Yangiliklar


260   13-04-2022

Milliy iqtisodiyotni rivojlantirishdagi ustuvor vazifalar

O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasida milliy iqtisodiyotni jadal rivojlantirish va yuqori o‘sish surʼatini taʼminlash bo‘yicha ustuvor vazifalar belgilangan bo‘lib, bu orqali kelgusi besh yilda aholi daromadlarini oshirish borasida bir qator maqsadlar o‘rin olgan.

Joriy yilning 8-aprel kuni Prezidentimiz tomonidan “Tadbirkorlik muhitini yaxshilash va xususiy sektorni rivojlantirish orqali barqaror iqtisodiy o‘sish uchun shart-sharoitlar yaratish borasidagi navbatdagi islohotlar to‘g‘risida”gi Farmoni qabul qilindi. Ushbu hujjat yurtimizda tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning erkin faoliyat olib borishlariga ko‘maklashish, haq-huquqlarini himoya qilish, ularning xususiy mulk daxlsizligini taʼminlash bilan birga mavjud kamchiliklarni samarali bartaraf etish va soha rivojini yuksaltirish uchun yana bir muhim poydevor bo‘lganligi bilan katta ahamiyat kasb etmoqda.

Farmonda energiya resurslari, transport va kommunikatsiya bozorlarini rivojlantirish va sohaga hususiy investitsiyalar kirib kelishi uchun sharoitlar yaratish, ichimlik va oqova suv taʼminoti, issiqlik taʼminoti, obodonlashtirish, yo‘l qurilishi, aviatsiya infratuzilmasi sohalarida davlat-xususiy sheriklik loyihalarini keskin ko‘paytirish, xususiylashtirish jarayonlarini jadallashtirish, investorlarga ko‘shimcha qo‘layliklar yaratish masalasiga keng to‘xtalib o‘tilgan.

Bunda qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer uchastkalarini mulk huquqi asosida auksion orqali sotishda davlat aktivlarini sotishda qo‘llaniladigan uch yilgacha bo‘lib-bo‘lib to‘lash tartibi tatbiq etilishi, ushbu shart bilan sotilgan davlat aktivlari va qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer uchastkalari bo‘yicha kamida 35 foiz miqdoridagi dastlabki to‘lovni bir yo‘la amalga oshirgan xaridorlarga mazkur davlat aktivlari va yer uchastkalarini kredit taʼminoti sifatida garovga qo‘yish huquqi  berilmoqda.

Farmonda bildirilgan yana bir asosiy yangiliklarning biri 2022-yil 1-maydan boshlab ro‘yxati Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadigan xorijiy davlatlar fuqarolariga O‘zbekiston Respublikasida yashash guvohnomasini talab qilmagan holda, yangi barpo etilayotgan bir qator ko‘chmas mulk obyektlarini sotib olish tarzida investitsiya kiritish huquqi berilib, sotib olishlari uchun mablag‘ miqdori va turlari belgilab quyilmoqda.

Eʼtiborlisi shunda, xorijiy mamlakatlar fuqarolariga ko‘chmas mulk sotib olish sharti bilan O‘zbekiston Respublikasida yashash guvohnomasini olish uchun talab etiladigan ko‘chmas mulk qiymati miqdori kamaytirilishi belgilab berilgan.

Farmonda iqtisodiyotda raqobat muhitini yanada yaxshilash va xususiy sektor oldidagi byurakratik to‘siqlarni qisqartirish maqsadida bir qator vazifalar belgilanib, bu o‘z navbatida faoliyatini rivojlantirish va davlat orqali rivojiga hissa qo‘shishni asosiy maqsad qilgan tadbirkorlarning talab va istaklarining amalga oshirilishida katta ahamiyatga ega.

Shuningdek, Vazirlar Mahkamasi tomonidan bir oy muddatda moliyaviy jarimalarning aniq miqdorlari va ularni qo‘llash tartibini nazarda tutuvchi Yangi tahrirdagi «Raqobat to‘g‘risida»gi qonun loyihasini Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga kiritilishi belgilanib, bunda undirilgan moliyaviy jarimalar summasini to‘liq Davlat byudjetiga yo‘naltirish hamda raqobatga qarshi harakatlarning boshqa turlari uchun ham javobgarlik nazarda tutilmoqda.

Bu o‘z navbatida tadbirkorlarning har xil byurokratik to‘siqlarga duch kelmasdan, sog‘lom va erkin raqobat muhitida faoliyat olib borishlariga imkoniyat yaratadi.

Hujjatda ilgari surilgan vazifalar, taklif va tashabbuslar tadbirkorlik faoliyatining belgilangan nizom va meʼyorlar bilan belgilanib, aniq tartib va qoidalarga asoslanib yo‘lga qo‘yilishini taʼminlaydi. Shunday ekan, ularning asl mohiyatini aholining keng qatlamiga yetkazish,  belgilangan aniq va dolzarb vazifalarni birlashgan holda uyushqoqlik bilan amalga oshirishda har birimizdan faollik talab qilinadi.

 

Ruslan JUMAMURATOV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,

“Milliy tiklanish” demokratik partiyasi fraksiyasi aʼzosi