Prezident tashrifidan keyin hamma uyg‘ondi


870     24.01.2025

Nahotki 20 kishini ish bilan ta’minlash, bankdan kredit olishda yordam berish tuman rahbariga shunchalik qiyin edi, nahotki chog‘roqqina bo‘lsada, tikuv sexini ochish uchun ham viloyatdan, ham respublikadan ruxsat so‘rash kerak bo‘lgan?

Ilk uchrashganimizda aytilgan bu gaplarga jo‘yali javob qaytarmagandim. Chunki o‘sha kezlarda paxta deganlari odamdan va uning qadridanda qadrliroq edi.

O‘sha suhbatga ham 10 yil bo‘libdi. Yaqinda Jizzax viloyatining Zarbdor tumanida bo‘lganimda tasodifan opani uchratib qoldim. Bu safar u kishining ko‘zlaridagi o‘tni ko'rib, kayfiyatim ko'tarildi... Jumagul Boymurodova - ko‘hna Zomin farzandi. Umrining qariyb 33 yilini avval o‘zi tug‘ilib o‘sgan maskanda, so'ngra qo'riq -Zarbdor tumanidagi pochta aloqa tarmog‘i rivojiga bag‘ishlagan. 2007-yildan buyon esa tumandagi «Tinchlik» MFY ga rais. - 2024-yilning 8-9 aprel kunlari Prezidentimizning Jizzaxga tashriflaridan keyin, ho‘ birda, sizga aytgan muammolaru, sansalorliklarning barchasi tush bo‘lib qoldi, - deydi opa. - Chunki Yurtboshimiz tumanimizda ham bo‘lib, mavjud ahvol bilan tanishdilar, tegishli yo‘l-yo‘riqlar ko‘rsatib, viloyat, respublikadagi qator vazirlik, idora, tashkilot va bank rahbarlarini istiqbolli loyihalarga mas’ul etib biriktirib qo‘ydilar. Eng asosiysi, Prezidentimiz tashriflaridan keyin hamma g‘aflat uyqusidan uyg‘ondi. Birgina mening mahallamdagi 80 nafar tadbirkorga qariyb 2,3 milliard so‘m miqdorida imtiyozli kreditlar berildi.

Xullas yurt otasining poyqadami qutlug‘ kelib, Zarbdor obod manzilga, iqtisodi baquvvat tumanga aylanmoqda. Esimda, Prezidentning tashrifi yakuni tumanning «Lalmikor» MFY da hukumat rahbarlari, viloyat, tuman faollari ishtirokidagi yig‘inda Prezidentimiz Zarbdor tumanini butun respublikaga mash’al qilib ko‘rsatmoqchi bo‘layotganlarini aytgandilar. Tuman hokimligi Axborot xizmati rahbari O‘ktamjon Sulaymonovning aytishicha, hozir hududda 70 ming gektardan ortiq yer maydoni bor. Aholi soni esa 96 ming nafar. - 45 kilometr respublika ahamiyatidagi avtoyo‘llar, 28 km temir yo‘llar tarmog‘i aynan bizning hududdan o‘tgan. Ishlab chiqarish korxonalarini qurish, joylashtirish uchun qulay bo‘lgan 40 gektardan ortiq bo‘sh yer maydonimiz ham borki, «Zarbdor tajribasi» asosida biz bilan hozirda hamkorlik qilayotgan 10 dan ortiq xorijiy davlat investorlarining bari bizga havas qilyapti. Tumanda chorvachilik, parrandachilik, qishloq xo‘jaligi, tikuvchilik va to‘qimachilik, xizmat ko‘rsatish sohalarini rivojlantirish uchun ham imkoniyatlar serob. Yurtboshimiz tumanda bo‘lganlarida bunday drayver sohalarning yorqin istiqbollarini dalil va raqamlar bilan isbotlab berdilarki, eng tanbal odamda ham chor-atrofga ko‘zlarini keribroq ochishga moyillik paydo bo‘ldi, - deydi O‘ktamjon Sulaymonov.

Ma’lum bo‘lishicha, tumandagi 24 ta MFYda 17 ming 200 ta xonadon bo‘lib, «Uyma-uy» loyihasi asosida ularning har biri alohida o‘rganib chiqilgan. Talab va takliflardan kelib chiqib esa homiy tashkilotlar hamda respublika banklari tomonidan imtiyozli kreditlar, subsidiyalar, moddiy yordamlar ajratilgan.

