259 17.01.2025
110 yil avval ham darsliklar masalasi muammo bo‘lgan ekan. Bu muammoni hal etishga jon koyitib, o‘z bilim va mablag‘ini ayamagan ma'rifatparvarlardan biri Mahmudxo‘ja Behbudiy edi...
1915-yildan boshlab ayni shu mavzuda Rossiya, Turkiya va Turkiston matbuotida 300 ga yaqin maqola, 13 ta darslik, badiiy va tarjima asarlarini e’lon qilgan Behbudiy turkiston ziyolilari o‘rtasida birinchi bo‘lib Gaspirinskiyning til birligi g‘oyasini keng targ‘ib qiladi. Turli shaharlarda o‘ziga xos so‘rovnoma va tajriba o‘tkazib, matbuotda til birligi haqida salmoqli maqolalar chop etadi.
Manbalarda keltirilishicha, Behbudiy til birligi yuzasidan o‘tkazilgan sotsiologik tadqiqot davomida umuman gazeta o‘qimagan, boshqa turkiy xalqlar tilidan xabari yo‘q oddiy odamlarga turli gazetalarni o‘qib bergan. Shu asnoda gazetalarning «tili» yuzasidan aholi fikrlarini o‘rgangan. Yakunda esa turkistonliklar uchun Gasprinskiyning «Tarjimon» gazetasi, sibirlik, asli buxorolik tujjorning avlodidan bo‘lgan, XIX asrning oxiri va XX asrning boshlarida yashagan Abdurashid Ibrohimovning (Abdurashid qozi nomi bilan tanilgan) «Mir’ot» jurnali hamda «Ulfat» gazetasining tili nisbatan tushunarli, degan xulosani beradi.
Jadidshunos olim, Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti prorektori Zaynobiddin Abdurashidov Behbudiyning til borasidagi qarashlarini tahlil qilib, shunday yozadi: “Behbudiy til o‘rganishga sabab bo‘ladigan omillarni ko‘rsatar ekan, turkiy va forsiy mahalliy xalq uchun birday ona tili bo‘lgani uchun «bizg‘a saodat» ekani va ushbu tillarni har bir turkistonlik «tahsilsiz» ham yaxshi bilishini ta’kidlaydi. Ushbu tilni mukammal bilganlar forschada bitilgan Firdavsiy, Bedil, Sa’diy va “Masnaviy”dan qanday lazzat olsa», turkiyda yozilgan «Fuzuliy, Navoiy, Boqiy, Somiy, Abdulhaq Homid, Akrambek, Sanoyi, Nobiy, Nojiylardan, yana To‘lsto‘y, Jul Vern va ulamoi zamoniy asarini turkiy tarjimasidan» shunchalik bahramad bo‘lishi mumkinligiga urg‘u beradi.
Shuningdek, u Turkiston uchun turkiy bilan bir qatorda forsiy tilning «o‘rta sheva»si haqida ham fikr yuritadi. Bu taklifning amaliy natijasi sifatida 1913-1915-yillarda Samarqandda Behbudiy tomonidan nashr etilgan «Oyina» jurnalini ko‘rsatish mumkin.
Abdurauf Fitrat Behbudiyning ushbu tashabbusini o‘z o‘quvchilari bilan hamfikr va hammaslak ekanini bildirish va ko‘rsatish deb baholaydi.
Behbudiy Turkistonda ikki tillilik masalasini «Oyina»ni chiqarmasidan ancha ilgari, 1909-yili «Tarjimon»ga yo‘llagan «Turkistonda maktab lisoni» nomli maqolasida ham ko‘targan edi. Unda turkiy va forsiy tillarning turkistonliklar uchun ahamiyatli ekaniga e’tibor qaratib, har ikkala tilning maktab tahsiliga kiritilishi tarafdori ekanini bildiradi.
