682 14.02.2025
Ko‘chani belgilanmagan joyidan kesib o‘tib, haydovchilarning “olqishi”ga sazovor bo‘lib tursam, yonimga bir avtomashina kelib to‘xtadi.
– O‘tiring, ishxonagami, tanish ovozdan sergaklanib, salon ichiga qarasam, partiya viloyat kengashida deputatlar bilan ishlovchi guruh rahbari Murodxon Otaxonov jilmayib turibdi…
Murodxonni anchadan beri taniyman. Rosa kuydi-pishdi kadr. Bir qarasang, hali u tumanda, bir qarasang hali bu shaharda yuradi. Yuzaga kelgan muammolarni iloji boricha joyida hal qilib qo‘ya qoladi. To‘g‘risi, masala o‘z yechimini topmaguncha tinchimaydi, o‘zgalargayam tinim bermaydi.
– Mirzaobod tumanidan kelayapman, – hol-ahvol so‘rashgach, gap boshladi u. –Xabaringiz bor, mahalliy kengashlarga jami 46 nafar deputatimiz saylangandi. Shuning 7 nafari viloyat kengashi, 39 nafari esa tuman, shahar kengashlari deputati. Bilasiz, Mirzaobodda bitta to‘polonchi deputat bor. O‘sha opa bilan yana mahalla kezdik. Odamlar bilan gaplashdik. Opa hammani eshitib, dardu tashvishlarini erinmay yozib oldi. Ayniqsa, mahallalarga biriktirilgan, lekin oyda-yildayam qorasini ko‘rsatmay, xalqdan qochib yurgan ba’zi rahbarlarning ism-shariflarini yon daftariga alohida belgilab qo‘ydi. Endi tuman kengashining navbatdagi sessiyasida o‘sha janoblarning holiga maymunlar yig‘laydi. Mirzaobodlik ba’zi «kattakon»larning aytishicha, to‘polonchi opaning yana qayta saylanishi tumanda hotirjamlikka butkul barham berilganligining belgisi emish.
Otaxonovning gapi o‘ziga nasha qilib kulib yubordi-da, so‘ngra, balandroq ohangda qo‘shib qo‘ydi:
– Xullas «o‘rtaga chiqqan» 19 ta muammoning 7 tasini joyida hal qilib kelyapmiz.
Suhbatdoshimni gaplarini eshita turib, mirzaobodlik to‘polonchi deputat Hikoyat Amonboyevani esladim. Ko‘rinishidan og‘ir, bosiq, o‘ta mulohazali biroq… biroq odamlarni o‘ylantirayotgan muammolarni ko‘rgan yo eshitganda qoni qaynab, uning «ijodkorlariyu-sababchi»larini ko‘cha-kuydami, ishxonadami yoxud biron bir yig‘ilishdami yuzing-ko‘zing demay, rosa savalaydi. 2020-yili u tumandagi 5-Dehqonobod saylov okrugidan saylangan bo‘lsa, bu gal 11-Yangi Toshkent saylov okrugidan nomzodini qo‘ydi. Shu tariqa mirzaobodliklar opani «qo‘yib yuborishmadi»…
H.Amonboyeva 1969-yilning 22-aprelida Mirzaobodda tug‘ilgan. 1990-yilda Sirdaryo davlat pedagogika oliygohini bitirib, Boyovut tumanidagi 23-umumta’lim maktabida biologiya fanidan dars bera boshladi. 2001-2018 yillarda Guliston shahridagi 9-umumta’lim, 2018-yildan 2024 yilgacha Mirzaobod tumanidagi 21-umumta’lim maktabida direktor, xuddi shu yildan boshlab Xalq deputatlari tuman Kengashida kotibiyat mudiri lavozimida mehnat qilib kelmoqda. Oilali, 2 nafar farzandi bor.
Ha, darvoqe, 2021 yili uning 34 yillik pedagoglik faoliyati, zahmatli mehnatlari qadrlanib, «O‘zbekiston Respub likasi Mustaqilligining 30 yilligi» esdalik nishoni berildi...
