915 30.01.2025
Birinchidan, tabiiy gaz qayta tiklanmaydigan, qimmat resurs. Chunki u yerni “jigari”dan sug‘urib olinadi. Mutaxassislarning fikricha dunyo miqyosidagi gaz zaxiralarining 80 foizi sarflab bo‘lingan. O‘zbekistondagi gaz zaxiralari esa uzog‘i bilan bilan 20-25 yilga yetadi.
Ikkinchidan, tabiiy gaz bugungi geosiyosiy voqealar fonida nafaqat strategik resurs, balki “siyosiy mahsulot” va hatto “siyosiy qurol”ga aylandi. Uning narxini allaqachon erkin bozor emas, balki siyosat belgilamoqda. Bunday muhim resursni ovqat tayyorlash yoki uyni isitish uchun sarflash — yumshoq qilib aytganda, noto‘g‘ri qaror.
Uchinchidan, elektr energiyasini suv, quyosh, shamol yoki atom kabi manbalardan olish imkoniyati mavjud bo‘lgan bir paytda, tabiiy gazdek strategik materialni yoqib yuborish xalqimizga dushmanlikdan, kelajagimizga hiyonatdan boshqa narsa emas.
To‘rtinchidan, ayni paytda xalqimiz ovqat tayyorlash va uyni isitish uchun ishlatayotgan gazning narxi 650 (1000) so‘mdan. Ammo bu gazning haqiqiy narxi karrasiga baland bo‘lib, o‘rtadagi farqni hukumat davlat byudjeti (xalqning o‘zi to‘laydigan soliqlar) hisobidan qoplab, subsidiya orqali arzon narxda beradi. Bir tomondan biz arzon gaz ishlatyapmiz, lekin bundan mamlakat (Siz va bizning!) iqtisodiyotiga zarar yetyapti.
Agar gazni maishiy maqsadlarga emas, iqtisodiy jihatdan qimmatroq mahsulot ishlab chiqarishga sarflasak, ko‘proq daromad keladi. KOSAMIZ OQARADI.
Qolaversa gazdan elektrga o‘tish O‘zbekiston uchun yangilik emas. Hozirgi kunda ham faqat elektr energiyasidan foydalanib kelayotgan minglab xonadonlar mavjud.
Yana bir fikr! Qodirovning bildirgan asosiy fikri chetda qolib, uni oilasi va shaxsiyatiga o‘tib ketilishiga, uni ommaviy haqoratlanishiga men mutlaqo qarshiman. Nafaqat hamkasb, balki oddiy inson sifatida! Undan ko‘ra tomimiz, jumladan unga o‘rnatiladigan panellarga nisbatan bojlarni kamaytirish, yoqilg‘ilar tanlovi ko‘pligidan zapravkalarda hech qanday navbatlar bo‘lmasligiga erishish, gaz o‘rniga elektr energiyasidan foydalanishga adolatli rag‘batlarni joriy etish, hanuzgacha gazlashtirilmagan hududlar, yaʼni qishloq joylarda elektr energiyasidan foydalanish uchun 50% chegirma berish, tabiiy gaz yoqib, elektr energiyasi ishlab chiqarishni kamaytirish, gazni mahsulot qilib eksport qiladigan ishlab chiqarish zavodlari uchun kafolatli gaz taʼminotini yo‘lga qo‘yish, elektromobillarni olib kirishdagi sunʼiy cheklovlarga qarshi kurashish, energetika tizimida korrupsiyani kamaytirish kabi masalalar haqida o‘ylash nazarimda manfaatliroqdir.
Feruza Muhammedjanova