Bosh vazir aralashuvidan keyin


494     17.01.2025

Mutaxassislar O‘zbekistonda 10457 ta qabriston borligini, ayni paytda ularni obod qilish, tozaligini saqlash, ziyoratchilar uchun zarur shart-sharoitlar yaratish borasida tizimli ishlar olib borilayotganini aytishmoqda...
 
Ammo yaqin-yaqingacha Farg‘ona tumanidagi “Gulpiyon” qishlog‘i aholisi avlod-ajdodlari yotgan manzilni na erkin ziyorat, na obod qila olmayotgan edi. Eng yomoni mayitlarni qabristonga qo‘yishda shunday muammo yuzaga kelardiki, o‘likdan battar yaqinlarining sarsongarchiligini so‘z bilan ta’riflab bo‘lmasdi.
 
Gap shundaki, 1943-yilda ochilgan “Gulpion” qabristoni Qirg‘iziston bilan chegara hududda joylashgan bo‘lib, mustaqillikning dastlabki yillarida ikki davlat chegaralarini mustahkamlash, turli noqonuniy tovarlar aylanishining oldini olish maqsadida sim to‘siqlar bilan o‘rab tashlangandi. O‘sha paytda mutasaddilar kalta o‘yladilarmi yoki aholi e’tirozi inobatga olinmadimi, “Gulpiyon” qishlog‘iga qarashli qabriston Qirg‘iziston tomonida qolib ketdi.
 
O‘shandan beri qishloq ahli ovvora. Biron ta’ziya bo‘lib qolgudek bo‘lsa, mayitni yerga qo‘yish uchun chegara qo‘shinlariga telefon qil, hokimiyatdan ruxsat ol, qo‘shni mamlakat mutasaddilarini ko‘ndir va hokazo... Tarixi, madaniyati, dini va qadriyatlarigacha bir bo‘lsada, ikki davlatning o‘sha paytda qo‘shnichilik munosabatlari anchayin taranglashib qolgani uchun bu muammoni hal qilish tugul, u haqda o‘ylab ham ko‘rilmas edi.
 
Keyingi yillarda esa do‘stona munosabatlar yana tiklandi. Ikki davlat rahbarlarining oqilona siyosati tufayli o‘zbek-qirg‘iz birodarligi yanada qalinlashdi. Xususan, chegara bilan bog‘liq har qanday nizoli masalalar ijobiy hal qilindi.
 
Bundan quvongan “gulpiyon”liklar ham 30 yillik muammoni hal qilish ilinjida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Jahongir Mamajonovga aynan qabriston masalasida murojaat qildilar. Ko‘p o‘tmay, deputat yetakchiligidagi guruh bu masalani joyiga chiqib o‘rgandi, hujjatlar bilan tanishdi va eng to‘g‘ri yo‘l sifatida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripovga “Deputatlik so‘rovi” yubordi.
 
To‘g‘ri, muammoning to‘la hal etilishiga kimdir ishondi, kimdir ishonmadi. Chunki, 30 yilda hal etilmagan masalaning ijobiy yechimiga ishonish qiyin edi. Zotan, bungacha necha idoralarga xatlar yozilmadi, kimlarga murojaat qilinmadi Ammo ko‘p o‘tmay “Gulpiyon”ga xushxabar keldi. Aholining xohish-istaklari asosida Bosh vazirga yo‘llangan so‘rov bilan muammo o‘z yechimini topadigan bo‘libdi... Qayd etilishicha, deputat so‘rovidan ikki haftacha o‘tib, chegara ortida qolib ketgan qarovsiz qishloq qabristoni O‘zbekistonga qaytarilibdi. Ikki davlatni ajratib turgan sim to‘siqlar qabristonning orqa tomonidan o‘tkazilibdi.
 
“Milliy tiklanish” demokratik partiyasidan parlament quyi palatasiga saylangan Jahongir Mamajonovning ta’kidlashicha, Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 15-fevraldagi “Muqaddas qadamjonlar, ziyoratgohlar, masjidlar va qabristonlarni obodonlashtirish ishlarini samarali tashkil etish to‘g‘risida”gi 120-sonli qarori ijrosi doirasida “Gulpion” qabristoni obodonlashtirilib, xayriya hashari o‘tkazilibdi. Qabriston hududiga kirish uchun alohida yo‘lak ochilib, unga darvoza o‘rnatilibdi. Eng asosiysi, ziyoratchilar uchun maxsus ayvon qurilib, kirish yo‘laklariga manzarali daraxtlar o‘tqazilibdi. Qabriston hududiga hatto suv va elektr simlarigacha tortilibdi...
 
Bugun “Gulpiyon”da ziyoratchilarning oxiri ko‘rinmaydi. Ana shu o‘zgarishga qarab turib, bobosiyu, buvisi, otasiyu, onasining qabrini ziyorat qila olmay sarson bo‘lganlar xayolingga kelaveradi va beixtiyor Yurtboshimizning xalqni rozi qilish eng katta baxt ekani haqidagi fikrlari yodingga tushadi.
 
Hamdam NIYOZOV tayyorladi.
“Milliy tiklanish” gazetasining 2025-yil 14-yanvar sonidan olindi