258 04.01.2025
Ko‘pincha imkoniyati cheklangan yurtdoshlarimizning ko‘cha-ko‘yda yoki transport vositalarida yoki sayohatga chiqqanlarida talay muammolarga duch kelayotganlarini ko‘ramiz... Inklyuziv turizm haqida gap ketganda, xo‘sh, bu nima o‘zi, nega butun dunyoda bu boradagi muammolar tez-tez kun tartibiga chiqadigan bo‘lib qoldi degan savollar paydo bo‘laveradi. Maʼlumotlarga ko‘ra, inklyuziv turizm keng qamrovli tushuncha bo‘lib, to‘siqsiz turizm, universal, qulay, nogironlar turizmi, ommabop, ijtimoiy yoki moslashtirilgan turizm kabi yo‘nalishlarni o‘z ichiga oladi. Afsuski, haligacha ushbu yo‘nalishning xalqaro miqyosda tasdiqlangan yagona taʼrifi yo‘q. Chunki keyingi o‘n yillikda ushbu konsepsiya juda sekin rivojlandi. Ammo tan olaylik: bu borada olib borilayotgan ishlarga qaramay, dunyoda inklyuziv turizmga oid murojaatlar hajmi ortdi. Bu esa nogironligi bor, degani sayohat qilish imkoniyatidan mahrum degani emasligini anglatadi!
Taʼkidlanishicha, hozirda asosiy eʼtibor inklyuziv turizmga qaratilishi yuzasidan olib borilayotgan izlanishlar turizmning mazkur yo‘nalishi kelajak yo‘nalishi bo‘lib qolishidan darak beryapti. Demak, jismoniy imkoniyati farqliligidan qatʼiy nazar hamma uchun qulay bo‘lgan turistik xizmatlar ko‘rsatish inklyuziv turizmning mazmun-mohiyatini anglatgani holda, turizmning ushbu shakliga aloqador taʼriflarning barchasi turizm to‘siqlarini bartaraf etishni nazarda tutadi.
Chindan ham imkoniyati cheklangan yurtdoshlarimiz har qancha xohlamasinlar, hali mahalliy sayohat uchun bizdagi sharoitlar yetarli emas. Birgina shahar ko‘chalarini olaylik: hamma joylar ham sifatli, qulay va to‘siqsizmi? Biron bir turistik majmuani qurish asnosida aynan inklyuziv turizm uchun pandusdan tortib, brayl yozuvlarigacha bo‘lgan detallar mavjud bo‘lishi shartligi haqida qaysi biznesmen yoki qurilish kompaniyasi o‘ylab ko‘ryapti?
Bilamizki, «Inklyuziv turizm» atamasi turli daraja va qamrovdagi turizm segmentni o‘z ichiga olishiga ko‘ra, ko‘plab manbalar va adabiyotlarda har xil nomlanadi. Garchi bugun ushbu konsepsiya chegarasi aniqlashayotganiga qaramay, bu masala bo‘yicha har bir mutaxassis o‘z taʼrifiga ega. Ammo, tan olish kerak: barcha manfaatdor shaxslarni qoniqtiradigan taʼrif bo‘yicha xalqaro konsensus haligacha yo‘q. Masalan, «Turizm hamma uchun (tourism for all) termini tez-tez turli yo‘nalishlarda: baʼzan ijtimoiy siyosatda past daromadli aholi guruhi dam olishi uchun yengilliklar yaratish, baʼzida esa imkoniyati cheklangan insonlarning turistik ehtiyojlarini inobatga olish maʼnosida qo‘llaniladi. Shuningdek, uni nogironlar hamda past daromadlilar uchun maxsus xizmatlar taklif etiluvchi turizm deb ham atashdi. Zero, to‘siqsiz turizm - bu faoliyat turi, biznes bo‘lib, harakatlanishi cheklangan insonlar uchun ommabop va tashkillashtirilgan turmahsulot, axborot, alohida turistik xizmatlardir. To‘siqlarning esa uch turi mavjud: «Atrof-muhit to‘sig‘i», «Munosabatlar to‘sig‘i», «Institutsional to‘siq», shuningdek, bunda jismoniy, psixologik, madaniy va ijtimoiy to‘siqlar ham bor.
Ko‘plab manbalarni o‘rganish asnosida esa quyidagi xulosalarga kelish mumkin: hozircha inklyuziv turizm termini xalqaro darajada umumeʼtirofga ega emas. Shu bilan birga inklyuziv turizmning muqobil variantlari sifatida ishlatiluvchi hamda unga o‘xshash yoki shunga yaqin terminlar ham yagona rasmiy termin sifatida qabul qilinmagan. Bu borada olib borilgan tadqiqot va ilmiy izlanishlar davomida inklyuziv turizm termini xalqaro darajada ko‘proq hamda kengroq maʼnoda qo‘llanilayotganini ham qayd etish joiz. Darvoqe, inklyuziv turizm haqida o‘zbek tilidagi ilmiy manbalar juda kamligi ushbu maqolani yozish asnosida ham yaqqol ko‘zga tashlanib qoldi. Buni esa inklyuziv turizmni rivojlantirish yo‘lidagi yana bir to‘siq deb atash mumkin. Fikrimizcha, o‘zbek olimlari tezda in-klyuziv turizm yo‘nalishida terminologik aniqlikni ishlab chiqish maqsadida iz-lanishlar olib borishlari va tadiqotlar o‘tkazish uchun turizmga aloqador masʼul idoralar bilan mahalliy yo‘naltiruvchi vazifasini bajarishga kirishishlari kerak. Shu bilan birga soha mutasaddilari ilmiy adabiyotlarda inklyuziv turizm terminini kengroq yoritish va unga o‘xshash va boshqa yaqin terminlarni inklyuziv turizmning (faqatgina o‘zbek tili nazarda tutilmagan) tarkibiy qismi yoki yo‘nalishlari sifatida qaytadan ishlab chiqsalar, foydadan holi bo‘lmasdi.
O‘ylaymizki, soha mutasaddilarining munosabatlari bu boradagi millionlab yurtdoshlarimizni befarq qoldirmaydi.
Demak, kutamiz...
Mahbuba KARIMOVA,
“Milliy tiklanish” muxbiri
“Milliy tiklanish” gazetasining 2025-yil 1-yanvar sonidan olindi