Natijada 34 ming kishi ish bilan ta'minlanib, ishsizlik darajasi 5.9 foizga, kambag'allikni tugatish ko'rsatkichi 5,3 foizga tushirilgan. Xorijda yurgan 2100 nafar zarbdorlik yoshlarning 1200 nafari ham qaytarilib, barchasi daromadli sohalarga yo‘naltirilgan. Tuman sanoatidagi o‘sish 2023 yilda 367,5 mlrd so‘mni tashkil etgan bo‘lsa, 2024 yil yakunida bu ko‘rsatkich 463 mlrd so‘mga yetdi. Eksport hajmi o‘tgan yilning 31-oktyabr holatiga 27,9 mln AQSH dollarini tashkil etgani holda yil yakunida 36,5 mln AQSH dollariga ko‘tarildi. - Xullas Zarbdorimiz o‘zgaryapti, - deydi suhbatdoshim. - Hammaning og‘zida yana o‘sha gap: Qilsa bo‘lar ekanku! Barchamizni uyg‘otgan Prezidentimizga rahmat! Bu mening so‘zlarim emas, elning gaplari, Yurtboshiga yurtning duosi! Yana raqamlarga qaytsak: birgina shu yilning o‘zida «Zarbdor tajribasi» asosida 11 ta yirik investitsiyaviy loyiha amalga oshirilib, 118,4 mln AQSH dollari o‘zlashtiriladigan bo‘ldi. Natijada yana 3 286 ta yangi ish o‘rni yaratiladi.

Bundan tashqari, «Sayxunobod», «Uychi», «G‘ijduvon» tajribalari asosida ham keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda. Mutaxassislarning aytishicha, 2025-yil yakunigacha tumanda jami 1555 ta yangi loyiha ishga tushirilib, 126 mln AQSH dollari qiymatidagi investitsiya jalb etiladi. Alaloqibat 14,5 mingta ish o‘rni tashkil etilishi barobarida 52,5 mln AQSH dollarlik mahsulot eksport qilinadi. Yil yakunigacha 126 mlrd so‘m budjet tushumi ta’minlanib, qator yillardan buyon zarbdorliklarning boshini xam qilib kelayotgan davlat dotatsiyasi hisobiga kun kechirishyapti degan tamg‘adan qutulamiz.

- Agar eslasangiz, ilk tanishgan chog‘imizda tumanning o‘sha vaqtdagi tepsa-tebranmas rahbari meni paxta siyosatining ashaddiy kushandasiga chiqarib qo‘ygandi, - deydi Jumagul Boymurodova. - Ochig‘i, paxtachilikdan ko‘ra, serdaromad sohalar ham bor ekanki, bunga endi amin bo‘lyapmiz. Masalan, brokkolining bir gektaridan 15 tonnagacha mahsulot olinishiyu, 150 mln so‘m umumiy daromad qilinishini, shuning 35 million so‘mi harajatga chiqarilgach, 115 million so‘mi sof foyda bo‘lib, hamyonga kirishi haqida eshitganmisiz? O‘zimiz azaldan ekib kelayotgan 1 gektar maydondagi paxta o‘rtacha 7 million so‘m sof daromad keltirgani holda, brokkolining paxtaga nisbatan samaradorligi 15 baravar yuqori ekanini o‘tgan yili 50 gektar yerga ekib bildik. Bu yil huddi shu o‘simlikni tumanda 500 gektar maydonga ekmoqchimiz.

Buni aytayotganligimning sababi mahallamizdagi yosh yigit-qizlarni o‘tgan yili uning parvarishiga qo‘ydik, ish o‘rganishdi, daromad olishdi. Janubiy Koreya, Xitoy, Turkiya, Rossiyadan kelgan tadbirkorlar ayni kunlarda 2025 yilgi hosil uchun bo‘nak pullarini qancha miqdorda so‘rasangizda berishga tayyor. Ochig‘i, bu ekinning haridori juda ko‘p bo‘larkan.

Gohida o‘ylanib qolaman, yurgan ekanmizda o‘z-o‘zimizni aldab: paxta bizning shonimiz deya.

Abdug‘affor OMONBOYEV,
“Milliy tiklanish” muxbiri
“Milliy tiklanish” gazetasining 2025-yil 22-yanvasonidan olindi