465 25.01.2025
Bugungi saylovchi kechagi – siyosiy jarayonlarga befarq, saylov natijalari bilan qiziqmaydigan, partiyalar faoliyatidan bexabar, hattoki o‘zi saylagan deputatini ham tanimaydigan saylovchi emas. Bugungi saylovchi siyosiy uyg‘oq, o‘z fikri, qarashlariga ega fuqarolardir. Bugun raqamlari bo‘rttirilgan, soxtalashtirilgan maʼlumotlar, qaysidir tashkilotga hisobot berish uchungina tashkil etiladigan samarasiz tadbirlar bilan saylovchilar ishonchini qozonib bo‘lmaydi. Ular uchun samara muhim, ijtimoiy, iqtisodiy muammolari yechimi, huquq va manfaatlarining qonuniy muhofazasida partiyalar, deputatlarning ishtiroki muhim.
Kuni kecha partiya Markaziy kengashida MTDP faoliyati samaradorligi va ish sifatini oshirish, 2024-yilga mo‘ljallangan Ish rejaning ijrosi bo‘yicha tahliliy hisobotlar hamda 2025-yilgi Ish reja uchun takliflar olish maqsadida onlayn platformada muloqot tashkil qilindi. Partiya Markaziy kengashi Ijroiya qo‘mitasi bo‘lim boshliqlaridan tarkib topgan Ishchi guruhi tomonidan partiyaning hududiy Kengashlari faoliyati aynan ana shu jihatlarni inobatga olgan holda atroflicha muhokama qilindi. Muloqotda partiya Markaziy kengashi rahbariyati tomonidan ayrim hududlarda o‘tkazilayotgan tadbirlarning shunchaki hisobot uchun tashkil qilinayotgani, ularda partiyaning dahldorligi sezilmayotganiga oid eʼtirozlar bildirildi. Eshituvlar yakunida ijobiy natijalar bilan bir qatorda ayrim kamchiliklar ham yuzaga chiqdi. Jumladan, aksariyat hisobotlar o‘z vaqtida taqdim etilmagani, 2024 yilda amalga oshirilgan ishlar yillar kesimida yetarlicha tahlil qilinmagani, tadbirlar va raqamli ko‘rsatkichlarni yuzaki sanab o‘tish bilan cheklanilib, samaradorlikni baholash, muammoli masalalarni aniqlash va bartaraf etishga yetarli darajada eʼtibor qaratilmagani alohida taʼkidlab o‘tildi. Tadbirlarning soniga emas, samarasiga, siyosiy ahamiyatiga ko‘proq eʼtibor qaratish lozimligiga oid tavsiyalar berildi.
Ishchi guruhi tomonidan “Ayollar qanoti”ning ayrim yo‘nalishdagi faoliyati ijobiy baholandi. Xususan, hududlardagi mavjud muammolarni aniqlash va ularni deputatlik birlashmalari bilan hamkorlikda tizimli bartaraf etishga qaratilgan “Uyma-uy” loyihasi doirasidagi faoliyati samarali bo‘lgani eʼtirof etildi. Yaʼni, 2023-yil mobaynida 18 068 ta xonadonga kirilgan hamda 9222 ta muammoga yechim topilgan bo‘lsa, 2024-yilda 20 030 ta xonadonga kirilib, aynan xotin-qizlarga taalluqli bo‘lgan 13 731 ta masala ijobiy hal etilgani, aholi bilan “mahallabay” va “fuqarobay” ishlash tizimini yana-da takomillashtirish maqsadida deputat ayollar tomonidan 2023 yilda 3751 ta “Sayyor qabul” o‘tkazilib, aholi bildirgan 7240 ta muammodan 5903 tasi mahalla, tuman kesimida ijobiy hal etilgan, 9491 nafar xotin-qizlar “Ayollar daftari”ga kiritilgan bo‘lsa, o‘tgan 2024-yilda 4609 ta “Sayyor qabul” o‘tkazilib, fuqarolar tomonidan bildirilgan 9081 ta masaladan 7618 tasi ijobiy yechim topgani yaxshi ko‘rsatkich, deya taʼkidlandi.
Bu raqamlar tizimli tahlil qilinganda, 3120 nafar xotin-qizlarning bandligi taʼminlangani, o‘z tadbirkorligini boshlamoqchi bo‘lgan 822 nafar ayollarga bank krediti olishda yordam berilgani, 2864 nafar bandligi taʼminlanmagan ayollar, qizlar “Ustoz-shogird” anʼanasi asosida kasbga yo‘naltirilgani, 4956 nafar fuqarolarga sog‘liqni saqlash va ijtimoiy masalalarda yordam berilgani, 792 nafar uy-joy, yer-mulk bilan bog‘liq masalalarda murojaat qilganlarga yordam berilgani, 1177 ta masala deputatlar nazoratiga olingani oydinlashdi.
