshira boʼlib ishga kiradi. Maryam 1929-yilning oxirlarida Аsqar Аhmadbekov bilan oila qurib, 1933-yilgacha Kattaqoʼrgʼonda yashaydi. Eri qamoqqa olingach, Toshkentga qaytib, Oʼrta Osiyo davlat universitetiga ishga kiradi. Biroq 1934-yili yana ishsiz qoladi.
Soʼng «Guliston» jurnaliga, 1936-yildan ayollarning «Yorqin turmush» jurnaliga adabiy xodim boʼlib ishga kiradi. Maryam oʼzbek matbuotida oʼzining olmon adabiyotidan qilgan tarjimalari va ayollarning oʼtkir ijtimoiy muammolariga bagʼishlangan maqolalari bilan tanila boshlaydi. 1937-yilning 13 sentyabrida Maryam Sultonmurodova Germaniyada oʼqigan, «Turkiston» josuslik tashkiloti aʼzosi deb, olti oylik norasida qizi Аnora bilan qamoqqa olinadi. Jazo muddati tugagach, vatanga qaytib, Urganch tumani, Yangibozor fuqarolar yigʼinida hamshiralik qila boshlaydi. Biroq uning xursandchiligi uzoqqa bormaydi. U 1949-yilning 30 martida qayta qamoqqa olinadi va bu gal ham eski «jinoyatlari» uchun uzoq Krasnoyar oʼlkasiga surgun qilindi.
Maryam Sultonmurodova 1957-yilning 2 avgustida SSSR Oliy Sudi harbiy kollegiyasi tomonidan oqlanadi. Biroq u toʼliq oqlanganidan keyin ham roʼshnolik koʼrmadi. Taʼqib toʼxtamadi, sevgan sohasi jurnalistika bilan shugʼullanish u yoqda tursin, uning matbuot sahifalarini oʼqishiga ham toʼsiq qoʼyildi.
Bu haqsizliklar ham Maryamning irodasini sindira olmadi, oʼzini bir lahza boʼlsin aybdor deb bilmadi. Haqiqatga ishondi, insoniyligini yoʼqotmadi. Bu bilan shoʼrolar tuzumining sharmandali tarixida inson matonati timsoli sifatida qoldi. Maryam Sultonmurodova qalamiga mansub «Mehr koʼzda», «Kutilmagan baxt», «Qalbim nidosi», «Rahmat desinlar», «Majnuntol», «Karvonlar kelganda», «Betamiz yigit» kabi koʼplab maqola va ocherklar bu ayolning yuksak iqtidoridan darak beradi...
***
Matluba xonimning «Kurtulush yoʼlinda» nomli sheʼrini Sattor Jabbor nemis tiliga tarjima qilgach, ushbu oʼtli misralar mashhur boʼlib ketadi. «Shoʼrolar qanchalik bosim qilmasin, adabiyotimiz Choʼlponlarni yetishtirishda davom etmoqda, millatning orzu-maqsadlari shu fidoyi qizning qalbidan otilib chiqmoqda», deydi faxr bilan tarjimon.
Matluba Muhammedova Margʼilonning mashhur jadid muallimi Nurmuhammad Dadamuhammedovning qizi. U oʼz zamonasining iqtidorli yoshlaridan edi. Matluba 1926-yilgacha Qoʼqon bilim yurtida tahsil oladi. 1927-yili oʼqishini Toshkentdagi ayollar bilim yurtiga koʼchirib, soʼng opasi Mahbuba Dadamuhammedovaning izidan borib, Moskvadagi Oʼzbek maorif institutiga oʼqishga kiradi. U yerda mashhur shoir Choʼlpon, Botu, Shokir Sulaymonlardan sheʼriyat sirlarini oʼrganadi. Shokirjon Rahimiy, Qayum Ramazon, Аbdulhay Tojievlar suhbatidan bahramand boʼladi. Matluba, ayniqsa, oʼzbek talabalarining maʼrifiy kechalarida Choʼlponning vatanparvarlik mavzusidagi otashin sheʼrlarini oʼqib, oʼzi ham shu mavzuda sheʼrlar yozadi. Uning bu shuhrati shoʼro mamlakati chegaralaridan chiqib, Yevropa matbuotigacha borib yetadi. Va bu «mashhurlik» tufayli Moskvada «Komsomolьskaya pravda» gazetasida unga qarshi maxsus maqola chop etiladi va natijada u oʼqishdan haydaladi. Koʼp oʼtmay Matluba ariza yozib, oʼziga qoʼyilgan ayblarning tuhmat ekanligini isbotlab, oʼqishiga tiklanadi. Bunga bir tomondan Oʼzbekiston hukumatining aralashuvi, ikkinchi tomondan, Matlubaning Italiya elchixonasiga fuqarolik soʼrab murojaat etishi ham sabab boʼlgan.
