894 04.02.2025
Ayrim manbalarda qayd etilishicha, dunyoda jami 40 mingga yaqin turli hajmdagi aeroportlar bo‘lib, yildan-yilga ular hazrati yo‘lovchiga qulay bo‘lishi uchun “kuch” sinashmoqdalar. Masalan, o‘tgan yilgi reytingda Saudiya Arabistonidagi Riyod King Khalid xalqaro aeroporti birinchi o‘rinni egallagan bo‘lsa, Peru poytaxti Limadagi Jorge Chavez aeroporti ikkinchi, Meksikadagi Jorge Chavez xalqaro aeroporti esa uchinchi o‘rinni egallagan.
Keyingi yillarda Yangi O‘zbekistonning 12 ta aeroportida ham mijozlarga qulaylik yaratish maqsadida jiddiy o‘zgarishlar amalga oshirilmoqda. Hatto xususiy aviakompaniyalarga asos solinyapti.
Ammo ayrim yo‘lovchilar, hatto xorijlik sayyohlarning ham bugungi aeroportlarimizda asosan xorij musiqasiyu, taronalari yangrayotganiga taajjublanayotganliklariga guvoh bo‘layapmiz. Mabodo kutish zalida biror soat qolib ketsangiz bormi, ayrim musiqalar 2-3 marta takrorlanayotganiga o‘zingiz ham amin bo‘lasiz.
Shu o‘rinda haqli savol tug‘iladi? Bir kunda yuzlab-minglab odamlarga xizmat ko‘rsatadigan aeroportlarimizda milliy musiqalarimizni qo‘yishning iloji yo‘qmi?
Ma’lumki, vokzal va aeroportlar har qanday davlatning ostonasi, ta’bir joiz bo‘lsa, tashrif qog‘ozi sanaladi. Aeroportlardagi qulaylik, xushmuomala va samimiy muhit hukmronligi esa hali mamlakatga qadam qo‘ymagan insonni ham shu yurtga mehr qo‘yishga undaydi. Milliy kuy, qo‘shiqlar esa mehmonga mahalliy aholi haqida o‘ziga xos ma’lumot yetkazadi. Shundan kelib chiqib aytmoqchimizki, aeroportlarimizda milliy musiqalar yangrashi bu nafaqat taqdim etilayotgan xizmatni yaxshilaydi, balki madaniyatimizni asrash va rivojlantirishga ham xizmat qiladi deb o‘ylayman.
Ammo, afsuski, bu jihat negadir mutasaddilar e’tiboridan chetda qolayotir...
Muhammad Ali RO‘ZIBAYEV,
partiya a’zosi
“Milliy tiklanish” gazetasining 2025-yil 29-yanvar sonidan olindi