Yangi yilda Parlament xalq uyiga aylanadimi?!


245     03.01.2025

Yangi O‘zbekiston tarixida demokratik taraqqiyotning yorqin ifodasi sifatida iz qoldirgan parlament saylovlari yakunlanganiga ham ikki oycha bo‘ldi.

Garchi ushbu saylov «Milliy tiklanish» demokratik partiyasi uchun kutilmagan natija bilan yakun topgan bo‘lsada, partiya Oliy Majlis Qonunchilik palatasida 29 ta o‘rinni egallab, parlamentdagi ikkinchi yirik partiya sifatidagi maqomini saqlab qoldi.

-Biz parlamentdagi ikkinchi siyosiy partiya masʼuliyatini qadrlaymiz. Maqsadimiz ham o‘zgarmaydi: O‘zbekistonning qudratli, xalqimiz hayotining farovon bo‘lishi uchun qadriyatlarimizga tayangan taraqqiyot yo‘lida davom etaveramiz, - degandi o‘shanda Alisher Qodirov.

Albatta, saylovlarda qaysidir partiya ko‘proq, qaysidiri kamroq o‘ringa ega bo‘lishi tabiiy.

Lekin tan olaylik, yangi parlamentga jamiyat tomonidan juda katta masʼuliyat yuklatilmoqda. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev taʼkidlaganidek, «Yangi O‘zbekiston yangi parlament bilan birga o‘z taraqqiyotining hal qiluvchi bosqichiga qadam qo‘yayotir. Bu yangi davrda kechagi talab va mezonlar bilan, eskicha ishlab bo‘lmaydi...»

Haqiqatan ham keyingi yillarda xalqimizning siyosiy tafakkuri, madaniyati tubdan o‘zgardi. Siyosiy partiyalarning jamiyat hayotidagi roli va ishtiroki ham shunga yarasha kuchaymoqda.

Taʼkidlash lozim, bugun qaysi soha yoki tizimni tahlil etmaylik, pirovard maqsad milliy iqtisodiyotni rivojlantirish, mahalliy tadbirkorlarga keng imkoniyatlar yaratish, aholi, ayniqsa, yoshlarni ish bilan taʼminlash, kambag‘allikni qisqartirish orqali xalqimiz farovonligini oshirish, boshqacha aytganda xalqni rozi qilishga qaratilayotir.

Maʼlumki, Oliy Majlis Qonunchilik palatasining birinchi majlisida Davlat rahbari o‘tgan besh yilda quyi palataning samarali faoliyati bilan birga, ayrim dolzarb masalalar eʼtibordan chetda qolayotganiga urg‘u berib, qonunlar sifati, parlament nazorati masalalari, deputatlarning saylov okruglaridagi faoliyati asosan uchrashuvlar, shikoyat va savollarga javob berish bilan cheklanib qolayotganini taʼkidlagan edi.

Shu bois, millat yetakchisi yangi saylangan deputatlar yangi davrda parlamentni chinakam xalq uyiga, uning quyi palatasini esa g‘oyalar generatoriga, sog‘lom raqobat, bahs va munozaralar maydoniga aylantirishlari kerakligini ko‘rsatib o‘tgandilar.

Bu jarayonda esa kambag‘allik darajasiga tushib qolgan fuqarolar ongini o‘zgartirish, ularda ertangi kunga ishonch va kelajakka intilishni qo‘llab-quvvatlaydigan siyosiy kuch, eng avvalo, deputatlar bo‘lishi zarur. Agar yangi saylangan deputatlar o‘z okruglarida mana shu ishlarni amalga oshirsalar, ular xalq ishonchini oqlashga va xalq hurmatini qozonishga erishadilar.

Prezident deputatlarni o‘z okruglaridagi tuman va shahar darajasida so‘rov va talabni kuchaytirishga chaqirarkan, qonun ijodkorligi jarayoni, avvalo, jamiyatimizdagi dolzarb muammolar yechimiga, xalqimizning og‘irini yengil qilishga qaratilishi, buning uchun odamlar manfaatlariga mos qonunlar ishlab chiqilishi, bu jarayonda Parlament va jamoatchilik nazoratini kuchaytirish lozimligini ham taʼkidlagandi.

«Partiyalarimiz o‘z siyosiy maqsad va dasturlarini ilgari surish, ijrosini taʼminlash bilan faqat saylovlar arafasida emas, balki muntazam shug‘ullanishi zarur.

Shuning uchun fraksiya rahbarlari o‘z faoliyatini tanqidiy ko‘rib chiqib, uni tubdan jonlantirishlari, odamlarni qiynayotgan hayotiy muammolarni parlament muhokamalariga dadil olib chiqishlari zarur. Buning uchun ular xalq ichiga chuqur kirib borishlari, elektorat bilan muloqotni kuchaytirib, saylovoldi kampaniyasida berilgan vaʼdalarni amalga oshirish uchun chin dildan harakat qilishlari talab etiladi», - degan edi Davlat rahbari Qonunchilik palatasining birinchi majlisidagi nutqida.

