877 14.02.2025
Oliy Majlis Senatining 25-yanvarda bo‘lib o‘tgan 3-yalpi majlisida “Banklardagi omonatlarni himoyalash kafolatlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni atroflicha muhokama qilinib, senatorlar tomonidan ma’qullandi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 28-fevraldagi “2022-2026-yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasini “Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risida”gi Farmoniga muvofiq ishlab chiqilgan mazkur qonun omonatchilarning huquq va manfaatlari kafolatli himoya qilinishini ta’minlash va aholining bank tizimiga bo‘lgan ishonchini mustahkamlashga qaratilgani bilan ham muhim ahamiyatga egadir.
Qonunni ishlab chiqish zarurati nimalardan iborat?
Ma’lumki, banklarimiz orasida jismoniy shaxs bo‘lgan ko‘plab mijozlarga xizmat ko‘rsatayotgan Xalq banki omonatlarni kafolatlash tizimida ishtirok etmaydi. Shu sababdan mazkur bankka joylashtirilgan omonatlar davlat tomonidan kafolatlanadi.
Boshqa banklardagi omonatlar esa Fuqarolarning omonatlarini kafolatlash jamg‘armasi (Fond) tomonidan kafolatlangan. Xalqaro tajribaga muvofiq, omonatlarning cheklangan miqdorda kafolatlash tizimiga o‘tilishi, bitta bankning mazkur tizimdan chetda qoldirilishi va mazkur bankdagi omonatlarning to‘liq hajmda kafolatlanishi bozor muvozanatiga, shuningdek, xususiy moliya sektori rivojlanishiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Shuning uchun ham boshqa tijorat banklari bilan bir xil sharoitda raqobatlashishi uchun Xalq banki omonatlarini davlat tomonidan kafolatlash maqsadga muvofiq hisoblanadi.
Ma’lumki, O‘zbekistonda 2008-yilning oxirigacha fuqarolarning omonatlari bo‘yicha haq to‘lashning maksimal miqdori eng kam ish haqining 250 baravariga tenglashtirilgan edi. Biroq jahon moliyaviy-iqtisodiy inqirozi davrida omonat miqdoridan qat’iy nazar uni to‘liq hajmda qoplab berish amaliyotiga o‘tildi.
Yangi Qonun bilan endi bir bankda bir omonatchiga to‘lanadigan kompensatsiya, agar kafolatlash obyektining miqdori ikki yuz million so‘m yoki undan kam bo‘lsa, kafolatlash obyekti qoldig‘ining to‘liq hajmini, agar kafolatlash obyektining qoldig‘i ikki yuz million so‘mdan ko‘p bo‘lsa, ikki yuz million so‘mni tashkil etishi belgilanmoqda.
Ma’lumot uchun: Cheklanmagan miqdorda kafolatlash bizdan tashqari faqat Belarus va Turkmanistonda saqlab qolingan. Xalqaro tajribada ham omonatlarni kafolatlash bo‘yicha turli miqdorlar belgilangan. Masalan, bu Ozarbayjonda 17,7 ming dollar, Rossiyada 14,4, Turkiyada 14 ming dollar tarzida belgilangan. Bizda esa bu miqdor 15,6 ming dollarga tengdir.
Shu o‘rinda qonun bilan banklardagi omonatlarning himoya qilinishini kafolatlash sohasidagi vakolatli organ - “Omonatlarni kafolatlash agentligi”ning faoliyati va uning vazifalari, huquq hamda majburiyatlari belgilanmoqda.
Agentlikning Markaziy bank, Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda boshqa idoralar bilan hamkorligi ham belgilab qo‘yilyapti. Agentlikning kuzatuv kengashi esa yuqori boshqaruv organi hisoblanadi. Shu o‘rinda Markaziy bank raisi Kengash raisi hisoblanishini, Rais o‘rinbosari Kengash a’zolari orasidan saylanishini aytish joiz. Kengash a’zolarining vakolatlari muddati ular tayinlangan kundan e’tiboran besh yilni tashkil etadi.
Shuningdek, yangi qonun bilan kafolatlash tizimi, banklarning kafolatlash tizimida ishtiroki, kafolatlash tizimi mablag‘larini boshqarish, Kafolatlash fondi mablag‘lari manbalari va mazkur mablag‘lardan foydalanish, Kafolatlash fondi taqchilligini moliyalashtirish, kafolatlash obyektlari, kafolatlangan omonatlar miqdori va ular bo‘yicha kompensatsiya to‘lash tartibi, kompensatsiya miqdori, kompensatsiya to‘lab berishning umumiy prinsiplari, kompensatsiyalarni to‘lab berish tartibi, omonatchilarning huquqlari, kafolatlash tizimi ishlashi to‘g‘risida jamoatchilikni xabardor etish kabi normalar ham aniq-tiniq belgilanmoqda.
Bilamizki, samarali tarzda shakllantirilgan omonatlarni kafolatlash tizimi moliyaviy barqarorlikni ta’minlashning asosiy elementi hisoblanadi. Shu o‘rinda Markaziy bank tomonidan bank litsenziyasi chaqirib olinganda, omonatchilar mablag‘ini tezkorlik bilan Agentlik tomonidan Kafolatlash fondi mablag‘lari hisobidan qaytarib berilishi boshqa banklardagi omonatchilar o‘z pul mablag‘larini ommaviy yechib olinishi (“bank run”) oldini olish orqali bank-moliya tizimidagi barqarorlikni saqlab turishga xizmat qilishini ta’kidlash joiz. Xulosa o‘rnida shuni aytish joizki, Jahon banki ekspertlari ko‘magida ishlab chiqilgan ushbu qonunning qabul qilinishi omonatchilarning mulkiy huquqlarini kafolatli himoya qilishga xizmat qiladi va banklarga bo‘lgan ishonchning ortishini ta’minlaydi.
Qobul TURSUNOV,
Oliy Majlis Senatining Budjet va iqtisodiy masalalar qo'mitasi raisi o'rinbosari
“Milliy tiklanish” gazetasining 2025-yil 12-fevral sonidan olindi