Ma’lumki, Samarqandda tavallud topgan Behbudiy tog‘asi Muhammad Siddiq yordamida xat-savodini chiqargan, eski maktab-madrasada o‘qigan va arab tilini o‘rgangan. Qozixonalarda mirzalik va qozilik vazifalarida ishlagan. 1893-1900-yillarda Yaqin Sharq mamlakatlariga, jumladan, Makka shahriga -Haj safariga boradi. Keyinroq Moskva, Peterburg, Qozon va Ufa shaharlarida bo‘lib, ta’lim-tarbiya maskanlari faoliyati bilan tanishadi. 1914 yilda esa Misr va Arabistonda bo‘ladi. Behbudiyning hamisha bid’at va xurofotga qarshi kurashganini alohida ta’kidlash joiz. Xususan, o‘z asarlarida islom dinining asl mohiyatini to‘g‘ri tushunish lozimligini uqtirgan, milliy masalalarga keng e’tibor bergan, davriy matbuot nashrlarida zamonasining dolzarb masalalariga bag‘ishlangan ijtimoiy, siyosiy, tarixiy, adabiy, ma’naviy-ma’rifiy maqolalari
bilan faol ishtirok etgan.
Millatni kemiruvchi illatlar haqida yozganlari og‘riqli muammo sifatida bugun ham o‘z dolzarbligini yo‘qotgani yo‘q. Birgina, to‘yu, marosimlardagi isrofgarchiligu, bid’atga to‘la odatlar haqida yozib, bu millat qachon uni kemirayotgan illatlardan qutuladi, degan savollarni o‘rtaga qo‘ygan.
Afsuski, bunday og‘riqli savollar bugunga kelib ham javobsiz qolayotir...
Darvoqe, Behbudiy rus tilini o‘rganishni ham turkistonliklar uchun muhim deb hisoblagan. Savol tug‘iladi: xo‘sh, Behbudiy nima uchun rus tilini o‘rganishga turkistonliklar diqqatini qaratmoqchi bo‘lgan?
Behbudiyning fikricha, millat butunlay yo‘q bo‘lib ketmasligi uchun ham tijorat, ham sanoat, ham siyosatda boshqa taraqqiy etgan xalqlar bilan bir qatorda, yonma-yon harakat qilishi kerak. Turkistonliklar orasida hatto millat va vatan manfaati uchun g‘arb tillarida, jumladan, rus tilida yuqori minbarlardan turib gapirishga qodir biror kishi topilmaydi. Bu qusurlarni yo‘q qilish uchun esa rus tilini o‘rganish, Rossiya universitetlarida tahsil olish hamda barcha qonunlardan xabardor bo‘lish kerak. Behbudiy til o‘rganish masalasini siyosiy masala sifatida ham ko‘tarib chiqadi va bu vatan manfaati yo‘lida xizmat qilishga qodir ziyolilarni shakllantirishini ta’kidlaydi.
Behbudiy ayni masalani, ya’ni rus tilini o‘rganish turkistonliklar uchun o‘ta muhim ekanini Abdurauf Fitratning «Munozara» asariga yozgan taqrizida ham ko‘targan edi. Mutaassib bo‘lgan turkistonliklarga Behbudiy xorijiy tillarni o‘rganishni payg‘ambar ham buyurganlari haqida Hadisi sharif keltiradiki, bu aholi «kofir bo‘lmasligiga» eng asosiy dalil edi.
Manbalarda qayd etilishicha, Behbudiyning adabiy til borasidagi qarashlari uning 1915-yili yozgan «Til masalasi» nomli maqolasida
to‘la aks etgan. Ushbu maqola ikki qismdan iborat bo‘lib, birinchi qismda Behbudiy turkiy tilning shevalari xususida fikr yuritadi. Unga ko‘ra, Turkiston o‘lkasida tarqalgan sheva va lahjalar yuz yillar davomida fors madaniyati va adabiyoti ta’sirida bo‘lgani sabab ushbu tildan juda ko‘p so‘zlarni o‘zlashtirgan, tub turkiy so‘zlar esa ushbu vaqt davomida iste’moldan chiqib, unutilib ketgan. Shuningdek, XIV asrdan beri muqaddas islom dini hamda Qur’on tili bo‘lgan arabchadan ham turkiy til shevalariga son-sanoqsiz so‘zlar kirib kelganki, ularni sheva yoki lahjalardan chiqarib tashlashning iloji yo‘q. Chunki bunday so‘zlarning muqobili mavjud emas.