Xo‘sh, «Milliy tiklanish» demokratik partiyasining yangi tarkibi Prezident tomonidan qo‘yilgan talablar ijrosini qanday amalga oshirmoqchi? Deputatlarimiz saylovchilar va elektorat ishonchini oqlay oladimi?

Albatta, bu savolga javob qaytarishga hali erta. Lekin qonunchilik palatasidagi deputatlarimizning sifat tarkibiga qarasak, qo‘yilgan vazifalar ijrosini taʼmin-lash uchun deputatlik korpusi yetarlicha imkoniyatlarga ega ekani ko‘rinadi.

Qayd etilishicha, quyi palatadagi 29 nafar deputatimizning barchasi oliy maʼlumotli bo‘lib, ularning 37,9 foizini iqtisodchilar, 27,6 foizini huquqshunoslar, 17,2 foizini pedagoglar, 17,3 fozini boshqa soha vakillari tashkil etadi.

Shu o‘rinda ayollar ulushi qariyb 30 foizga yetganini taʼkidlash joiz. Ilmiy daraja va ilmiy unvonga ega bo‘lgan deputatlar ulushi 34,5 foiz, davlat mukofotiga sazovor bo‘lganlari esa 31 foizdir.

Fraksiyaning o‘tgan ikki oylik faoliyati tahlili ham deputatlarimiz salohiyatidan darak beryapti.

To‘g‘ri, ikkinchi yoki uchinchi bor «Xalq uyi» vakili maqomiga ega bo‘lgan deputatlarning yalpi majlis yoki fraksiya yig‘ilishlaridagi faolligi tabiiy. Zero, ularda tajriba ham, malaka ham yetarli.

Lekin shu kunlarda yangitdan saylangan Azamat Pardayev, Bahodir Mamatxonov, Shahnoza Joldasova, Vasila Fayziyeva va Zuxra Mirgaziyeva, Dilnoza Azizova kabi deputatlarimiz tesha tegmagan, hatto kutilmagan masalalarni ko‘tarayotgani, yaʼni millat manfaatiga xizmat qiladigan, partiyamiz g‘oyalariga hamohang bo‘lgan qonunlarning qabul qilinishida taklif va tashabbuslari bilan faol ishtirok etayotganlari quvonarli hol, albatta. Hatto kezi kelganda ana shunday “yangi”lar o‘zlarining jiddiy eʼtirozlari bilan qonun tashabbuskorlarini ham noqulay holatlarga tushirib qo‘yishyapti. Buning isbotini ikkita qonun loyihasi aynan «Milliy tiklanish» deputatlari “aybi” bilan yalpi majlis kun tartibiga kiritilmaganida ham ko‘rish mumkin.

Xullas, partiyalar o‘rtasidagi raqobat bugun tom maʼnoda Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga ko‘chdi. Bunga quyi palata majlislarini ijtimoiy tarmoqlar orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri kuzatayotgan saylovchilar ham guvoh bo‘lyapti.

Taʼkidlash lozim, saylovlar mahalliy Kengashlar faoliyatida ham yangi davrni boshlab berdi. Aytish mumkinki, yangi saylangan mahalliy Kengashlar deputatlari tarkibi va maqomiga ko‘ra, ular oldingi holatdan mutlaqo farq qiladilar. Shu o‘rinda ushbu tarkib qariyb 60 foizga yangilanib, 3 mingdan ortiq yurtdoshlarimiz ilk bor deputatlik maqomiga ega bo‘lganini qayd etish joiz. Ayol deputatlar ulushi 32 foizga yetgan bo‘lsa, 30 yoshgacha bo‘lgan deputatlar soni 3,5 karra oshib, 266 nafarni tashkil qildi.

Yodingizda bo‘lsa, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlisi Senatining birinchi majlisida mahalliy kengash deputatlari faoliyatiga to‘xtalib, keyingi yillarda ularning maqomi yanada mustahkamlanib, ko‘plab vakolatlar berilganini taʼkidlagandilar.

Jumladan, endi xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlariga hokimlar emas, balki deputatlar orasidan saylangan Kengash raislari boshchilik qiladi va bu bilan xalqimizning 30 yillik orzusi ro‘yobga chiqdi deyish mumkin. 2026-yildan boshlab esa tuman va shahar Kengashlariga ham hokimlar raislik qilmaydigan bo‘lishadi.

Shu o‘rinda, ushbu tashabbus partiyamizning 2020-2024 yillarga mo‘ljallangan Saylovoldi dasturida ilgari surilganini taʼkidlash lozim.

