Janob deputatlar, “To‘ylar to‘g‘risida”gi qonunni kutyapmiz!


589     25.01.2025

«Milliy tiklanish» ijtimiy-siyosiy gazetasining 4-yanvar sonida e’lon qilingan «Isrofgarchilik va qadrsizlik bu - illat» sarlavhali maqola bilan tanishib, anchadan beri o‘ylantirayotgan mulohazalarni qog‘ozga tushirdim. To‘g‘risini aytganda isrofgarchilikni men noshukurchilik, manmanlik, hatto nonko‘rlik deb atagan bo‘lardim...
 

Sizga yaqinda bir to‘yda ko‘rganlarimni so‘zlab bersam: Biroz kechikibroq borgan ekanman shekilli chekkaroqdan bo‘lsada joy ajratib berishdi. Shahrimizning eng qimmat, eng hashamdor maskanlaridan biri sanalmish ushbu to‘yxonadagi odamni ko‘rib, rosti, aqling shoshadi. Davra ham rosa qizigan: poytaxtdan kelgan taniqli san’atkorlaru, raqqosalarning biri qo‘yib, ikkinchisi sahnaga chiqadi. Bir mahal davraboshi xonandayu sozandalarni, o‘rtada yoqa yirtar darajada depsinib, raqs tushayotganlarni biroz tin olishga undadi-da, kelin va kuyovning otalarini davraga taklif etdi. Yoshlari oltmishni qoralab qolgan ikki quda dastlab kelin kuyovga baxtu-saodat tilashdi. Shundan so‘ng davraboshi har birlarining qo‘liga bittadan chiroyli billur guldonlarni berib, yig‘ilganlarga bu buyumlar o‘ta kamyob va qimmatbaholiginiyu, to‘y arafasida qudalarning maxsus buyurtmasi bilan xorijdan keltirilganini ta'riflab ketdi. Ammo kutilmaganda ularga yuzlandi-da «an’anaga muvofiq» ikki yoshning baxti uchun guldonlarni «qurbonlik» qilish shartligini uqtira boshladi. Buyog‘i ko‘z ochib yumguncha ro‘y berdi, ikki quda bir vaqtning o‘zida billur guldonlarni yerga urishdi... Mast-alast davra kuchli qiyqiriqlaru, chapaklarga to‘ldi.
 

- Mard odamlar ekan - dedi yonimdagilardan biri sherigiga. - Bilasanmi, bu guldonlarning har biri kamida 3 ming dollar turarkan.
 

- Endi kelin-kuyovga dardu-balo yopishmaydi, - uning gapini ma’qulladi ikkinchisi.
 

Keyingi «sahna ko‘rinishi» esa bundanam oshib tushdi: Davraboshi endi quda xolalarni o‘rtaga chorladi, ular ham o‘z navbatida kelin-kuyovga baxtu-iqbol tilashib, har ikki tomondan kelgan ayol qudalarning 15
nafarini o‘rtaga chorlashdida bir-birlariga tilla taqinchoqlar ulasha boshlashdi...

 

O‘sha to‘yda ko‘rganlarimdan buyon meni qator savollar qiynaydi: qachondan beri biz bunday ahvolga tushib qoldik?! Nima bo‘layapti bizga o‘zi?! Qayerdan paydo bo‘lyapti bunday «innovatsion» odatlar?! «Inson o‘zini boyu-behojat sezgach tug‘yonga tushar» - deya marhamat qilinadi Qur’oni Karimning «Alaq» surasida.
 

Nima, biz - inson bolasi tug‘yonga tusha boshladikmi?! Menimcha, shunday, aks holda har birining narxi milliy valyutamizga chaqqanda o‘ttiz-o‘ttiz besh million so‘m turadigan buyumlarni odamlar ko‘z o‘ngida chil-chil qilib, yana bundan g‘ururlanib turmasdik. Eng yomoni esa, bu nomaqulchilikni yoshi ulug‘ kishilar qilayotganidir. Ayollarning katta to‘yxonada bir-birlariga tilla taqinchoq ulashishlarichi? Maqtanchoqligu - manmanlikka to‘la, bachkana bu odatlar qachondan buyon paydo bo‘ldi to‘ylarimizda?
 

Yaqinda «Milliy tiklanish» demokratik partiyasi yetakchisi Alisher Qodirov ijtimoiy tarmoq orqali haq gapni aytdi: «Isrof va qadrsizlik eng katta musibatlarimizdir. Sog'liq, qadr, imkoniyat va mablag'ni ignada yig'ib, belkurakda sovuradigan millatga aylanib qolayotgandekmiz...» Yanayam partiya yetakchisi o‘z fikrlarini ming bir istiholayu, mulohaza bilan yumshoq tarzda bildirdi, deb o'ylayman. Gapning ochig'i, biz kundan-kunga isrofgarchilikdan, uning doyasi bo'lmish uvoldan qo'rqmaydigan millatga aylanib qoldik. Bunda ayniqsa, elning xayru-saxovati bilan boylik orttirayotgan ayrim san’atfurushlarning boshqalarga o‘rnak bo‘layotgani achinarli, albatta. Shuning uchun ham gazetadagi maqolada keltirilgan quyidagi so‘zlarni millatga beminnat xizmat qilayotgan hurmatli deputatlarimizga qarata aytilgan otashin davat deb bildim: «Janob deputatlar, bizni isrof va qadrsizlik inqirozidan faqatgina kuchli qonun qaytarishi mumkin».
 

Chindan ham, toki millat sha’niyu, nomiga dog‘ bo‘lib tushayotgan, isnod keltirayotgan, eng yomoni kunlar kelib uvoli tutishi muqarrar bo‘lgan isrofgarchilikka batamom chek qo‘yuvchi qonun zudlik bilan ishlab chiqilishi va hayotga tatbiq etilishi shart!

Aks holda erta-kech deb, o‘zimizni aldashda davom etaveramiz.
 

Shavkat MAMARAHIMOV,

Xalq deputatlari Sirdaryo viloyati Kengashi deputati

"Milliy tiklanish"gazetasining 2025-yil 22-yanvar sonidan olindi