Behbudiy turli mintaqalarda yashaydigan turkiy xalqlarning tili ham turkistonliklar tilidan qolishmaydigan darajada fors va arab tili ta’siriga tushgani, hatto ayrimlari «forsiy va arabiyni u qadar ko‘p oldilarki, tillari turkiy, forsiy va arabiydan qo‘shulub “usmonli tili” ataldi». Behbudiy “usmonli tili” haqida gapirar ekan, ushbu tilda ravon yozmoq va o‘qib, tushunmoq uchun «uch tilning adabiyoti va qoidalaridan boxabar» bo‘lish kerakligi, aks holda «usmonli shevasinda yozilgan asarlarning aksarini» nafaqat usmonli turklarning «kamsavodi», balki ayrim ziyolilari ham anglamas darajaga kelib qolganini ta’kidlaydi.
Behbudiy o‘z davrida “Oyina” jurnali, “Turkiston” va “Samarqand” gazetalari vositasida millatni yangilanish sari boshlaydigan jadidcha qarashlarni ham keng targ‘ib qilgan. Shu o‘rinda Behbudiyning xalqni o‘qitish va siyosiy jihatdan mustaqil fikrga ega bo‘lishga chaqirgan aksariyat maqolalari millat ziyolilari tomonidan yig‘inlarda o‘qilib, muhokama qilinganini aytish joiz. Uning hatto “Haq olinur, berilmas” degan so‘zlari jadidlar shioriga aylanganini ham unutmaslik kerak. “Turkiston” gazetasi o‘sha davrda faqat adabiyot yoki siyosat yangiliklarini emas, balki ilm-fan, iqtisodiyot, texnologiya va madaniyat sohalarida ham yirik o‘zgarishlarni targ‘ib qilgan. Bu gazeta, o‘zbek tilidagi gazetalardan farqli o‘laroq, yangicha dunyoqarashlarni tarqatishga ham intilgan. Behbudiyning “Turkiston”dagi maqolalarida, ko‘plab ijtimoiy va siyosiy masalalarga, jumladan, xalqlarning teng huquqlari, iqtisodiy mustaqillik va jahon ta’limi tizimiga oid yangicha yondashuvlari ko‘plab o‘quvchilarni o‘ylantirgan. Behbudiyning ta’limga bo‘lgan yondashuvi o‘sha davrning an’anaviy metodlariga ham qarshi bo‘lgan. U, avvalo, maktablarni ochish va darsliklarni yangilash orqali yangi avlodni o‘qitishda ilm-fan va texnikaning o‘rni alohida ekanini ta’kidlagan. Jadidlar o‘z darsliklarini arab alifbosida emas, balki lotin alifbosida yozganlar. Bu esa ko‘plab yoshlarning yanada osonroq va samaraliroq ta’lim olishlariga imkon yaratgan. Behbudiy shuningdek, yoshlarni zamonaviy ijtimoiy o‘zgarishlarga tayyorlash uchun faqatgina an’anaviy diniy ta’lim bilan cheklamagan, balki ilm-fan va texnologiyalarni o‘rganishlariga ham katta e’tibor qaratgan.
Qayd etish joizki, Mahmudxo‘ja Behbudiyning merosi nafaqat o‘zbek milliy tafakkurining, balki butun Markaziy Osiyo mintaqasi aholisining ongi o‘zgarishiga ham katta ta’sir ko‘rsatgan, deyish mumkin. U yangi avlodni ilm-fan, ta’lim va madaniyat sohalaridagi yangilanish va o‘zgarishlarga tayyorlab, zamonaviy g‘oyalarni ilgari surgan.
Faxrlanarlisi, Behbudiyning g‘oyalari, zamonaviy ta’lim tizimi va madaniy yangilanishlar haqidagi fikrlari bugun ham ma’naviy qadriyatlarimizning bir bo‘lagi bo‘lib qolmoqda.
Baxtishod RASHIDOV,
“Milliy tiklanish” demokratik partiyasi mas’ul xodimi, tadqiqotchi
“Milliy tiklanish” gazetasining 2025-yil 14-yanvar sonidan olindi