Ism tavakkaliga tanlanmasligi kerak!


648     06.02.2025

Bir sinfdoshimning ismi Beshim (beshinchi farzandim) edi. Bolalar kun bermasdi: shiming qani, shim kiy va hokazo. U har safar janjallashar, ammo oxiri taqdiriga tan berib, e’tibor bermay qo‘ygandi.
Talabalik davrimda ham shunday holatlarga guvoh bo‘lganman. Rus tilining mavqei baland davrlar. Darsdan oldin yo‘qlama qilishayotganda Xolto‘rani «Xaltura», G‘afforni «Gappar» tarzida talaffuz qilishardi.
Afsuski, bugun ham milliy-tarixiy an’analardan og‘ish yoki keragidan ortiq berilib ketish oqibatida ism tanlash yoki uni ijod qilish bobida shunday ismlar qo‘yilyaptiki, beixtiyor yoqangni ushlaysan.
Ma’lumki, zamonaviy jamiyatda ism qo‘yish yoki olishning huquqiy asoslari yaratildi.

Bu borada aksariyat davlatlar qonunlarida umumiy tamoyillar kuzatilishi barobarida o‘ziga xos yondoshuvlar mavjudligini ham ta’kidlash joiz. Ya’ni, ism tanlash erkinligi, oilaviy udumlar, milliy an’analardan kelib chiqib ism qo‘yish ayrim masalalarda davlat tomonidan huquqiy taqiqlar qo‘yilishida umumiylik tamoyillari kuzatiladi.
Misol uchun, AQSHning bir qancha shtatlarida ayrim belgilar, boshqa shtatlarida raqam, grafik tasvir va umumfoydalanishda bo‘lmagan leksikadan foydalanish man etiladi. Shunday to‘siqlar Rossiya qonunchiligida ham o‘z aksini topgan. Bu yerda ism qo‘yishda so‘z turkumlaridan bo‘lgan «sonlar» qo‘llanilishiga yo‘l qo‘yilmaydi. Ispaniyada esa insonning qadr-qimmatini tushirish mumkin bo‘lgan har qanday ism taqiqlangan.

Italiyada qonunchilikka muvofiq, bolaga, agar otasi hali tirik bo‘lsa, ota ismini berish, aka-ukalar, opa-singillarga bir xil ism berish mumkin emas, shuningdek, haqoratomuz ma’no keltirib chiqarishi mumkin bo‘lgan ismlar qo‘yishga ham ruxsat etilmaydi. Germaniyada kulgiga sabab bo‘ladigan yoki umumqabul qilingan yovuzlik, sotqinlik tushunchalarini tashiydigan (masalan, Iuda, Kain), ommaning diniy tuyg‘ulariga ta’sir etib, dilini og‘ritadigan ismlar (masalan, Xristos) qo‘yilmaydi. Bundan tashqari, bolaga geografik joy, tovar nomlari va unvonlar (shahzoda, lord) nomlarini ham qo‘yish taqiqlanadi.

Yon qo‘shnimiz Tojikistonda bolaga tojik milliy madaniya-tiga yot bo‘lgan, ya’ni narsa, mol, hayvon va qushlar nomini, shuningdek, inson sha’ni va qadr-qimmatini kamsituvchi, odamlarni ikkiga bo‘ladigan yoki tabaqaga ajratadigan, haqoratomuz ism va iboralarni tanlash taqiqlangan. Shaxs ismlariga «mullo», «xalifa», «to‘ra», «xo‘ja», «xoja», «shayx», «valiy», «oxun», «amir», «so‘fi» va shunga o‘xshash taxalluslarni qo‘shish, odamlarni ajratishga, tabaqalashtirishga hissa qo‘shadigan narsalarga ham ruxsat etilmaydi.

