986 29.01.2025
Madaniyat vazirligi huzuridagi Madaniyatshunoslik va nomoddiy madaniy meros ilmiy-tadqiqot instituti tomonidan tashkil etilgan Mahmudxo‘ja Behbudiy tavalludining 150 yilligiga bag‘ishlangan “Behbudiy va Turkiston madaniy muhitida yangilanish jarayonlari” mavzusidagi respublika ilmiy-amaliy anjumani o‘z ishini boshladi. Shu munosabat bilan Yunus Rajabiy nomidagi O‘zbek milliy musiqa sanʼati institutida o‘tkazilayotgan anjumanda partiyamiz aʼzolari – Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov, taniqli olima Iroda Dadajonova va bir qator soha mutaxassislari ham ishtirok etdi.
Anjumanda partiya Markaziy kengashi raisi o‘rinbosari Feruza Muhammadjonova “Mahmudxo‘ja Behbudiy: Siyosiy tafakkur va milliy tiklanish” mavzusida maʼruza qildi.
Unda taʼkidlanishicha, O‘zbekiston Prezidentining “Turkiston jadidlik harakatining asoschisi, atoqli adib va jamoat arbobi, noshir va pedagog Mahmudxo‘ja Behbudiy tavalludining 150 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida”gi qarori qabul qilinishi xayrli ish bo‘lishi barobarida, ota-bobolarimizning Turkistonni oyoqqa turg‘azish, mamlakatimiz shonu shavkatini yuksaltirish yo‘lidagi mehnati, jasoratini yana bir bor eʼtirof etish, bugungi dunyo qalqib turgan, mamlakatlar o‘rtasidagi munosabatlar keskinlashayotgan, qonli to‘qnashuvlar, talato‘palonlar avj olayotgan zamonda tinchlik degan bebaho neʼmatning qadriga yetishga undash, Uchinchi uyg‘onish davrining poydevori yaratilayotgan tarixiy ahamiyatga molik bir davrda xalqimizni ezgu maqsadlar atrofida birlashtirishga xizmat qiladigan muhim voqelikdir. Zero, uch ming yildan ortiq davlatchilik tariximizga nazar solib, hech bir davrda xalqni jipslashtirish oson bo‘lmaganini, milliy birlikni taʼminlash hamisha dolzarb hamda mushkul vazifa bo‘lganini anglash qiyin emas.
Behbudiyning hayoti va ijodi misolida bugunning kurashchisi aslida qanday bo‘lishi kerak, degan savolga munosib javob topishimiz mumkin. Uning siymosi, yoshimizdan qatʼiy nazar, har birimizni bugunning jadidi bo‘lishga undaydi.
Jadid bobomizning ijodi va faoliyatiga oid quyidagi savollar meni ko‘p o‘ylantiradi: Behbudiy chor hukumati va mahalliy mutaassib kuchlarning mislsiz qarshiligiga qaramay, yurtimizda birinchilar qatorida ilk zamonaviy maktab barpo etib, darsliklar yarata oldi?! Sobiq tuzum minbari – “Turkiston viloyatining gazetasi”da chop etilgan maqolasiga o‘zlik haqidagi fikrlarini singdira oldi?! Nashriyot va teatrlar barpo etishga o‘zida kuch, jurat topa oldi?!
Xalqni g‘aflat uyqusidan uyg‘otish maqsadida ikki yuzdan ortiq maqolalar, ko‘plam asarlar yoza oldi?!
Kitobni qo‘ya turing, qog‘oz, qalam anqoning urug‘i bo‘lgan bir davrda, yangi, zamonaviy kasblarga asos solib, jurnalistikaning rivojiga hissa qo‘sha oldi?! “Samarqand” gazetasi hamda “Oyina” jurnalini chop etib, xalqni ogohlikka undadi. 1914 yilda “Turon” teatrida sahnalashtirilgan “Padarkush” pyesasi orqali o‘lkamizda teatr sanʼatining tamal toshini qo‘ydi. Shu tariqa yangi janr yaratdi.
Davlatchilik masalalari bilan birga xalq manfaatiga zid bo‘lgan illatlarga qarshi kurashgan atoqli adib va yirik jamoat arbobi Mahmudxo‘ja Behbudiy 44 yoshida yovuz kuchlar qurboni bo‘ldi. Uning kim tomonidan qachon va qayerda o‘ldirilgani, qayerga dafn etilgani haqida bizda hanuz aniq maʼlumot yo‘q. Demak, mamlakatimiz rahbarining bu boradagi qarori tariximizni tiklashda olimlar qatorida barchamizga aniq vazifalar yuklaydi. Millatning o‘zligini anglashida maʼrifat, taʼlim va tarbiyaga alohida
eʼtibor bergan mutaffakkirimizning g‘oya va qarashlari shubhasiz, “Qadriyatlarga tayangan taraqqiyot” shiori ostida harakatlanayotgan “Milliy tiklanish” partiyasining dasturulamaliga aylangan. Partiyaning salkam 30 yillik faoliyatini tahlil etib, Behbudiyning milliy mustaqillikni taʼminlash yo‘lidagi g‘oya va tashabbuslari hamisha uning kun tartibidan tushmaganini ko‘rishimiz mumkin. Yuqoridagilardan kelib chiqib, ziyolilar partiyasi bo‘lgan “Milliy tiklanish”ni jadidlar partiyasi yoki jadidlar orzu qilgan partiya, deb atashimiz mumkin. Zero, jadidlar nigohi bizni taraqqiyotga undovchi kuchdir.
Behbudiy g‘oyalari partiya dasturida qanday aks etgan? Keling, shu haqida mushohada qilib ko‘raylik. Zero, qadriyatlar himoyachisi sifatida tanilgan partiyamiz ham o‘zining g‘oya va maqsadlarini shu yo‘nalishda rivojlantirayapti.
Bu haqida partiyamiz raisi Alisher Qodirov quyidagi fikr bildirgan edi: “Har bir xalqning, elning o‘ziga xos qadriyati – tili, dini, adabiyoti, madaniyati, sanʼati, anʼanayu urf-odatlari bor. Shu nuqtai nazardan, tarixiy-madaniy merosimizni asrash, anʼanalarimizni saqlash va rivojlantirish bilan birga iqtisodiy sohani ravnaq toptirishga ham aynan milliy qadriyatlardan kelib chiqib yondashsak, maqsadga muvofiq bo‘ladi. O‘z o‘rnida zamon bilan hamnafas rivojlanishga, zamonaviylikka ham tayyormiz. Faqat bu milliy qadriyat va anʼanalarimiz partiyamizning boshqa fundamental g‘oyalariga ham mos bo‘lishi kerak”.
Maʼlumki, 1918-yilda Behbudiy Turkistonda turkiy tillar ichida o‘ziga xos nufuzga ega bo‘lgan o‘zbek tilining davlat tili sifatida tan olinishini taklif qiladi. Behbudiy maqolalaridan biriga “Har millat o‘z tili ila faxr etar” degan hikmatomuz ibora (“Oyina”, 1914, 35-son)ni sarlavha qilib qo‘yarkan, tilimiz bilan faqatgina g‘ururlanish, iftixor hissining o‘zi kamlik qilishini, “faxr etmoq” bilan birga tilning muhofaza choralarini ko‘rish lozimligini taʼkidlaydi.
Partiyamizning muhim g‘oyalaridan yana biri bu o‘zbek tilini asrash, nufuzini oshirish va rivojlantirish masalasidir. Partiyamiz shu paytgacha davlat tili to‘g‘risdagi qator qonunlar ustidan o‘n mingga yaqin nazorat-tahlil ishlarini, mansabdor shaxslarning eshituvlarini tashkil etgan. Partiyamizning 2025-2029 yillarga mo‘ljallangan Saylovoldi dasturi o‘zbek tilining Davlat tili sifatidagi nufuzi va maqomini oshirish choralarini ko‘rish vazifasi belgilangan.
Shuningdek, Behbudiy 1915-yilda yozgan “Bizni kemiruvchi illatlar” nomli maqolasida bugun ham jamiyatda chuqur ildiz otgan illatlarga, jumladan, to‘ylar, maʼraka va marosimlardagi dabdababozlik, isrofgarchilik kabi illatlarni qattiq qoralaydi. Bu haqda u o‘z asarlarida shunday yozadi:
“Maʼlum bir shaharda yahudiylar baʼzan o‘luklarini oqshom eltib ko‘marlar. Na uchun? Kunduzi ishdan qolarlar. Biz bo‘lsa, o‘luk va to‘y uchun haftalar, hatto, oylar ila ishdan qolurmiz. Holbuki, shoreʼi aʼzam, payg‘ambari akram sallollohi alayhi vassallam hazratlari o‘lganni tez ko‘mub va ko‘mgandan so‘ngra tez tarqalib, ishg‘a ketmoqg‘a va o‘lukxona xalqini uch kundan ziyoda taʼziya tutmasg‘a, qaro kiymasg‘a, kir, falokat bo‘lmasg‘a amr etarlar. Ey xalq! Ey musulmonlar! Biz na uchun Xudo va rasulni so‘zig‘a va o‘zimizni nafʼimizg‘a amal qilmaymiz? Biz devonami, deydi u o‘z chiqishida”.
Partiyamiz saylovoldi dasturida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senat Kengashlarining “To‘ylar, oilaviy tantanalar, maʼraka va marosimlar o‘tkazilishini tartibga solish tizimini yana-da takomillashtirish to‘g‘risida”gi qo‘shma qarori ijrosini o‘rganish hamda bu borada qonun tashabbus qilish ham maqsad qilingan.
Xulosa qilib aytganda, Behbudiyning ilmiy va amaliy merosi bugungi kunda ham o‘z ahamiyatini, dolzarbligini yo‘qotmagan. Uning milliy va umuminsoniy manfaatlarga xizmat qiladigan umrboqiy g‘oyalari Yangi O‘zbekistonni barpo etishda, davlat boshqaruvida, islohotlarni amalga oshirishda dasturulamal bo‘lib xizmat qilmoqda.
Feruza JALILOVA,
partiya Markaziy kengashi bo‘lim boshlig‘i