699 20.02.2025
Kuvayt — Fors ko‘rfazi mintaqasida barqaror siyosiy tizimi, kuchli iqtisodiyoti va rivojlangan ijtimoiy infratuzilmasi bilan ajralib turadigan mamlakat. Ushbu davlat mintaqada tinchlik va barqarorlikni ta’minlashda ham alohida ahamiyatga ega.
Bugun ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlik izchil rivojlanib bormoqda. Kuvayt bilan hamkorlik O‘zbekiston uchun qator muhim strategik afzalliklarga ega. Ayniqsa, geosiyosiy va geoiqtisodiy murakkablik kuzatilayotgan bir davrda mamlakatlarimiz o‘rtasidagi munosabatlar yangi bosqichga ko‘tarilayotgani juda muhim.
2021-yil 16-iyul kuni Prezidentimiz Kuvaytning yuqori darajadagi xalqaro konferensiya ishida qatnashayotgan tashqi ishlar vaziri, Vazirlar Mahkamasi ishlari bo‘yicha davlat vaziri shayx Ahmad Nosir al-Muhammad as-Sabohni qabul qilgan edi.
Davlatimiz rahbari 2024-yil 15-aprel kuni “Markaziy Osiyo — Ko‘rfaz arab davlatlari hamkorlik kengashi” muloqoti mamlakatlari tashqi ishlar vazirlarining uchrashuvida ishtirok etish uchun Toshkentga kelgan Kuvayt tashqi ishlar vaziri Abdulla al-Yahyo bilan uchrashgan, ikki davlat o‘rtasidagi siyosiy muloqotni davom ettirish, savdo-iqtisodiy, moliya-investitsiyaviy va gumanitar hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilingan edi.
O‘zbekiston tashqi siyosatida Yaqin Sharq mamlakatlari, xususan, Kuvayt bilan hamkorlik yangi bosqichga ko‘tarildi. Bunda ikki tomonlama munosabatlarning ko‘p qirrali xarakteri, ya’ni siyosiy-diplomatik, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va madaniy-gumanitar sohalardagi aloqalarning mutanosib rivojlanishi katta ahamiyat kasb etmoqda.
Prezidentimizning Kuvayt Davlati Amiri Shayx Mish’al as-Sabohning taklifiga binoan ushbu mamlakatga rasmiy tashrifi ikki tomonlama munosabatlar rivojida muhim bosqich bo‘lib, o‘zaro do‘stlik va hamkorlik munosabatlarini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
Shu yil 17-18-fevral kunlari ushbu davlatga tashrif doirasida Al-Kuvayt shahrida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev va Kuvayt Davlati Amiri Shayx Mish’al as-Saboh o‘rtasida o‘tkazilgan uchrashuv, shubhasiz, mamlakatlarimiz o‘rtasidagi do‘stlik va ko‘p qirrali sheriklikni yanada mustahkamlash uchun muhim bosqich bo‘ldi.
Muzokaralar davomida savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, innovatsion va moliyaviy-texnik sohalardagi hamkorlik masalalariga ham alohida e’tibor berildi. “Nigoh 2035” davlat dasturi doirasida Kuvaytda amalga oshirilayotgan loyihalar ikki mamlakatning uzoq muddatli strategik maqsadlariga muvofiq keladi.
Savdo va investitsiyalar hajmi ortishi ikki davlat o‘rtasidagi iqtisodiy aloqalar mustahkamlanishini ko‘rsatadi. Jumladan, “yashil” energetika, sanoat kooperatsiyasi, qishloq xo‘jaligi, transport va logistika, infratuzilma, shaharsozlik, sog‘liqni saqlash, turizm sohalari amaliy hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari sifatida belgilandi.
Qo‘shma loyihalarni ilgari surish maqsadida Investitsiya platformasi va Ishbilarmonlar kengashi kabi mexanizmlarni yo‘lga qo‘yish, shuningdek, Al-Kuvayt shahrida savdo uyini ochish bo‘yicha kelishuvga erishilgani ham ushbu tashrifning muhim natijasi bo‘ldi.
Tashrif doirasida yangi sheriklik dasturi doirasida Kuvayt arab iqtisodiy taraqqiyot fondi bilan loyihalar portfelini kengaytirishga alohida e’tibor qaratildi.
O‘zbekiston va Kuvayt o‘rtasida mustahkamlanib borayotgan tarixiy-ma’naviy rishtalar madaniyat va ta’lim sohasidagi faol hamkorlikda ham o‘z ifodasini topmoqda. Har ikki davlat islom merosini asrab-avaylash va ommalashtirish, uni o‘rganish va kelajak avlodlarga yetkazishga alohida e’tibor qaratadi.
Mamlakatlarimiz o‘rtasidagi madaniy almashinuvlar o‘zaro tushunish borasida muhim ko‘prikka aylanib boryapti. Ikki xalq an’analari, san’ati va adabiyotining boy merosini ko‘rsatib beruvchi qo‘shma ko‘rgazmalar, anjumanlar, festivallar muntazam o‘tkazilayotir.
Madaniyat va turizm haftaliklarini o‘tkazish, ikki mamlakat vakillarining san’at, musiqa, kino, ta’lim va sport sohalaridagi tadbirlarda faol ishtirokini ta’minlash madaniy aloqalarni mustahkamlashga xizmat qiladi. Bu, o‘z navbatida, xalqlarimiz o‘rtasidagi do‘stlikni yanada rivojlantiradi.
Al-Kuvayt shahrida bo‘lib o‘tgan muzokaralar yakunida O‘zbekiston — Kuvayt keng qamrovli sheriklik munosabatlarini rivojlantirish to‘g‘risida qo‘shma bayonot qabul qilindi. Shuningdek, sanoat, havo qatnovi, mehnat sohasi, “aqlli” shaharlarni barpo etish, san’at va madaniyat, sog‘liqni saqlash, turizm yo‘nalishlarida bitim va dasturlar imzolangani davlatlarimiz iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirishga sodiqligini yaqqol namoyon etadi.
Erishilgan kelishuv va tashabbuslarning hayotga tatbiq etilishi ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlarni yanada yaqinlashtirish uchun mustahkam asos bo‘ladi. Nafaqat ikki tomonlama munosabatlar, balki O‘zbekistonning xalqaro iqtisodiy va siyosiy jarayonlarning muhim ishtirokchisi sifatidagi mavqeini ham mustahkamlaydi.
Ushbu tashrif davlatlarimizning do‘stlik va sheriklik munosabatlarini mustahkamlash, iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish, madaniy aloqalarni kengaytirish va xalqaro tashkilotlardagi hamkorlikni kuchaytirish uchun muhim bosqich bo‘ldi. Bu, o‘z navbatida, ikki davlat xalqlari farovonligini oshirish, mintaqaviy tinchlik va barqarorlikni mustahkamlashga xizmat qiladi.
Kozimjon TOJIYEV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi
“Milliy tiklanish” fraksiyasi aʼzosi