Rossiya, Qozog‘iston va boshqa mamlakatlarda esa ikkilangan ism berish mumkinligi belgilangan, ba’zi hollarda hatto o‘rtaga chiziqcha (defis) qo‘yishga ruxsat etiladigan holatlar ham uchraydi. Lekin ko‘pchilik mamlakatlarda har qanday ismning ikkita so‘zdan oshib ketmasligi qonunchilikda mustahkamlab qo‘yilgan. Estoniyada esa ismlar uchta nomdan oshmasligi yoki ikkita ism chiziqcha bilan bog‘langan bo‘lishi mumkinligi ko‘rsatilgan. Shvetsiya, Daniya, Islandiya, Estoniya, Finlyandiya va boshqa Yevropa davlatlarida ismlar bilan bog‘liq «Ismlar to‘g‘risida»gi yoki «To‘g‘ri ismlar to‘g‘risida»gi qonunlar mavjud.

Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi davlatlaridan Rossiya Federatsiyasi, Moldova, Turkmaniston, Qirg‘iz Respublikasida «Fuqarolik holati dalolatnomalari to‘g‘risida», Tojikiston Respublikasida «Fuqarolik holati dalolatnomalarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish to‘g‘risida»gi qonunlar, Qozog‘istonda «Nikoh (er-xotinlik) va oila to‘g‘risida», Belorusda «Nikoh va oila to‘g‘risida»gi kodekslar qabul qilingan. Bir so‘z bilan aytganda, ism tanlash, ko‘plab mamlakatlarda qonun bilan mustahkamlab qo‘yilgan. To‘g‘ri, bizda ham yangi tahrirdagi «Davlat tili haqida»gi qonunda respublikamizda yashovchi shaxslar, o‘z millatidan qat’i nazar, o‘z ismini, ota ismi va familiyasini milliy-tarixiy an’analarga muvofiq yozish huquqiga ega ekani mustahkamlab qo‘yilgan.

Mazkur norma har kimga qaysi millat yoki din vakili bo‘lsa, o‘sha millat yoki din tartib-tamoyillaridan kelib chiqib, ism qo‘yish imkoniyatini yaratadi. Shu bilan birga, o‘z xohishiga ko‘ra ish tutishi, xohlasa, milliy-tarixiy an’analarga amal qilishi yoki qilmasligi mumkinligi belgilangan. Shuningdek, Fuqarolik va Oila kodekslarida fuqaroning ismi, familiyasi va otasining ismi bilan bog‘liq normalar mustahkamlangan bo‘lib, fuqaroning o‘z ismidan, familiyasidan, otasining ismi bilan bog‘liq huquq va burchlari, taxallusdan foydalanish, familiya, ism va ota ismini o‘zgartish masalalari tartibga solingan. Ammo laqab masalasiga to‘xtalib o‘tilmagan. Bundan tashqari, biz ruscha klichka - hayvonlarga qo‘yiladigan ot masalasiga ham e’tibor qaratishimiz zarur. Negaki, boshqa ba’zi xalqlarda hayvonlarga ham odamlarning ismini berish odati bor. Bizda esa yo‘q, lekin hayvonlarning oti odamlarga qo‘yiladi: Masalan, Arslon, Bobur, Qoplon kabi ismlar qo‘yiladi. Bu holatni huquqiy jihatdan tartibga solish maqsadga muvofiq.

Ta’kidlash joizki, ism, familiya va otasining ismini olish bilan aloqador xorij va milliy tajribani o‘rganish bu borada oldimizda dolzarb vazifalar turganligini, ya’ni ismlar va ular bilan bog‘liq faoliyatni tartibga solishga qaratilgan alohida qonun qabul qilinishiga zarurat borligini ko‘rsatadi.

Ikkinchidan, qonunda fuqarolarga o‘z ismini, otasining ismi va familiyasini milliy-tarixiy an’analarga muvofiq yozish huquqini berish bilan bir qatorda majburiy normalar kiritilishi maqsadga muvofiq.

Yaqinda eshitib qoldim: bir fuqaro o‘z qiziga «Yangi O‘zbekiston», deb ism qo‘yibdi. Bu holat ham qonunlarimizda muhokama etilayotgan faoliyat yetarlicha tartibga solinmaganini anglatadi.

Yana bir masala: ayrim ism, ota ismi yoki familiyalarga, aytaylik, «xon», «xo‘ja» kabi so‘zlarni qo‘shish orqali jamiyatda boshqalarga nisbatan yuqori mavqeiga talabgorlikni aks ettirishi, bu esa o‘z navbatida tabaqalanishga urg‘u berishi mumkin. Shu o‘rinda ismlarni zamonaviylashtirish - bu tabiiy jarayon sifatida qabul qilinishi, shu bilan birga, mamlakatimizda yashovchi barcha millatlarning o‘z milliy-tarixiy an’analarga qat’iy amal qilish choralarini ko‘rish talab etilishini ham ta’kidlash joiz. Darvoqe, Pele, Ronaldo, Messi, Zidan, Mels, Oktyabr, Marks, Elbrus, Kazbek, Ruslan, Jumong, Yasmin (Jasmin), Klara, Mayya, Luiza, Telman, Ishani, Ranvir va Romeo kabi ismlarni qo‘yish yaxshi niyatlar bilan bog‘liq, albatta. Lekin xalqimizning milliy-tarixiy an’analarga mutlaqo zid ekanini ham tushunishimiz lozim. Shu o‘rinda ota ismi qanday yozilishi masalasiga ham e’tibor qaratish muhim deb o‘ylaymiz. Yurtimizda ota ismidan keyin «o‘g‘li», «qizi» so‘zlarining qo‘llanilishi XV asrdan boshlangan, ya’ni bunday yondashuv o‘sha davrdan boshlab barcha tarixiy va badiiy asarlar, hujjat va ma’lumotlarda uchraydi. XIX asr oxiri - XX asr boshlarida esa o‘zbeklarning -zoda, -iy (-viy) qo‘shimchalari yordamida hosil qilingan ota ismlari ko‘zga tashlana boshladi. Bu holat asosan o‘zbek ziyolilari o‘rtasida rasm bo‘lgan. Masalan, Hamza Hakimzoda Niyoziy, Abdulla Qodiriy, So‘fizoda, Sotim Ulug‘zoda va boshqalar.

Ruscha -ovich, -yeva, -ovna, -yevna qo‘shimchalari yordamida hosil qilinadigan ota ismiga o‘tish esa Ikkinchi jahon urushidan keyingi tizimli o‘zgarishlar bilan bog‘liq.

Ammo tariximizda ota ismi hech qanday qo‘shimchalarni qo‘shmasdan qo‘llanilgan davrlar ham bo‘lganini unutmasligimiz lozim (Muhammad Raxim, Muhammad Yusuf, Tojiddin Hasanxoja va boshqalar). Yoki ismga shaxs taalluqli bo‘lgan urug‘ nomini qo‘shib aytish ham odat bo‘lgan. Masalan, Islim barlos, Do‘stimbiy qushchi, Qosim qavchin, Sayyid Qosim eshikog‘a jaloyir... O‘rganishlar boshqacha ko‘rinishdagi ism, ota ismini olish hollari uchrashini ham tasdiqlaydi. Shu boisdan, ota ismini shakllantirishning huquqiy asoslarini tartibga solish dolzarb masala deb hisoblaymiz.

Bir so‘z bilan aytganda, ism, ota ismi, familiyani o‘rganishga qaratilgan ilmiy izlanishlar olib borilishini davlat tomonidan yanada qo‘llab-quvvatlanishi masalalari ham dolzarb bo‘lib qolmoqda. Sohaning huquqiy asoslarini yaratish esa unga bo‘lgan e’tiborni yanada kuchaytirish barobarida xalqimizning o‘ziga mos va xos ismlar tanlashiga zamin yaratadi.

O‘ral XAITOV, partiya faoli
“Milliy tiklanish” gazetasining 2025-yil 29-yanvar sonidan olindi