Milliy armiyamiz mardlik va jasorat maktabi


437     16.01.2025

Inson uchun eng aziz neʼmat tinchlik-osoyishtalik ekani, uning qadri nechog‘li baland va hech narsaga tenglashtirib bo‘lmasligi dunyoda turli xavf-xatarlar, qurolli to‘qnashuvlar kuchayib borayotgan bugungi murakkab va tahlikali vaziyatda, ayniqsa, yaqqol ko‘rinmoqda. Bunda, eng avvalo, yurtimizda tinchlik va barqarorlikni asrash hamda mustahkamlash, mamlakatimiz mudofaa va xavfsizlik salohiyatini oshirish eng muhim vazifalardan biri hisoblanadi.

Ana shunday yuksak va sharafli vazifani bajarish, albatta, harbiylarimizning fidoyiligi, sadoqati, matonatiga bog‘liq. Shu sababli harbiylar, tom maʼnoda, jasorat va matonat timsollaridir.

Prezident Shavkat Mirziyoyev kuni kecha O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 33 yilligi va Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan yo‘llagan bayram tabrigida ham bugungi kunda navqiron avlod o‘rtasida harbiy xizmatga qiziqish kuchayib, minglab yigit-qizlarimiz Vatan himoyasiga dadil bel bog‘layotgani barchamizni cheksiz quvontirishini, ana shunday o‘tyurak farzandlarimiz timsolida bo‘lg‘usi qahramonlarimiz, Qurolli Kuchlarimizning bo‘lajak ofitser va generallari, mohir qo‘mondonlarni ko‘rishimiz taʼkidlandiki, bu vatanparvar va mard yoshlarimizni yanada ruxlantirdi, desak, ayni haqiqat.

Davlat rahbarining tabrigida qayd etilganidek, keyingi yillarda Qurolli Kuchlarimiz mamlakatimiz mustaqilligi, chegaralarimiz daxlsizligi, xalqimizning tinch va osoyishta hayotini taʼminlashning chinakam kafolatiga aylanib bormoqda. Barcha qo‘shin turlari zamonaviy qurol-yarog‘ va texnika bilan taʼminlanyapti. Harbiy xizmatchilarning jangovar va maʼnaviy tayyorgarligi uzluksiz oshib bormoqda. Milliy armiyamiz yoshlarimiz uchun mardlik va shon-sharaf maktabiga aylanayotir.

Bugun Prezidentimiz tashabbusi bilan Qurolli Kuchlarimizni isloh etish va har tomonlama modernizatsiya qilish, ularni zamonaviy talablarga to‘liq javob beradigan, yangi O‘zbekistonning mustaqilligi va suvereniteti, xalqimiz xavfsizligi va farovonligini kafolatli taʼminlashga qodir yangi armiyaga aylantirish bo‘yicha tizimli chora-tadbirlar ko‘rilmoqda.

Bunda, eng avvalo, mudofaa va xavfsizlik sohasini qonun talablari asosida boshqarish sanʼatiga erishish amalga oshirilayotgan islohotlarimizning ustuvor vazifalaridan biri sifatida belgilangan. Jumladan, harbiy sohada mamlakatning milliy xavfsizligini taʼminlashga doir prinsip va yondashuvlarni o‘z ichiga qamrab olgan O‘zbekiston Respublikasining Mudofaa doktrinasi ishlab chiqilib, tasdiqlandi. Shuningdek, sohaga doir bir qator qonunlar qabul qilindi.

Bundan tashqari, keyingi yillarda qo‘shinlarning tezkor va jangovar tayyorgarligi samarasi va sifatini oshirish, harbiy xizmatchilarning malaka va ko‘nikmalarini yuksaltirish uchun zamonaviy sharoitlar yaratish maqsadida zarur infratuzilmaga ega bir qator o‘quv poligonlari barpo etildi. Sohaning moddiy-texnik bazasi yangilanib, harbiy xizmatchilarning kasbiy bilim va mahorati oshirilgan holda moddiy taʼminoti yangi darajaga ko‘tarildi.

Taʼkidlash joizki, Qurolli Kuchlarni rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlaridan biri, shubhasiz, harbiy taʼlimning sifatini oshirish hisoblanadi. Bu borada ko‘rilayotgan chora-tadbirlar doirasida Qurolli Kuchlari Akademiyasi tashkil etilib, unda yetakchi ilmiy va taʼlim muassasalarining tajribasi mujassamlashtirildi. Qurolli Kuchlar kichik mutaxassislarini tayyorlash markazi, Harbiy aviatsiya instituti, Axborot-kommunikasiya texnologiyalari va aloqa harbiy instituti, Qurolli Kuchlar Harbiy tibbiyot akademiyasi, Jamoat xavfsizligi universiteti va boshqa muassasalar malakali harbiy kadrlarni tayyorlashni sifat jihatdan yangi bosqichga olib chiqdi.

Bu yurtimiz mustaqilligi va xavfsizligining kafolati bo‘lgan, xalqimiz tinch hayotini taʼminlashga qodir milliy Qurolli Kuchlar shakllanganidan dalolat beradi.

Shu o‘rinda eʼtirof etish kerakki, xalqimiz o‘zining muqaddas qasamyodiga hamisha sodiq holda xizmat burchini sharaf bilan ado etayotgan zabardast farzandlari — bahodir va dovyurak o‘g‘lonlari bilan doim faxrlanadi. Ular bor ekan, yurtimiz tinch, osmonimiz musaffo, sarhadlarimiz mustahkam.

Kozim TOJIYEV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi
“Milliy tiklanish” demokratik partiyasi
fraksiyasi a‘zosi