Uning kamtaringina tarjimayi holi shundan iborat. Opaning badiiy adabiyotga, san’at va she’riyatga ayricha mehri borligi ham meni hayratga soladi. Ayniqsa, jahon adabiyoti va she’riyati namoyandalari haqida gap ketgudek bo‘lsa, Hikoyat Abdurazzaqovnaning yayrab so‘zlashlaridan, yonib she’r o‘qishlaridan ko‘p bora zavqlanganman.
Tumandagi ehtiyojmand oila vakillarini «Temir daftar»ga kiritish, partiyaning «Uyma-uy», «Deputatning bir kuni» kabi loyihalarida ham muntazam ishtirok etish, hazrati fuqaroning dardiga uzzukun quloq tutib… yana kitob mutolaasiga vaqt topa bilish bugun hamma rahbarning ham qo‘lidan kelavermaydi...
– AQSHning sobiq prezidenti Barak Obama Oq uyda o‘tirvolib, dunyo tashvishi bilan shug‘ullangan bo‘lsayam, har kuni 2 soat vaqtini kitobga ajratgan ekan – deydi opa kuyinib. – Bilasizmi, o‘qimaslik fikrsizlikka olib boradi. Fikrmulohaza qilmaydigan odamni esa har qayoqqa yetaklasang ketaveradi. Shu ofatdan ehtiyot bo‘lishimiz shart!
Oxirgi marta deputat bilan suhbatlashganim… ochig‘i, o‘sha gurungda bilib-bilmay uning «yarasiga tuz sepib» qo‘yganimni esladim. Bu suhbatga hali uncha ko‘p bo‘lgani yo‘q… Gapning ochig‘i men uning faoliyati haqida yozmoqchi edim, lekin o‘sha «tuz» tufayli mavzu butunlay o‘zgarib ketgandi…
–«Har kim o‘z yumushini bajarsa, olam-guliston. Sartaroshni suvoqchi qilib qo‘ysangiz devorga sovun ko‘pigi surtadi. Etikdo‘zni sartarosh qilsangiz, odamning boshiga mix qoqadi». Bu o‘zbekning ulug‘ adibi O‘tkir Hoshimovning bebaho fikrlari – deya gap boshlagandi, o‘shanda opa. – Sezyapsizmi, ayni kunlarda devorga ko‘pik surtadiganlaru odamning boshiga mix qoqishga shaylangan «ustayu ustazodalar» ijtimoiy tarmoqlaru televideniyeda yomon qovunning urug‘idek ko‘payib ketdi. Bo‘lmasa televideniyeda kitobxonlikni targ‘ib etuvchi respublika miqyosidagi tanlovga qiziqchilaru raqqosalar boshlovchilik qilishmasdi. Eng yomoni, o‘sha «boshlovchi»larning o‘zlari aqalli bitta kitobni umri davomida o‘qib oxiriga yetkazishganmikan?
O‘zini qo‘shiqchi sanayotganlarga kelsak, rosti gap ularning juda ko‘pchiligi 3 ming yillik tarixga ega bo‘lgan millatimizning tilini tap tortmay haqorat qilishgacha borib yetishdi:
Isming sening Natashadur,
Krasavitsa deb atashadur,
Mini yubka yarashadur,
Seni sevsam mojnamu?
Qani ayting, buni qo‘shiq deb atash mumkinmi?! Afsuski, bu kabi «mag‘zava xonish»lar har kuni televideniye kanallarida «adashgan it kabi aylanib yuribdi».
Men o‘zbek matbuotining darg‘alari – Ibrohim G‘afurovlaru Ahmadjon Meliboyevni, Hakim Sattoriy yoki Husan Ermatovlarni ko‘rmaganman, ular bilan hamsuhbat ham bo‘lmaganman. Lekin ularning maqolalarini izlab topaman. Mana eshiting, – opa asabiy holatda yon daftarini titkilab, kerakli varaqni topadi-da o‘qiy boshlaydi: – «Maza-matrasiz to‘qima seriallar tufayli tilimizga soxta so‘z, ibora va aytimlar shovullab kirib kelmoqda. Bu jarayon shu tarzda davom etaversa, til deb atalmish bebaho boylik bora-bora qorishiq bo‘tqaga aylanib ketadi». Bu A.Meliboyevning otashin fikrlari.
