Yangiliklar

354 14-04-2022
Inson xavfsizligini taʼminlashning muhim omili
Mamlakatimizda keyingi yillarda yo‘l harakati xavfsizligini taʼminlash, yo‘l-transport hodisalari profilaktikasi tizimini takomillashtirishga qaratilgan qator chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Ammo shunga qaramay, nafaqat mamlakatimizda, balki butun dunyoda harakat xavfsizligini taʼminlash eng dolzarb muammoga aylangan.
So‘nggi yillarda sohaga oid qonunlar, hukumat qarorlarining yangilanishi, davr talabidan kelib chiqqan holda qo‘shimchalar bilan to‘ldirib borilishi ham sohadagi qator muammolarni yechishga xizmat qilmoqda.
Albatta, harakatlanish xavfsizligini taʼminlash ishlarining samaradorligini oshirishda yo‘l harakati qoidalarining o‘rni beqiyos. Shu bois, ushbu qoidalar doimiy va uzluksiz, mahalliy shart-sharoit, yo‘l harakati xavfsizligini taʼminlash sohasida orttirilgan tajribalar asosida takomillashtirib boriladi.
Joriy yilning 11-fevral kuni yo‘llarda inson xavfsizligini taʼminlash chora-tadbirlari yuzasidan o‘tkazilgan videoselektorda ham davlat rahbari O‘zbekistondagi yo‘l harakati qoidalari eskirganini taʼkidlab, ularni xalqaro standartlar asosida, mutaxassis va haydovchilar fikrini o‘rgangan holda yangilash bo‘yicha topshiriq berilgan edi.
Kuni kecha qabul qilingan “Yo‘l harakati qoidalarini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qaror esa yo‘l harakati qoidalarini yanada takomillashtirish, yo‘l-transport hodisalarining oldini olish, yo‘l harakati xavfsizligini nazorat qilish va samaradorligini oshirishga katta xizmat qiladi.
Qarorga ko‘ra, maktab va maktabgacha taʼlim tashkilotlari atrofidagi yo‘llarda 300 metrgacha bo‘lgan masofada 30 kilometrdan, turar joy dahalari va yondosh hududlarda esa soatiga 20 kilometrdan oshirmasdan harakatlanish tartibi belgilanmoqda.
Maʼlumotlarga ko‘ra, 2021-yilda sodir etilgan 10 mingdan ortiq yo‘l transport hodisalari oqibatida 263 nafar bola vafot etgani ham bu talablarning nechog‘li o‘rinli ekanligini ko‘rsatadi.
1-maydan kuchga kiruvchi yangilangan O‘zbekiston yo‘l harakati qoidalarida yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan avtomobil yo‘l qismiga ruhsatsiz, o‘zboshimchalik bilan sunʼiy to‘siqlar o‘rnatishni taqiqlash, yengil avtomobillarda yuk tashish, yuk avtomobillari harakatlanishi, velosiped haydovchilariga qator talablar kiritilmoqda.
Qaror bilan Ichki ishlar vazirligiga fuqarolarning, ayniqsa, bolalarning yo‘l-transport hodisalari hamda oqibatlaridan himoyalanganligini taʼminlash maqsadida aholi hamda haydovchilar o‘rtasida 7 yoshgacha bo‘lgan bolalarni maxsus bolalar o‘rindig‘ida, 7 yoshdan 12 yoshgacha bo‘lgan bolalarni maxsus ushlab turuvchi moslamali xavfsizlik kamarini taqqan holda tashish, transport vositasining orqa o‘rindig‘idagi yo‘lovchilar ham xavfsizlik kamarlarini taqib olishlari belgilanmoqda. Shuningdek, sutkaning qorong‘i vaqtida va yetarlicha ko‘rinmaydigan sharoitda yo‘lni kesib o‘tishda va yo‘l yoqalaridan yoki qatnov qismining chetidan harakatlanishda, piyodalarning ustki kiyimida nur qaytaruvchi elementlar bo‘lishi inson hayotini saqlab qolish uchun muhim ekanligi keng targ‘ib qilish bo‘yicha manzilli chora-tadbirlarni amalga oshirish vazifasi yuklatildi.
Umuman olganda, yo‘l harakati qoidalariga qatʼiy amal qilish yo‘l harakati xavfsizligi taʼminlashda, shuningdek, bu boradagi qoidabuzarliklarni oldini olishda muhim omil hisoblanadi. Shunday ekan, har bir fuqaro katta masʼuliyat va javobgarlik hissi bilan transport vositasini boshqarsa, yo‘llarimizda xavfsiz harakatlanish taʼminlanadi, eng muhimi, fuqarolarimizning sog‘lig‘i va hayotiga ziyon yetmaydi.
Kozimjon TOJIYEV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati