245 04.01.2025
Har qanday davr millat va mamlakat rivoji asosan ziyoli hamda isteʼdodli shaxslarga bog‘liq ekanini ko‘rsatgan. Bunday qatlamning shakllanishida esa tarbiya va taʼlim birlamchi bo‘lgan... «Milliy tiklanish»ning saylovoldi dasturida ham «Barkamol avlod salohiyatini ro‘yobga chiqarish» ustuvor yo‘nalish sifatida belgilanib, maʼnaviy tarbiya va sifatli taʼlimga asosiy eʼtibor qaratilgan. Jumladan, «tarbiya va taʼlim o‘zaro mutanosib va bir-birini to‘ldirishi, o‘z navbatida taʼlim jarayonida esa tarbiya, tarbiya jarayonida taʼlim o‘zini namoyon etishi va o‘zaro uyg‘un hamda uzluksiz asosda tashkil etilishi lozim»ligi taʼkidlangan.
Sobiq ittifoq davrida shakllangan va bugungacha ham istilohda qo‘llanilayotgan «taʼlim va tarbiya» jumlasi partiya qarashlarida «tarbiya va taʼlim» shaklida qo‘llanilib, asl qadriyatlarimizga mos o‘zanda ifoda etila boshlangani bejiz emas. Bilamizki, Forobiy bobomiz tarbiyasiz taʼlim insoniyat uchun eng dahshatli xavf, deya ogohlikka daʼvat etgan edilar.
Maʼrifatparvar jadid bobomiz Avloniy esa ushbu masalaga yana-da keskinroq tus bergandilar: «Tarbiya biz uchun yo hayot - yo mamot, ...», boshqa bir o‘rinda esa:
Tug‘ib tashlash bilan bo‘lmas bola, bo‘lgay balo sizga,
Vujudi tarbiyat topsa, bo‘lur ul rahnamo sizga,
Temirchining bolasi tarbiyat topsa, bo‘lur olim,
Buzilsa xulqi, Luqmon o‘g‘li bo‘lsa, bo‘lg‘usi zolim, - deb yozgandilar.
Ha, chindan ham donishmandlar «tarbiyani daraxtga, taʼlimni esa, uning mevasiga» qiyoslashgan.
Bu borada Arastu: «Tarbiya bu - yerni urug‘ sepishga tayyorlagandek, aqlni ham taʼlim olishga hozirlashdir», degan edi.
Ajdodlarimiz tajribasi shuki, hech qaysi fan tarbiyadan ayri holda o‘rgatilmagan. Agar, eʼtiborsiz bo‘linsa, olingan bilim guyoki maʼlumotlar saqlanadigan qutichaday yoki jamiyat uchun kerakli mutaxassis-u, biroq o‘rnak bo‘ladigan namunali shaxsga aylanmaydi. Yaʼni, taʼlimning o‘zi shaxsni namunali va yetuk bo‘lishini kafolatlamaydi. Voqelikdan kelib chiqib ayta olamizki, inson tarbiyasiz bo‘lsa, o‘zi ega bo‘lgan bilimdan ezgulik yo‘lida emas, balki yovuzlik va jinoyat yo‘lida foydalanish ehtimoli paydo bo‘ladi. Bu esa, qadriyatlarimizga ziddir.
