874 18.02.2025
Prezidentimiz yoshlar bilan navbatdagi tarixiy uchrashuvini o‘tkazib, yoshlar tadbirkorligida mutlaqo yangi davrni boshlab beradigan uchta muhim hujjat imzolanganini eʼlon qildilar.
Birinchi hujjat: Yoshlar ishlari agentligi huzurida yoshlar tadbirkorligini rivojlantirish jamg‘armasi tashkil etilib, unga 100 million dollar mablag‘ ajratiladi. Ikkinchi hujjatga ko‘ra, oliygoh bitiruvchilari bandligini taʼminlash bo‘yicha yangi tizim yaratiladi va buning uchun “Milliy bank”ga 100 million dollar resurs beriladi. Uchinchi hujjatda esa “Aloqa bank” yoshlarning biznes loyihalarini qo‘llab-quvvatlovchi tayanch yoshlar bankiga aylantiriladi va shu maqasadda 200 million dollar ajratildi.
Ushbu hujjatlarning ahamiyati shundaki, endi yoshlar tadbirkorligini rivojlantirishga har qachongidanda katta eʼtibor qaratiladi va bu masalada hech qanday to‘siq bo‘lishi mumkin emas. Zero, yoshlar bu borada ishonchni oqlayapti. O‘tgan 8 yilda yosh tadbirkorlar soni 3 karra ko‘payib, bugun biznes vakillarining salkam 40 foizini tashkil etayotgani ham buning isbotidir. Kreativ iqtisodiyot sohalarida faoliyat ko‘rsatayotganlarning 98 foizini ham yoshlar tashkil qilishi eʼtiborga molik.
Muhtaram yurtboshimiz tashabbuslari bilan “Yosh kitobxon” Respublika ko‘rik-tanlovi tashkil qilindi va bu ko‘rik-tanlov ming-minglab kitobxon yoshlarni, kitobxon oilalarni kashf etdi. Ushbu yo‘nalishda yana bir muhim taklifni ilgari surmoqchi edim. Jamiyatimizda gazeta o‘qishga bo‘lgan talab susayib ketayotganidan kelib chiqib, “Yosh gazetxon” tanlovini ham tashkil qilish lozim, deb o‘ylayman.
Ishonchim komilki, bu taklif ijobiy qarshi olinadi. Yurtimizda kelajagimiz egalari hisoblanmish yoshlar maʼnaviyatini oshirish, ularni Vatanparvarlik, qadriyatlarimizga hurmat ruhida tarbiya topishiga xizmat qiladigan har qanday loyiha doimo qo‘llab-quvvatlangan.
Muhammad Ali RO‘ZIBAYEV,
“Milliy tiklanish” demokratik partiyasi Buxoro viloyati Kengashi
“Yoshlar qanoti” faoli