Nega milliy kino san’ati mutasaddilari tomoshabinlikdan nariga o‘tisholmayapti?


465     04.02.2025

1878-yili suratga olingan 30 soniyali “Harakatdagi ot” filmi kino san’atiga asos solgan ekan...

Ma’lumotlarga qaraganda, bugungacha kino ijodkorlari tomonidan 486 mingta badiiy film suratga olinibdi.

Chindan ham kino sanoati o‘tgan yillarda nafaqat san’atning o‘ziga xos turiga, balki ijtimoiy-iqtisodiy hayotimizga ta’sir etadigan qudratli qurolga ham aylandi.

XIX asr boshida insoniyat boshiga misli ko‘rilmagan uqubatlarni solgan Vladimir Lenin ham “Barcha san’at turlaridan biz uchun eng muhimi kino”, deb bejiz ta’kidlamagan edi.

Afsuski, biz ham 33 yillik mustaqillik davrida ana shu quroldan samarali foydalana olmadik. Bugun ham ana shu jarayon “izchil” davom etmoqda.

Tan olaylik, keyingi yillarda sohada ijobiy o‘zgarishlar uchun har qancha imkoniyatlar yaratilmasin, o‘zbek milliy kino san’ati jadal rivojlanib ketmadi. Aksincha, milliy seriallarda g‘urur, oru nomus shu qadar oyoq ostiga olindiki, tomoshabinlar uchun ularni aylanib o‘tish imkonsiz bo‘lib qoldi.

Xo‘sh, davlat budjetidan har yili milliardlab pul olayotgan kinochilarimiz qachongacha shu alfozda ishlaydilar. Besh yil, o‘n yil...

Yana qancha kutishi kerak o‘zbek tomoshabini?

Kuni kecha hind kinoijodkorlarining Gohi shodlik, gohi g‘am” hamda “Tezlik” filmlarini tomosha qildim. Biri o‘z vatani uchun har lahzada jon berishga tayyor bo‘lgan harbiylar va ularning og‘ir qismati haqida bo‘lsa, ikkinchisi oilaning muqaddasligi, ota-ona, farzand va farzandlarning oilaga mehri va muhabbati haqidagi kinoasar ekan.

Alohida ta’kidlash joizki, har ikkala film ham insonni ma’nan yuksaltirishga, uni o‘rab turgan dunyoga ochiqroq ko‘z bilan qarashga undashi bilan e’tibor tortadi.

Shu o‘rinda hind kino ijodkorlari tomonidan VATANga sadoqat bu oddiy ibora emasligi, sevgi va muhabbat bu yengil, mavsumiy mavzu emas, balki qadriyatlar yig‘indisi ekani mohirona ochib berilganini aytish kerak.

Har br qahramonnng hatti-harakati, so‘zi, hatto imo-ishoralarigacha VATAN bu oddiy so‘z emasligini, VATANni kimningdir buyrug‘i bilan himoya qilib bo‘lmasligi, VATAN shu xalq, shu millat uchun hayot manbai ekani ochib berilgan. Kinoda shunday lahzalar borki, sen qahramonlar bilan birga yashaysan, nafas olasan, g‘ururlanasan, og‘riqli lahzalarda esa ular bilan birga iztirob chekasan, ulardek yuraging to‘lib yig‘laysan, hatto...

Beixtiyor senda VATANni shunday sevish, shu VATANda yashab turib, uni shunchalar sog‘inish ham mumkin ekanda degan savol tug‘iladi. Va, o‘sha lahzalarda ONA VATANingni ulardek sevging, uning uchun hoziroq jon berging keladi, zarradek bo‘lsada, Vataning osoyishtaligi uchun hissa qo‘shib, bundan ich-ichingdan faxrlanging keladi...

Ammo achchiq bo‘lsada, haqiqat shundaki, bunday tuyg‘u hozircha faqat xorij filmlarini ko‘rganingdagina paydo bo‘lganidan uyalib ketasan.