«Bugungi yoshlar nimaga ko‘proq qiziqmoqda? Millionlab tomoshabin «topgan» «Ko‘k jiguli» kabi loyihalar aslida bizni sergaklikka, sohadagi mutasaddilar va rahbarlarni insofga undashi kerak emasmi?! San’atning tirikchilik industriyasiga aylanishida tomoshabin bo‘lib turgan vazirlikdan rozi bo‘lish mumkinmi?! Savollar ko‘p… Sirasini aytganda, buyuk ajdodlarimizdan boy va judayam qimmatli ba’zi o‘rinlarda dunyoning bo‘yi yetmay qoladigan meros qolgan. Bizdan keyingi avlodga u qanday yetib boradi?! Yetib boradimi o‘zi?! Biz bu borada qachon o‘ylaymiz?! Bizni masalaning shu jihatlari bezovta qilishi zarur!»
Bu fikrlar Husan Ermatovga tegishli bo‘lib, anglashimcha, jurnalist san’atfurushlarning qiliqlaridan joni halqumiga kelib, shu yo‘sinda chiqish qilgan.
Tursunboy, Tursunboy, yuragimdan olding joy,
Rosti chidamay ketyapman, aytaqolgin qachon to‘y?
Bu «xonishcha»ni yaqinda televideniyeda bir o‘zbek qizcha sakrab-sakrab ijro etdi. Endi tushunayotgandirsiz, mening nega jizg‘anak bo‘layotganimu, soha fidoyilarining markaziy matbuotda bo‘g‘ilib maqola e’lon qilayotganliklarining sababini.
Yana bir gap, o‘tgan yilning noyabr oyi boshlarida Respub lika Ma’naviyat va ma’rifat markazi tomonidan «Ma’naviy ekspertiza» joriy etilishi e’lon qilinganida, gapning ochig‘i, men ham xursand bo‘lgandim. Negaki, yuqoridagi kabi alahsirashlaru, almoyi-jalmoyi, millatga isnod keltiruvchi, televideniye va mediamakonda bezbetlarcha namoyish etilayotgan bu kabi «qo‘shiq»laru, seriallar, kinofilmlar mazkur ekspertiza tufayli tartibga solinar, deya umid qilgandik. Biroq respublika Adliya vazirligidagilar buni senzura deb baholashib, markaz tashabbusini yo‘qqa chiqarishibdi. Yanayam aniqroq aytganda yaqinda «Milliy tiklanish» gazetasida e’lon qilingan Umid Arslonbekovning «Nega milliy kino san’ati mutasaddilari tomoshabinlikdan nariga o‘tisholmayapti?» maqolasida qat’iy ta’kidlanganidek, ulug‘vor tashabbus «tug‘ildiyu-bo‘g‘ildi».
Tasavvur qiling, o‘zbek qizi «chidamay ketyapman, qachon to‘y bo‘ladi» deb «nolayu fig‘on» qilib tursa… bunday hayosizliklarni tartibga solishning nimasi yomon axir?!
Adliya vazirligi mutasaddilari shular haqida bir o‘ylab ko‘rishsa, yomon bo‘lmasdi. Qolaversa, ba’zi lobbichilar ham bu harakatni senzura – o‘zbek madaniyati-yu, san’ati, qo‘shiqchiligi rivojiga qo‘yilgan to‘siq deya ayuhannos solishdi, solishmoqda. Lekin o‘z millatini qadrlagan vatanparvar, hushyor, ongli odamning hech biri bu ekspertiza faoliya tiga qarshi chiqmadi. Aksincha uning zudlik bilan ish boshlab, televideniye va mediamakonda tartib o‘rnatishiga umid bog‘lagandi. Ammo… lekin… biroq…
Opa kuyunchaklik bilan so‘zlayveradi. E’tibor berib qarasam, qalingina daftarda yana bir talay bitiklar bor. Aniq sezdim, ularda ham qanchadanqancha saylovchining muammosi mujassam…
Abdug‘affor OCHILOV,
“Milliy tiklanish” muxbiri
“Milliy tiklanish” gazetasining 2025-yil 12-fevral sonidan olindi