Yangiliklar


254   25-03-2022

“Qishloq shifokori” dasturi yanada takomillashtiriladi

Prezidentimizning 18-mart kuni tibbiyot xodimlari bilan o‘tkazgan ochiq muloqotida sog‘liqni saqlash tizimini yangi bosqichga olib chiqish, yillar davomida to‘planib qolgan muammolarni bartaraf etish, soha xodimlarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan takliflar ilgari surildi.

Darhaqiqat, o‘tgan besh yilda Harakatlar strategiyasi doirasida yurtimizda tibbiyotning barcha bo‘g‘inida islohotlar olib borilib, birlamchi tibbiy-sanitariya yordami, ixtisoslashtirilgan tibbiy xizmat, xususiy tibbiyot tizimlarida tibbiyot muassasalarining moddiy-texnika bazasi mustahkamlandi, ularda ko‘rsatiladigan xizmat turlari ko‘paydi. Bunday xizmat ko‘rsatuvchi muassasalar tarmoqlarining hududlarga, tuman-shaharlargacha yetib borishi, ular zarur tibbiy asbob-uskuna va kadrlar bilan taʼminlanishi, soha xodimlarining malakasini oshirish borasidagi chora-tadbirlar natijasida joylarda tibbiy xizmatlardan foydalanish imkoniyatlari kengaydi.

O‘tgan davrda oilaviy shifokor punktlari, oilaviy poliklinikalarni tashkil etish orqali birlamchi tibbiy-sanitariya yordami ko‘rsatish tizimi takomillashtirildi, aholining ushbu xizmatlardan “bir qadam” tamoyili asosida foydalanish imkoniyatlari kengaytirildi.

Jumladan, chekka hududda istiqomat qiluvchi aholi qatlamining tibbiy xizmatlardan to‘laqonli foydalanishi uchun sharoit yaratish masalasi bugungi kunda tibbiyot tizimini isloh qilish doirasidagi ustuvor vazifalardan biri sifatida belgilanib, o‘tgan yildan boshlab olis hududlarda joylashgan oilaviy shifokor punktlari va oilaviy poliklinikalar shifokorlari uchun “Qishloq shifokori” dasturi joriy qilindi.

Mazkur Dastur doirasida ishga qabul qilingan shifokorlarning yashashi uchun sharoitlar yaratish, ularni moddiy rag‘batlantirish, ipoteka kreditlari doirasida uy-joy ajratish vazifalari belgilab olindi. Xususan, boshqa hududdan borib ish boshlagan shifokorlarga byudjet mablag‘lari hisobidan 30 million so‘m miqdorida bir martalik pul mablag‘lari to‘lab berilib, yashash uchun xizmat uyi bilan taʼminlandi, ijara uyga joylashgan shifokorlarga ijara pulini to‘lab berish yo‘lga qo‘yildi.

Ochiq muloqotda taʼkidlanganidek, “Qishloq shifokori” dasturi yana-da takomillashtiriladigan bo‘ldi. Jumladan, endilikda Dastur doirasida faoliyat yuritadigan shifokorlarga har oyda maoshiga qo‘shimcha 2 mln. so‘m ustama qo‘shiladi, shuningdek ular ipoteka krediti asosida uy-joy olsa, uy narxining 50 foizigacha bo‘lgan qismi mahalliy byudjet mablag‘lari hisobidan to‘lab berilishi belgilab olindi.

Yana bir muhim jihat. Bundan buyon olis hududda 3 yil ishlagan shifokorlar klinik ordinaturaga imtihonsiz qabul qilinadigan bo‘ldi. Tibbiyot sohasida olib borilayotgan bunday islohotlar nafaqat shifokorlarning manfaatdorligini oshirishga, balki aholiga tibbiy xizmatdan foydalanish uchun qulayliklar yaratish, tibbiy xizmat sifatini tubdan yaxshilash, sohada ko‘rsatilayotgan xizmatlarni jahon standartlari darajasiga olib chiqishga xizmat qiladi.

Shuningdek, yurtimizning chekka-chekka joylarida ham bugungi kunda aholi salomatligini saqlashda muhim omillardan biri bo‘lgan profilaktika, sog‘lom turmush tarzi, to‘g‘ri ovqatlanish, jismoniy faollikka alohida eʼtibor qaratilgan holda kasalliklarning oldini olish borasidagi ishlarni kuchaytirish imkonini beradi.

Bir so‘z bilan aytganda, yaratilgan barcha qulayliklar aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmat sifatining oshishiga, sog‘liqni saqlash tizimi barcha bo‘g‘inlarining yana-da rivojlanishiga xizmat qiladi.

 

Jumanazar OTAJONOV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati