422 10.01.2025
Millat manfaati va xalqimiz farovonligining asosiy hujjati – yil dasturi loyihasi e’lon qilindi. “O‘zbekiston — 2030” strategiyasining “Atrof-muhitni asrash va “yashil” iqtisodiyot yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi loyihasida belgilangan vazifalar ko‘lami, shubhasiz, odamlarni rozi qilish orqali yurtdoshlarimizning farovonligini ta’minlashga qaratilgan Yangi O‘zbekiston islohotlarining navbatdagi bosqichga ko‘tarilayotganidan dalolat beradi.
Shuningdek, 2030-yilgacha yalpi ichki mahsulotning yillik o‘sishini kamida 6 foiz, hajmini 200 milliard dollarga yetkazish, inflyatsiyani 5 foiz, budjet taqchilligini yalpi ichki mahsulotga nisbatan 3 foiz darajasida saqlash, kambag‘allikni qisqartirish va aholi farovonligini oshirish kabi zalvorli vazifalar ushbu muhim hujjat qabul qilingach, uning ijrosi qat’iy nazorat qilinishi lozimligini ham ko‘rsatadi.
Ayniqsa, dasturning “Har yarim yilda Davlat dasturi ijrosi yuzasidan hisobotlarni Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga kiritib borish”, “O‘zbekiston - 2030” strategiyasini 2025-yilda amalga oshirish natijalarining ommaviy axborot vositalari, shu jumladan, internet va ijtimoiy tarmoqlarda keng sharhlab borilishi hamda uning mazmun-mohiyatini jamoatchilikka tushuntirishga oid bandlar har bir fuqaroning ijro jarayonlaridan xabardorligini ta’minlaydi. Asosiysi, bu jarayon parlament quyi palatasi deputatlari zimmasidagi mas’uliyatni o‘n karraga oshiradi.
Yangi O‘zbekiston islohotlari natijadorligiga xizmat qiladigan ushbu dastur mohiyatida odamlarga qulay sharoitlar yaratish bugungi yangilanish va o‘zgarishlarning bosh talabi degan qarash yanada kuchaytirilgan.
Davlat dasturi loyihasi nafaqat O‘zbekiston, balki butun dunyo afkor ommasini tashvishga solayotgan iqlim o‘zgarishlarining salbiy oqibatlarini kamaytirish, shuningdek, atrof-muhit sofligini asrash, aholi sog‘lig‘ini mustahkamlashga xizmat qiladigan vazifalarning salmog‘i bilan ham ahamiyatlidir.
“Yashil” energetika milliy iqtisodiyotimiz drayveriga aylanganidan kelib chiqib, bu yo‘nalishda ham kechiktirib bo‘lmaydigan muhim vazifalar belgilandiki, bu xalqimizning o‘zoq yillardan beri qiynab kelayotgan mummolariga yechim bo‘ladi, albatta.
Shu o‘rinda, “O‘zbekiston — 2030” strategiyasining “Atrof-muhitni asrash va “yashil” iqtisodiyot yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risidagi Prezident Farmoni loyihasida belgilangan vazifalar “Milliy tiklanish”ning 2025-2029-yillarga mo‘ljallangan Saylovoldi dasturidagi aksariyat g‘oya va maqsadlar bilan hamohang ekanini va bu partiyamizning barcha bo‘g‘inlardagi deputatlari zimmasiga mas’uliyat yuklashini ta’kidlamoqchiman.
Bugun hayotimiz ma’no-mazmuniga aylanayotgan Uchinchi Renessans poydevorini barpo etishdek ezgu maqsad, shubhasiz, barchamizni amalda birlashtirishi, asosiy e’tiborni global masalalarga qaratish lozimligini ko‘rsatmoqda. Bu yo‘lda esa, ayniqsa, tarbiya va ta’lim, til va milliy qadriyatlarimizga oid qarashlarimiz o‘zgarishi kerakligini har qadamda sezib turibmiz.
Dasturning birinchi yo‘nalishi – “Har bir insonga o‘z salohiyatini ro‘yobga chiqarishi uchun munosib sharoitlarni yaratish” deb nomlangani bejiz emas. Aynan ushbu yo‘nalishdagi vazifalar partiyamiz dasturidagi g‘oya va maqsadlar bilan hamohang bo‘lib, jumladan, har bir tumanda bosqichma-bosqichlik asosida inklyuziv ta’lim talablariga javob beradigan kamida bittadan umumta’lim maktabi faoliyatini yo‘lga qo‘yish yoki alohida ta’lim ehtiyojiga ega o‘quvchilar bilan ishlaydigan o‘qituvchilarga maxsus sertifikatlar berish hamda 3,5 ming kambag‘al oila farzandlarini oliy ta’lim tashkilotlariga grant asosida qabul qilishdek muhim vazifalar ijrosini ta’minlash barobarida bu jarayonda faol ishtirok etish ham oldimizda turgan muhim vazifalardandir.
“Milliy tiklanish” demokratik partiyasi Davlat dasturi loyihasida belgilangan boshqa sohalar – mahalliy tadbirkorlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, milliy sayyohlikka keng yo‘l ochib, sohalar rivojiga to‘siq bo‘layotgan muammolarni samarali hal etishga doir takliflarini ham taqdim etib, dastur loyihasini takomillashtirishda faol ishtirok etadi.
Alisher QODIROV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi
“Milliy tiklanish” demokratik partiyasi
fraksiyasi rahbari