Dual ta’lim bu-kadrlar muammosiga eng to‘g‘ri yechim


453     25.01.2025

Nima uchun Dual ta’lim ta’lim sohasiga kirib keldi? Ma’lumki, iqtisodiyot rivojlanishida o‘rta bo‘g‘in kadrlarining roli katta. Ishlab chiqarish, sanoat va xizmat ko‘rsatish sohalarida ishchi kasb va mutaxassisliklarga bo‘lgan ehtiyoj ham yuqori ko‘rsatkichlarni tashkil etadi.

Aytish kerakki, an’anaviy ta’lim shaklida o‘quvchi-talaba oliy yoki professional ta’lim muassasasida asosiy e’tibor nazariyaga qaratilib, amaliyotga kam vaqt ajratilar edi. Bu esa tabiiyki, amaliy kadrlar muammosini tug‘dirardi. Shu bois, dunyo davlatlarining ta’lim tizimi o‘rganilib, zamonaviy texnologiyalar va dastgohlarda o‘qish bilan bir vaqtda korxona, tashkilotlarda ish faoliyatini olib borish imkoniyatini beruvchi dual ta’lim shakli milliy ta’lim tizimiga kiritildi.

Amaliyotdan ma’lumki, dual ta’lim - o‘quvchi-talabaga ta’limni o‘z yo‘nalishiga mos tashkilotda mehnat qilish bilan birga olib borish imkonini beradi. Bunda yoshlar 2-3 kun ta’lim muassasasida nazariy, 3-4 kun korxona va tashkilotlarda haqiqiy ish jarayonlarida amaliy ko‘nikmalarni egallaydi.

Dual ta’lim shaklida tahsil olayotgan o‘quvchi-talaba korxona va tashkilotlarda ishga qabul qilinganda ularga korxona tomonidan ustoz biriktiriladi va oylik maoshi to‘lanadi. Bugungi kunda ushbu tizim Germaniya, Avstriya, Shveysariya va Janubiy Koreya kabi mamlakatlar iqtisodiyotida juda katta o‘ringa ega.

- Xo‘sh, ushbu tizim mamlakatimizda qanday me’yoriy-huquqiy hujjatlar asosida tartibga solinmoqda?

- Shuni ta’kidlash joizki, “Ta’lim to‘g‘risida”gi qonunning 15-moddasiga, Dual ta’lim ta’lim olish shakllaridan biri sifatida kiritildi. Qonunga dual ta’lim bo‘yicha alohida modda (17-modda) ham kiritilib, dual ta’limni tashkil etish tartibi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanishi ko‘rsatib o‘tildi. Mazkur qonun asosida Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 29 martdagi qarori bilan professional ta’lim tizimida dual ta’limni tashkil etish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi. Bugun dual ta’limni yanada rivojlantirish bo‘yicha xorij tajribasini o‘rgangan holda, qonunchilik hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish bo‘yicha ham tegishli
ishlar olib borilmoqda. Yana bir savol tug‘iladi: ushbu tizimni joriy etishdan ko‘zlangan maqsad nima edi?

Maqsad iqtisodiyotning barcha sohalarida malakali va zamonaviy kasbiy ko‘nikmalarga ega bo‘lgan o‘rta bo‘g‘in kadrlarini tayyorlash hamda yoshlarning kasblar va mutaxassisliklarni egallashga bo‘lgan qiziqishlarini qo‘llab-quvvatlash uchun keng imkoniyatlar yaratishdan iborat. Aytib o‘tganimdek, ushbu tizimda yoshlar ta’lim olish bilan birga haqiqiy ish joyida o‘z kasbiy ko‘nikmalarini rivojlantiradilar. 2021-2022 o‘quv yilidan boshlab, maktabgacha ta’lim, temir yo‘l va qurilish kabi sohalarda o‘rta bo‘g‘in kadrlarini tayyorlash maqsadida professional ta’lim muassasalariga dual ta’lim shakli bo‘yicha 3 mingdan ortiq yoshlar o‘qishga qabul qilingan bo‘lsa, 2022-2023 o‘quv yilida bu ko‘rsatgich 4,5 mingdan oshdi. Yuqorida aytib o‘tilgan sohalarga qo‘shimcha axborot texnologiyalari, yengil sanoat, qishloq xo‘jaligi va xizmat ko‘rsatish kabi sohalarda ham dual ta’lim shaklida kadrlar tayyorlash yo‘lga qo‘yildi.

Ayni paytda hududlarning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishidan kelib chiqib, 7,5 mingdan ortiq yoshlar professional ta’lim muassasalarida dual ta’lim shaklida o‘qib, 1,5 mingga yaqin korxona va tashkilotlarda ish faoliyatini olib borishmoqda.

Xususan, bizning politexnikumda ham “Suv xo‘jaligi avtomatlashtirilgan tizimi operatori ustasi” yo‘nalishiga o‘quvchilar dual ta’lim shak-lida qabul qilinmoqda. Bu o‘z navbatida yoshlarning o‘qishga bo‘lgan qiziqishlarini oshirib, sifat darajasining ko‘tarilishiga olib kelayotir.

Hamkorimiz Jizzax bosh nasos stansiyasi bo‘lib, ular bilan birgalikda 3+3 shaklida shartnoma imzolaganmiz. Ayni kunlarda o‘quvchilarimiz nazariy bilimlar bilan birga korxonada amaliyot o‘tab, o‘z bilimlarini mustahkamlashyapti. Eng muhimi, ular endi shunchaki o‘qish bilan emas, haqiqiy ish jarayonida toblanishyapti. Bu esa yoshlarning o‘z kasbiga bo‘lgan mas’uliyati va ishiga ishtiyoqini ikki karraga oshiradi, albatta.

Pirimqul YO‘LCHURAYEV,
Zarbdor tumanidagi 2-son politexnikumi direktori
“Milliy tiklanish” gazetasining 2025-yil 22-yanvar sonidan olindi