Yana bir yangilik: yangi yildan hokimlarning 33 ta vakolati Kengashlarga olib berilgan bo‘lsa, yana 17 ta vakolatni o‘tkazish reja qilinyapti. Misol uchun, ichimlik suvi tarifiga ustama, davlat obʼyektlari va bozorlarda ijara to‘lovlari kabi jami 7 turdagi mahalliy yig‘imlar miqdorini tasdiqlash vakolatini ham mahalliy Kengashlarga o‘tkazish ko‘zda tutilgan. Shu bilan birga Kengash so‘rovi va Kengash tekshiruvi kabi yangi mexanizmlar orqali hududiy ijro organlari faoliyati ustidan nazorat kuchaytiriladi. Ushbu chora-tadbirlar mamlakatimizda davlat boshqaruvini quyi bo‘g‘inga tushirish, ularni aholiga yaqinlashtirish jarayonlari ortga qaytmas tarzda tus olganidan dalolat beradi, albatta.

Endigi vazifa esa, shubhasiz, xalqimizning deputatlardan bu dasturlardagi vazifalar ijrosi bo‘yicha deputatlik va Kengash nazora-tini amalga oshirishda faol, tashabbuskor bo‘lishlarini talab qilishdir.

Bir qarashda unchalar muhim bo‘lmagan quyidagi misollarga eʼtibor qaratsak: so‘nggi besh yilda yo‘l qurilishi sohasiga 48 trillion so‘m mablag‘ ajratilgan bo‘lsada, yo‘llarning 32 foizi yoki 66 ming kilometri hanuz taʼmirtalab ahvolda. Ichimlik suvi va kanalizatsiya tizimiga esa 23 trillion so‘m mablag‘ yo‘naltirilgan. Lekin 747 ta mahalladagi qariyb 8 million aholi hali ham markazlashgan tarmoqqa ulanmagan. Markazlashgan isitish qozonlarining 8 foizi hamda issiqlik tarmoqlarining 14 foizi yaroqsiz ahvolda.

Shahar va shaharchalarning 826 tasi yoki 70 foizi, qishloq aholi punktlarining esa 5 ming 859 tasida yoki 78 foizida bosh reja yo‘q. Oqibatda kundan-kunga joylarda pala-partish va noqonuniy qurilishlar ko‘payib bormoqda. O‘tgan yili ro‘yxatdan o‘tkazilmasdan turib, qurilishi boshlangan 1 ming 600 ta obyekt aniqlangan bo‘lsa, joriy yilning olti oyida bu ko‘rsatkich 1 ming 900 tadan oshgan. Bu esa mahalliy Kengashlarning vazirlik va idoralarning quyi bo‘g‘inlari, ayniqsa, tuman va shahar bo‘linmalari bilan yangicha yondashuv asosida ishlashlarini taqozo etadi.

Maʼlumki, budjet munosabatlari sohasida ham mahalliy Kengashlar juda katta vakolatlarga ega. 2025-yilda yer, mol-mulk va aylanma soliqlarini to‘liq, daromad solig‘ining esa kamida 50 foizini tuman va shaharlarning o‘zida qoldirish bo‘yicha qaror qabul qilinishi kutilayotganini eʼtiborga olsak, mahalliy Kengashlarning nazorat sohasidagi roli yanada kuchayishi anglashiladi.

Joriy saylovlarda mahalliy Kengashlarga «Milliy tiklanish»dan 1024 nafar deputat saylangan bo‘lib, ular ham davlat rahbari tomonidan qo‘yilgan talablar va, albatta, partiyaning g‘oya hamda maqsadlari hayotiyligini taʼminlashda faol bo‘lishiga shubha yo‘q. Chunki deputatlikka nomzodlarni saralashda partiya g‘oyalariga sadoqat, uning g‘oyalarini anglash darajasi va ularni ro‘yobga chiqarish uchun imkoniyatlariga birlamchi baho berilgan.

Albatta, boshlangan yangi - 2025 yil partiyamiz uchun ham, deputatlarimiz uchun ham sinov, ham eng masʼuliyatli yil bo‘ladi.

Partiyamiz o‘tgan yillardagi faoliyati, bajarilmagan vazifalar, yo‘l qo‘yilgan xato va kamchiliklarni tahlil qilishi, saylov natijalaridan xulosa chiqarishi, 2025-2029 yillarga mo‘ljallangan Saylovoldi dasturida belgilangan g‘oya va maqsadlar ijrosini taʼminlab, navbatdagi saylovlarga tayyorgarlikni yanada kuchaytirishi lozim. Deputatlarimiz esa saylovchilarning ishonchini birinchi yiliyoq oqlashi zarur bo‘ladi.

Zero, Davlatimiz rahbari taʼkidlaganlaridek: «Deputat - bu xalq xizmatchisi, barchaga o‘rnak bo‘ladigan, siyosiy bilimi va ongi yuksak, o‘z Vatanini chin dildan sevadigan insondir».

Ravshan MAHMUDOV,

«Milliy tiklanish» muxbiri

"Milliy tiklanish" gazetasining 2025-yil 1-yanvar sonidan olindi