Ha, chindan ham mustaqilli yillarida Vatan haqida, insoniy munosabatlar, hatto muhabbat haqida ham arzirli filmlar ololmadik. Rejissyor va ssenariylarimiz darajasi qaynonalarni yomonotliq qilishga, jamiyatni boy, ammo xudbin, kambag‘al, biroq axmoq qatlamga ajratishga yetdi, xolos. Mantiqan bir-biriga zid lavhalar, oldi-qochdi dialoglar ongimiz, dunyoqarashimiz darajasini battar yerga urdi. Taassufki, millat va mamlakatning obro‘- e’tibori, odamlar hayoti, o‘y- tashvishlari barmoq bilan sanarli kinolardagina aks etdi, ko‘rindi yoki inobatga olindi, xolos.

To‘g‘ri, kimdir hind kinolari asosan his-tuyg‘ular, mehr va shafqatni qitiqlovchi insoniy munosabatlar asosiga quriladi, shuning uchun ham ular tomoshabinga tez ta’sir qiladi, deyishi mumkin. Balki shundaydir. Ammo millionlab hind yoshlarini sadoqat va fidoyilikka undayotgan ana shu kinolar, har qanday chegarayu, devorlarni chetlab o‘tib, bugun o‘zbek yoshlarini ham tarbiyalayotgan yolg‘onmi? Yoki boshqa bir mamlakatdan tortiq etilgan seriallar dunyoqarashlarimizni payhon qilib tashlayotganini ko‘rmayapmizmi?

Xorijning yashashni, muomala madaniyatiyu, vatanga sodiqlikni o‘rgatayotgan kinolarini ko‘rganingda, mahalliy kinochilarimiz yuziga, ko‘ziga qarab, yig‘ilib qolgan gaplaringni baralla aytging va bu sharmandalik qachongacha davom etadi deya ularga savol berging keladi. Afsuski, har qancha hayqirma, dod solma, maqolalar yozma yoki bu haqda lavhalar tayyorlab, efirga uzatma, mutasaddilar jiimmmm...

Davlat mablag‘lari qayerga, qanday kinoloyihalarga sarflanyapti, qiziqasan, ammo javob ololmaysan, eng yomoni, ularga «ey kaltafahmlar, nima qilayapsanlar», deydigan odam yo‘qdek. Tan olaylik, qancha buyuk aktyorlarimiz bor, ammo ularga arzirli rol yo‘q yoki bunday ssenariylar g‘aladonlarda saqlanyapti, xolos. Yaqin tariximizni bir eslaylik, Soib Xo‘jayev, Nabi Rahimov, Hamza Umarov, G‘ani A’zamov, To‘ti Yusupova va Rixsi Ibrohimova kabi qanchadan qancha buyuk aktyor va aktrisalarimiz yillar mobaynida o‘zlariga munosib rol kutib, armon bilan o‘tib ketishdi. Yodgor Sa’diyev, Karim Mirhodiyev, Farhod Mahmudov, Bekzod Muhammadkarimov singari o‘nlab aktyorlar esa bugun ana shunday umid va ilinj bilan yashashyapti, ammo ular ham zohiran o‘shanday kunlar kelmasligiga allaqachon ko‘nikib bo‘lishgandek...

Yodingizda bo‘lsa, yangi tarkibdagi Oliy Majlis Qonunchilik palatasining dastlabki yalpi majlisida ham ushbu mavzu keng muhokama qilinib, keskin munozaralarga sabab bo‘lgandi.

Xususan,«Milliy tiklanish» demokratik partiyasi fraksiyasi a’zosi Azamat Pardayev 2025-yilgi Budjetnomada milliy seriallar ishlab chiqarishni qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish uchun respublika miqyosidagi telekanallarga 12 mlrd so‘m miqdorda subsidiya ajratish rejalashtirilganiga e’tibor qaratib, bu mablag‘ telekanallarga qanday taqsimlanishi masalasini ko‘targan edi.