Oʼshanda hukumat Oʼzbek maorif institutini yopib, goʼyo muammoga yechim topgan edi. Аmmo Matlubaxon Toshkentga qaytmasdan, Moskvadagi musiqa texnikumiga kirib, oʼqishini davom ettiradi. 1929-yili Leningrad arxitektura instituti talabasi Vosiq Muhammedov bilan tanishadi. 1933-yili Toshkentga kelgan Vosiq Muhammedov Matlubaga uylanadi. Vosiq Muhammedov (1905-1938) oʼz vaqtida Munavvarqorining «Namuna» maktabi iftixori, Fitratning «Chigʼatoy gurungi» ishtirokchisi, «Koʼmak» uyushmasining faollaridan edi. U oʼz zamonasining tengsiz yigitlaridan boʼlgan. Аmmo Vosiq Muhammedov va goʼzal Matlubaxonning eng shirin damlariga ham Stalin boshliq totalitar tuzum oʼzining jirkanch panjasini soldi. 1937-yilning 17 dekabrь kuni qamoqqa olingan Vosiq Muhammedov 1938-yilning 5 oktyabrida otib tashlanadi. Shundan keyin – 1938-yil 17 yanvarь kuni Toshkent tibbiyot institutining 3-bosqich talabasi Matluba Muhammedova ham qamoqqa olinadi. 19 yanvarь kungi ilk soʼroqda u turmush oʼrtogʼining davlat va xalq oldida hech qanday aybi yoʼqligini bayon qiladi. 1938-yilning 21 fevralida oʼtgan ikkinchi soʼroqda esa opasi Mahbuba va uning turmush oʼrtogʼi, Germaniyada tahsil olib qaytgan kimyogar olim Sattor Jabborning ham aybsizligini isbotlamoqchi boʼladi. Biroq qator isbotlarga qaramay, 1938-yilning 17 may kuni Toshkent viloyat sudi tomonidan Matluba Muhammedova 10 yillik qamoq jazosiga hukm etiladi. U bu nohaq jazoni sovuq Sibirning Usolьskiy lagerida oʼtaydi. 1940-yilning 26 fevralida Matluba Muhammedovaning arizasi qayta koʼrilib, u oqlanadi. Vatanga qaytib, Tibbiyot institutini tugatadi. 1937-yilda esa arxitektura institutida talabalik chogʼida qamalib ketgan ukasi Fatxulla urushdan soʼng Vorkutadagi qamoqxonadan ogʼir ahvolda qaytadi. Matluba ukasi uchun Namanganga borib yashab, uni davolaydi. Faqat Stalin vafotidan soʼnggina ular Toshkentga qaytib keladilar. Matluba Muhammedova koʼp yillar xalq salomatligi yoʼlida halol mehnat qilib, el-yurt hurmatiga sazovor boʼldi. Bir paytlar Vatan ishqida, istiqlol orzusida otashin sheʼrlar bitgan Matluba Muhammedova Oʼzbekistonning mustaqillikka erishganini oʼz koʼzlari bilan koʼrdi. Jiyanlarining xotirlashicha, u millat hurligi, mamlakat mustaqilligi eʼlon qilingan kunlarda cheksiz quvonch yoshlarini toʼkkan ekan.
(davomi kelgusi sonlarda)
Bahrom Irzayev,
Qatagʼon qurbonlari xotirasi davlat muzeyi katta ilmiy xodimi, tarixchi olim