Baski, jamiyatdagi muammolarning ildizi tarbiya va taʼlimga borib taqalar ekan, ularga yechim topishda dadillik bilan qadam
tashlash, kechiktirib bo‘lmas vazifadir. Bu jarayonlar, albatta maktabgacha taʼlimdan boshlanib, oliy taʼlimgacha bo‘lgan jarayonlarni qamrab olishi kerak. Bu borada, «Milliy tiklanish» maktabgacha jarayonlarda 90/10, maktab taʼlimida esa 10/90 tartibida tarbiya va taʼlim uzviyligini taklif qilmoqda. Tarbiya bolalikdan, oiladan, so‘ngra bog‘chadan to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilishi shart. Bolaning birinchi murabbiyi, shubhasiz uning ota-onasi. Ular bolaga tarbiyada namuna va o‘rnak bo‘lishlari shart. Bola so‘zsiz ularga taqlid qiladi. Taʼlim jarayonlari boshlangach, unga qo‘shib axloqning nazariy jihatlarini ham ota-ona va ham ustoz-murabbiylar o‘rgatadi. Bu tizimni «Milliy tiklanish» - «oila - bog‘cha -maktab» shaklida ishlab chiqib, o‘z taklif va tashabbuslarini ilgari surmoqda.
Agar, qadriyatlarga mos axloqni bolalarimiz qalbi va ong ostiga muhrlay olsak, har qanday holatda ham farzandlarimizni boshqarib tura oladigan ichki ruhiy kuch bilan tarbiyalagan bo‘lamiz. Bu kuch ularni nafaqat yomon illatlardan uzoq tutadi, balki ularni ezgulikka yo‘naltiradi. Biz bolalarimizni ana shu saviyagacha tarbiyalashimiz kerak. Aslida, har bir ota-ona va pedagogning orzusi ham shu. Tarbiyaning mohiyati, uning buyuk siri va kuchi shuki, unga doimiy nazorat, surishtiruv, kuzatuv talab qilinmaydi. Ularsiz ham unib-o‘sishga, atrofdagilarga namuna bo‘lishga chorlaydigan doimiy hamrohi - ichki kuchi bor va bu uning tarbiyasi bo‘ladi.
Oddiy bir misol: bugun biz maktab hududida farzandlarimizga telefonlardan foydalanishni man qilishga to‘liq erishdik, ham deylik. Biroq, bu bilan bolalarimizni axloqsiz yoki zo‘ravonlikni targ‘ib qiladigan saytlardan to‘liq himoya qila olamizmi?! Albatta, yo‘q.
Qachonki, ular oila, maktabdan uzoqlashganda yoki yolg‘iz qolganda ham nazorat qiladigan va yo‘naltiradigan kuchni ularga hamroh qilsakkina biz orzu qilgan natijaga erishamiz. Aks holda, jamiyat ichida odobli ko‘rinib, ular kuzatuvidan uzoqlashganda turli taʼsirlarga tushib, «arqon bog‘lab» sudrashimizga to‘g‘ri keladi.
Inson - barcha yaxshiliklar va yomonliklarning muallifi ekan, yaxshi insonning ko‘p bo‘lishi jamiyatda adolatni va mamlakatda taraqqiyotni ham kafolatlaydi. Insonning ertaga qanday bo‘lishi, uning bugun ko‘rgan tarbiyasiga bog‘liq. Komillik tarbiya va taʼlim bilan hosil bo‘ladi. Tarbiya ko‘rgan farzand o‘zi tanlagan sohasining mutaxassisi bo‘ladi. Uning tarbiyasi o‘z ustida doimo izlanishga, jamiyatga ezgu amal va yaxshiliklar ulashishga undab turadi.
Demak, millat taraqqiyoti uchun hayot-mamot masalasiga aylangan tarbiya va taʼlim doimiy islohotga muhtoj. Va, aynan shu ehtiyojdan kelib chiqib, birinchi navbatda “Tarbiya” darsligini jiddiy takomillashtirish zarurati bor. Va, bunda qadriyatlarimizga asoslangan tarbiyaning barcha jihatlari qamrab olinib, salomlashishdan tortib, kiyinish, so‘zlashish, jamoat joyida o‘zini tutish va hokazolargacha birma-bir tizimli ravishda yosh avlodning ongostiga muhrlanishicha erishish lozim.
Abdumannon KARIMOV,
Toshkent viloyati Kengashi raisi o‘rinbosari
“Milliy tiklanish” gazetasining 2025-yil 1-yanvar sonidan olindi