668 05.02.2025
O‘zbekiston huquqiy, ijtimoiy va dunyoviy davlatdir. Bosh qomusimizda hamma uchun vijdon erkinligi kafolatlangan. Shukrki, yurtimizda millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglik muhiti sukm surmoqda.
Shu bilan birga, huquqiy tartibga solingan ijtimoiy munosabatlarga muayyan bir dinga xos qoidalarni joriy etishga urinish, ijtimoiy axloq normalarini, milliy va umuminsoniy qadriyatlarni inkor etish, jamiyat taraqqiyoti, birdamligi va barqarorligiga putur yetkazuvchi qonunga xilof g‘oya va qarashlarni tarqatish kabi salbiy holatlar uchramoqda.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining bir guruh deputatlari tomonidan qonunchilik tashabbusi huquqi asosida ishlab chiqilgan O‘zbekiston Respublikasida fuqarolarning vijdon erkinligini ta’minlash va diniy sohadagi davlat siyosati konsepsiyasi bu borada muhim ahamiyatga ega.
Binobarin, mazkur Konsepsiyada jamiyatning jinsi, irqi, millati, tili, dini, e’tiqodi, ijtimoiy kelib chiqishi, ijtimoiy mavqeidan qat’i nazar, har bir shaxsning huquqlari, erkinliklari va qonun oldida tengligini ta’minlash, birgalikda tinch-totuv yashash, moddiy-ma’naviy ne’matlardan adolatli tarzda foydalanish hamda taraqqiy etish uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish borasidagi ongli ehtiyojlari yig‘indisiga “umumjamiyat manfaatlari”, deb ta’rif berilgan.
Har bir insonning Konstitutsiya va qonunlarda belgilangan shaxsiy, siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy va ekologik huquqlari hamda erkinliklarini tenglik va adolatlilik asosida ro‘yobga chiqarish, ularning qonun asosida teng huquq, imkoniyat va himoyaga ega bo‘lishini ta’minlash, turli qarashlar va nuqtayi nazarlarga ega ijtimoiy guruhlar o‘rtasida birdamlik hamda bag‘rikenglik, tinch-totuv yashash va hamjihatlik ruhini shakllantirish ham jamiyatimizning umumiy manfaatlari sirasiga kiradi.
Shunday ekan, mamlakatimizda istiqomat qilayotgan har bir fuqaro boshqa shaxslarning, jamiyat hamda davlatning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlariga daxl qilmasdan, qonunchilik va jamoat tartibini buzmasdan vijon erkinligi konstitutsiyaviy huquqidan foydalanishi, ya’ni o‘zi xohlagan dinga e’tiqod qilishi yoki hech qanday dinga e’tiqod qilmasligi yuqorida tilga olingan “umumjamiyat manfaatlari” hamda vijdon erkinligi uyg‘unligini anglatadi.
O‘zbekistonda mazkur uyg‘unlikni ta’minlash jamiyatda qonun ustuvorligi, totuvlik, ijtimoiy hamjihatlik va birdamlik muhiti mustahkamlanishiga, yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan nizolarning barvaqt oldi olinishiga va ularni profilaktika qilishga imkon yaratadi.
Shu nuqtayi nazardan, yurtdoshlarimizni Qonunchilik palatasining rasmiy veb-saytiga jamoatchilik muhokamasi uchun joylashtirilgan mazkur Konsepsiyani yanada takomillashtirishda o‘z takliflari bilan faol ishtirok etishga chaqiraman. Zero, barcha fuqarolarning huquq va erkinliklarini har tomonlama himoya qilish ko‘p millatli O‘zbekistondagi islohotlarning eng asosiy yo‘nalishlaridandir.
Jumanazar OTAJONOV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi
“Milliy tiklanish” fraksiyasi aʼzosi