433 21.02.2025
2022-yil boshida respublikamizdagi 8 210 ta moddiy madaniy meros obyekti ro‘yxatga olingandi... Afsuski, bugunga kelib, ana shu obyektlardan biri YUNЕSKO ro‘yxatidan o‘chiriladigan bo‘lib turibdi. Bir guruh partiya faollari bilan olib borilgan o‘rganishlar yakunida Shahrisabz shahrining tarixiy eski shahar qismi haddan ziyod restavratsiya qilingani va zamonaviy qurilishlarga zo‘r berilgani bois hudud o‘z me’moriy qiymatini yo‘qotayotganiga guvoh bo‘ldik.
Ma’lumki, 2016-yilning iyul oyida YUNЕSKO madaniy meros Qo‘mitasining Turkiyada o‘tgan 40-sessiyasida «Shaharning qadimiy qismi yo‘q bo‘lish xavfi ostida qolgan obidalar» ro‘yxatiga kiritilgandi. Qayd etilishicha, Shahrisabz markazida turizmni rivojlantirish bahonasida qadimiy binolar buzilib, ular o‘rnida zamonaviy mehmonxonalar barpo etilgan va bu shaharning tarixiy qiyofasiga sezilarli darajada putur yetkazgan.
Alohida ta’kidlash joizki, dunyo me’morlari vayrona bo‘lsa ham qadimiy obidalarni aslini saqlashda bor kuch va imkoniyatlarini konservatsiya emas, restavratsiya qilishga yo‘naltirayotgan bir paytda ayrim me’morlarimiz tarixiy obyektlarni yaltiratib, tezda bitkazishni ma’qul ko‘rishyapti.
Ma’lumki, Shahrisabz shahri vaqtning shafqatsiz ta’siriga qaramay, qadimiy obidalari va uslublarining uyg‘unligi bilan sayohlarni hayratda qoldirib, Markaziy Osiyo va Islom olami me’moriy merosini boyitib kelmoqda. To‘g‘ri, Shahrisabz yodgorliklari sobiq ittifoq davrida Samarqand uchun «donor» vazifasini o‘tab, anchagina g‘ariblashdi. Bundan tashqari, mustaqillik davrlarida, xususan, Amir Temurning 660 yilligi munosabati bilan olib borilgan «tezlashtirilgan restavratsiya»lar chog‘ida me’moriy binolarning tarixiylik ahamiyatiga ham jiddiy zarar yetkazildi.
Ming shukurki, Shahrisabzdagi yodgorliklarni saqlab qolishga qaratilgan bir qator qarorlarning qabul qilinishi bilan bunday xatoliklarga chek qo‘yildi. Ammo vaqt o‘tgan sari bu boradagi ijro mexanizmlari oqsagandan oqsab boryapti.
Xitoy poytaxti bo‘lgan Pekin markazida o‘rta asr yodgorliklaridan biri – «Taqiqlangan shahar» maqomidagi muhtasham Gugun – imperator saroyi haqida eshitganmisiz? Garchi yillar davomida ana shu saroy yong‘inlar tufayli bir necha bor vayron bo‘lganiga qaramay, ko‘p o‘tmay yana asl holicha tiklangan. Shu sababli ham Gugun saroyi nafaqat o‘rta asrning noyob me’moriy yodgorligi, balki shu kunga qadar juda yaxshi saqlangan jahondagi eng yirik saroylar majmuasi ham sanaladi. Ana shunday xalqaro tajribalar haqida gap ketganida nahotki Shahrisabzning ham tarixiy qismini qayta tiklashning iloji bo‘lmasa, degan haqli savol paydo bo‘ladi. Axir ushbu manzilda saqlanayotgan mingdan ortiq madaniy yodgorliklar tariximizning eng noyob bo‘lagi emasmi?
Yana bir mulohaza: Oqsaroyning avvalgi holati to‘g‘risida faqat yozma manbalarga qarab fikr yuritish mumkin. Bilamizki, saroyning o‘ziga xos xususiyatlaridan biri bu tom tepasida ishlangan hovuzdir. Unga esa suv Taxtaqoracha dovonidan qo‘rg‘oshin quvurlar orqali oqib kelgan, undan sharshara hosil qilib pastga tushirilgan. Ya’ni, aytish mumkinki, bugungi zamonaviy binolar tepasida qurilayotgan hovuzlarning dastlabki maketlari o‘sha davrlarda Shahrisabzda qurilgan.
Afsuski, ko‘hna tarix sinovlariyu, tabiatning turli injiqliklariga dosh bergan Oqsaroy yoki Ko‘k gumbaz masjidi bugun davlat muhofazasiga olingan bo‘lsa-da, asta-sekin yemirilayotir. O‘rganishlar yakunida mutaxassislar bilan maslahatlashgan holda muzeylar, muzeyqo‘riqxonalarni rivojlantirish, turizmni rivojlantirish yuzasidan takliflar ishlab chiqib, mutasaddilarga taqdim etdik.
Jahongir MAMAJONOV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati
“Milliy tiklanish” gazetasining 2025-yil 19-fevral sonidan olindi