Maʼlumki, xalqimizning azaliy qadriyati sanalgan “Ustoz-shogird” anʼanasini rivojlantirish, bandligi taʼminlanmagan xotin-qizlarni bepul kasb-hunarga o‘rgatishga qaratilgan “Xizmat-beminnat” loyihasi “Ayollar qanoti”ning asosiy loyihalaridan sanaladi. 2023 yilda mazkur loyiha doirasida respublika bo‘yicha 498 ta o‘quv kursi tashkil qilinib, ularga 2572 nafar xotin-qizlar jalb qilingan bo‘lsa, 2024 yilda o‘quv kurslari soni 541 taga, tikuvchilik, to‘quvchilik, zardo‘zlik, gilamdo‘zlik, milliy qo‘g‘irchoqlar yasash, pazandachilik, karving, qandolatchilik, milliy taomlar tayyorlash, sartaroshlik, hamshiralik, dizaynerlik, naqqoshlik kabi kasb-hunarlarga bepul o‘qitilganlar soni 2777 nafarga yetdi. Umumiy olganda, bu ko‘rsatkichlar yomon emas! Ammo hududlar kesimida tahlil qilinganda Qoraqalpog‘iston Respublikasida yil mobaynida bor-yo‘g‘i 5 ta (qamrab olingan xotin-qizlar soni 33 nafar), Jizzax viloyatida 6 ta (qamrab olingan xotin-qizlar soni 32 nafar), Surxondaryo viloyatida 9 ta (qamrab olingan xotin-qizlar soni 53 nafar) o‘quv kurslari tashkil etilgani maʼlum bo‘ldi. 2024 yilda Parlamentga va mahalliy Kengashlarga saylovlar o‘tkazilishi munosabati bilan ish hajmi ortganiga qaramay Farg‘ona viloyatida mazkur loyiha doirasida 77 ta o‘quv markazi ochilgani va ularga jami 675 nafar kasbi, hunari, daromadi bo‘lmagan ayollar jalb qilinganini inobatga olsak, yuqorida nomlari keltirilgan hududlarning bu yo‘nalishdagi faoliyatini qanday baholash mumkin?!
“Milliy tiklanish” demokratik partiyasining 2025-2029 yillarga mo‘ljallangan Saylovoldi dasturida, partiya hamda uning Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi Fraksiyasining 2025-yilga mo‘ljallangan qo‘shma Ish rejasida oila institutini yana-da mustahkamlash, xotin-qizlarga munosib yashash va mehnat sharoitlarini yaratish, ularning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirishga qaratilgan “xotin-qizlar.uz” platformasi faoliyatini jonlantirish, uning negizida “Band bo‘lmagan ayollar va qizlar” modulini yaratish, mehnat jamoalarida xotin-qizlar va erkaklar tengligini taʼminlashga oid taʼlimni rivojlantirish, moslashuvchan ish vaqtini joriy qilish, ayollarning oilada ko‘proq bo‘lishlari uchun sharoitlar yaratish, talaba onalarning farzandlari uchun oliy taʼlim muassasalari huzurida maxsus bolalar xonalari yoki bog‘chalar tashkil etish, farzand ko‘rgan ayollarga bola uch yoshga to‘lguniga qadar haq to‘lanadigan “Onalik taʼtili” berish tizimini joriy qilish kabi bir qator ustuvor vazifalar belgilandiki, Davlat dasturdagi xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash tizimini yana-da kuchaytirishga qaratilgan muhim va zarur tashabbuslarning uzviy davomi bo‘lgan bu tashabbuslar ijrosini taʼminlash partiyaning “Ayollar qanoti”dan ham, ayol deputatlarimizdan ham yanada faollikni, masʼuliyatni talab etadi.
Xulosa qilib aytganda, xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash tizimini yana-da kuchaytirish, milliy qadriyatlarga asoslangan tenglikni taʼminlashga qaratilgan bu kabi saʼy-harakatlar mamlakatimizdagi iqtisodiy o‘sishni, ijtimoiy barqarorlikni taʼminlashga xizmat qilishi shubhasiz.
Feruza JALILOVA,
partiya Markaziy kengashi bo‘lim boshlig‘i
“Milliy tiklanish” gazetasining 2025-yil 22-yanvar sonidan olindi