Sun'iy intellekt inson tafakkurining mahsuli, lekin...


472     19.02.2025

“Milliy tiklanish” ijtimoiy-siyosiy gazetasining 2025-yil 6-sonida chop etilgan “oddiy hayrat emas bu yoki sun’iy intellektning inson hayotiga juda oson kirib borayotgani xususida” sarlavhali intervyu ko‘pchilik o‘quvchilarning e’tiborini tortganiga ishonchim komil. Taniqli jurnalist Bobur Alixonovning sun’iy intellekt (ing. ai - artificial intelligence) bilan qiziqarli muloqotini o‘zim ham “yutoqib”, katta qiziqish bilan o‘qib chiqdim. Chunki jonzot sifatida shaklan mavjud bo‘lmagan, biroq allaqachon odamlar hayotiga kirib kelgan mavjudlik bilan mazkur sarhadsiz muloqotda sun’iy intellekt bilan bog‘liq dolzarb masalalar muhokama qilingan.

Suhbatda zamonamizning eng inqilobiy texnologiyalaridan biri bo‘lgan sun’iy intellekt insoniyat uchun katta naf keltirishi bilan birga, muayyan tahdidlarni ham o‘z ichiga olishi, ya’ni uning ijobiy va salbiy jihatlari borligi ham atroflicha ochib berilgan. Shu o‘rinda jurnalist hozir va kelajakda kutilayotgan SIning ulkan salohiyatiga qaramay, u bilan bog‘liq xavf-xatarlar jiddiy hisobga olinishi kerakligini ham ta’kidlaydi.

Suhbatda SIning psixologik portreti ham “chizib” berilgan. Lekin uni tugal deb bo‘lmasligi tushunarli, albatta. Chunki SI va uni takomillashtirish ustida olib borilayotgan ilmiy izlanishlar hali davom etmoqda.

Jurnalist bilan ushbu suhbatda SI odamlar bilan qanchalik ko‘p muloqot qilsa, ularning qiziqishlari va muloqot uslubiga shunchalik aniqroq moslasha olishini, kamchiliklardan ham holi emasligini e’tirof etgani, shuningdek, u yaxshilik yoki yomonlik uchun ishlatilishi mumkin bo‘lgan kuchli vosita ekanligini tan olgani o‘quvchi e’tiborini tortadi. Nazarimda, eng katta xavf ham ana shundadir. Chunki SIning texnologik imkoniyatlari, uning chegarasi qay darajada bo‘lishi hozircha noma’lum.

Sun’iy intellektning nima ekani, uning bugungi kunda nimalarga qodirligi va insoniyatga qanday masalalarda beminnat ko‘makdosh vazifasini o‘tayotgani ko‘pchilikka ma’lum. Shunga qaramay, insoniyat asosan oxirini, ya’ni oqibatni o‘ylab ish tutmog‘i kerak, deb o‘ylayman. Chunki ushbu soha mutaxassislari “Kuchli SI” (Strong AI, Artificial General Intelligence) yaratilganidan so‘ng u keng qamrovdagi intellektual vazifalarni hal qilishga qodir bo‘lishiga, bunday SI mustaqil fikrlay olishi mumkinligiga jiddiy e’tibor qaratishmoqda.

Britaniyalik mashhur olim Stiven Xoking fikrlaydigan mashinalarning yaratilishi insoniyatning yashab qolishini xavf ostiga qo‘yadi, degan edi. U shuningdek, Bi-Bi- Siga bergan intervyusida to‘laqonli sun’iy intellektning paydo bo‘lishi insoniyatning tirik mavjudot sifatida yo‘q bo‘lishini boshlab berishi mumkinligini ta’kidlagandi.

“Speys X” fazo kompaniyasi asoschisi, mashhur injener va tadbirkor Ilon Mask ham uzoq kelajakda mashinalar insoniyatning hayot kechirishi uchun asosiy xavf bo‘lishi mumkinligini yozgandi.

To‘g‘ri, SI ham insoniyat aqli-idroki va tafakkurining hosilasi. Suhbatda qayd etilganidek, tahdidlar ehtimolini minimallashtirish va texnologik taraqqiyotni konstruktiv izga yo‘naltirish uchun tegishli qonunlar, nazorat mexanizmlari hamda aniq-ravshan ahloqiy mezonlar majmuini ishlab chiqish zarur. Lekin mustaqil fikrlaydigan mashinalarning o‘zini yaratuvchisidan “aqlan o‘zib ketishi” ehtimoli, shubhasiz, insoniyat kelajagi uchun katta xavf tug‘diradi.

Muxtasar aytganda, jurnalistning “neyrotarmoq vakili” bilan bo‘lgan ushbu intervyusi zamonamizning eng dolzarb mavzularidan birini qamrab olgani bilan katta e’tiborga sazovor. Ushbu mavzu ommaviy axborot vositalarining kun tartibidan hali-beri tushmasligi ham ayon.

Shuhrat UMIROV, xalqaro jurnalist
“Milliy tiklanish” gazetasining 2025-yil 12-fevral sonidan olindi