- Keyingi yillarda milliy telekanallarimiz asosan maishi mazmundagi serillar ishlab chiqarish bilan cheklanyapti, xolos. To‘g‘risini aytsak, bunda seriallar yoshlar tarbiyasiga salbiy ta’sir ko‘rsatyapti. Ayrimlarini oila davrasida ko‘rib bo‘lmay qoldi. Shu ma’noda, ajratilayotgan mablag‘ qay darajada o‘zini oqlayapti, xalqimiz kutayotgan milliy seriallar ishlab chiqarishga yordam bera oladimi?

Azamat Pardayev, shuningdek, partiyaning saylovoldi dasturida uch yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun umummilliy qadriyatlarga tayangan milliy video mahsulotlar kontentini yaratish taklifi ilgari surilganidan kelib chiqib, Budjetnomada bu muhim vazif uchun mablag‘ ajratilmaganiga e’tiroz bildirgandi. Deputatning ta’kidlashicha, bugun farzandlarimiz tomosha qilayotgan telemahsulotlarning 90 foizdan ko‘prog‘i xorijniki...

«Milliy tiklanish»chilar yetakchisi Alisher Qodirov ham ushbu e’tirozlarni qo‘llab-quvvatlab, davlat budjeti hisobidan xalqimizning tafakkurini o‘zgartirishga xizmat qilayotgan milliy kinolar asosan kinoteatrlarda namoyish qilinayotganiga e’tibor qaratgan edi.

- Nima uchun davlat puliga ishlangan bunday filmlar milliy telekanallar orqali xalqqa namoyish qilinmayapti? Vaholanki, bu mablag‘larga yana budjetga qaytarish talabi qo‘yilmagan bo‘lsa. Mablag‘ biznes qilish uchun emas, xalqning tafakkurini oshirish uchun ajratilayaptiku, - degandi Alisher Qodirov.

Tan olaylik, bugun yoshlarimizni tarbiyachilarimizdan ko‘ra ko‘proq bu tarmoq tarbiyalayapti, hatto bu tarmoq bizga yashashni, uxlashni, qanday ovqatlanishu kim bilan do‘st bo‘lishni ham o‘rgatyapti. Instagram bu borada soxta hashamatni ko‘z-ko‘z qilishnin eng ommalashgan maydoniga aylangan bo‘lsa, Facebook zamonaviy g‘iybatxona, kamdan kam hollarda taklif va tashabbuslar ulashiladigan joygaay an .Tik-tok esa jonli chatlardagi bema’niliklaru bachkana va axloqsizlikni targ‘ib qiluvchilar «Vatani»ga aylandi qoldi. Ular uchun eng muhimi pul...

Afsuski, yalang‘och videomahsulotlaru seriallar ha dastlab ana shu platformalarda targ‘ib qilinmoqda. Dardi faqat pul bo‘lgan, ko‘p xotinligu orsizlikni targ‘ib qilayotgan aksariyat «ijodkor»larimizning bezbetliklarini jilovlash endi imkonsiz, albatta. Ammo shunday paytlarda oz bo‘lsada dunyoqarashi bor xususiy telekanallar rahbarlari ham efirga uzatilayotgan kinomahsulotlarga shu qadar bepisandmi, deb o‘ylab qolasan

Chindan ham bugun serialla olish uchun qo‘shxotinligu o‘ynashbozlik, orsiz erkaklaru ochko‘z ayollar, zolim qaynonalaru, behayo qaynota mashmashalaridan boshqa mavzu topolmay qoldikmi? Qachondan beri behayolik o‘zbek ayoliga yopishtiriladigan pultopar tamg‘aga aylandi.

Nahotki, to‘rt erkak bir bo‘lib bir xotinni do‘pposlashi, boshqa alp kelbatlar tomoshabin bo‘lishi o‘zbek erkaklari uchun oddiy holga aylanib qolgan bo‘lsa? To‘g‘ri, seriallaru kinolar hayotdan olinadi. Ammo bitta beor yoki noshukurni butun boshli millatning vakili qilib dunyog doston qilishdan kim, qanday manfaat ko‘ryapti? Pulmi o‘sha manfaat?

Yillardirki, ahvol o‘zgarmayapti: biz tanqiddan, ular esa loqaydlikdan charchashmayapti!

To‘g‘ri, katta ekranlarga chiqqan «Osmondagi bolalar»,

«O‘zbek qizi», «Islomxo‘ja», «18 kvadrat», «Baron», «Aldangan ayol» hamda «Yo‘lbarsning tug‘ilishi» singari filmlarimizni vaqt sarflab, tomosha qilsak arziydi. Ammo bu kabi kinomahsulotla barmoq bilan sanarli, xolos.

Ba’zan tungi vaqtlarda ayrim telekanallarni «varaqlab» yaxshiyam o‘zbek telekanallari baxtiga hind, amerika kinochilari bor ekan, deb yuborasan...

Zamon soat sayin o‘zgaryapti, zamon bilan birga odamlar, qarashlar ham o‘zgarishda. Ammo o‘zbek milliy kino san’ati ham, sanoat ham depsinish bilan ovora. Hali ham balog‘at ostonasida turgan qizning orsizlarcha oilali erkakka noz-karashma qilishini oddiy holdek ekranga olib chiqyapmiz. Xo‘sh, qani millat shonu sharafini himoya qilishga intilgan o‘t yuraklar? Nega millatning qahramon farzandlari hayoti emas, boylik ilinjida dugonasining otasiga turmushga chiqishdan tortinmagan qizlar seriallar qahramoniga aylanyapti? Axir bu millat ma’naviyatini «kafansiz ko‘mish» emasmi?

Qan ,qayer aVatanga, millatga sodiq harbiylarimiz, fidoyi o‘qituvchilar, xorijda o‘qiyotgan yigit-qizlarimiz, talabalar yoki tadbirkorlar, boringki, oddiy ishchi-xizmatchilar haqidagi filmlar?

Hech eshitganmisiz, bundan ancha oldin - Buxoro tomonlarda qiziqchilarni rasvo deb atashgan ekan. Qiziqchilarni bilmadimu, ammo bu ta’rif milliy kino san’ati maydoniga bezbetlarcha kirib kelgan aksariyat «vaynchi»larga rosa mos keladi. Jamoatchilikning har qancha e’tiroziyu, matbuotdagi tanqidlarga qaramay, oramizda «vayn»chilaru, jonli chatdan pul ishlayotgan «rasvo»lar ko‘paygandan ko‘paydi. Aynan ularning say’-harakatlari bilan «overton tuynugi» tobora kengayib boryapti. Taassufki, ularning ikkinchi xotin, qo‘sh xotin, katta yoshlilarni masxara qilishu yalang‘och hazillarini nazorat qilishi kerak bo‘lgan yoki ularga tavsiya berishi mumkin bo‘lgan Ma’naviyat va ma’rifat markazi kabi mas’ul tashkilotlar mudrab yotibdimi, deging keladi.

Shu o‘rinda «Ma’naviy ekspertiza» tashkil etilishi haqidagi xabarlardan biroz quvongandik. «Xudoga shukur-yey, sal bo‘lsada ayrim lo‘ttivoz vaynerlarni jilovlaydigan fursat kelibdida», degandik. Taassufki, bu umidlar ham «tug‘ildiyu, bo‘g‘ildi»...

Xulosadan oldin yana bir mulohaza: o‘zbek seriallari muhokama qilingan Facebookda bir foydalanuvchi rasvo serial yoki kino olganlarga jinoiy javobgarlik belgilanishi, hatto qamoq jazosi berilishini taklif qilgandi. Bunday keskin fikrga qo‘shilib bo‘lmaydi, albatta. Bu erkinlikni, ijodni bo‘g‘adi, xolos. Ammo «umid eng oxirida o‘ladi» deganlaridek, umid bilan yozaveramiz. Zora, aksariyat mutasaddilarda Vatanparvarlik, millatga, ona-yurtga va albatta, hazrati tomoshabinga oid tuyg‘ular uyg‘onib qolsa...

Umid ARSLONBEKOV
Milliy tiklanish sharhlovchisi
“Milliy tiklanish” gazetasining 2025-yil 29-yanvar sonidan olindi