Yoshlar oltin fond – ona yurt kaftidagi xazina


876     21.02.2025

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning yoshlar bilan samimiy ruhda o‘tgan  ochiq muloqotida «Endi barcha tizimdagi rahbarlar yoshlarning baralla ovozini eshitishga majbur. Yoshlar buyuk kelajagimizning asosiy bo‘g‘ini ekanligini tushunmagan rahbar bizning safimizda bo‘lishga haqqi yo‘q», degan gap aytildi. Ushbu ta’kid yoshlar masalasini xaspo‘shlayotganlarni o‘ylashga majbur qilsa, ne ajab?! 

Yurtboshimiz fikrlarini qayta-qayta o‘qiyotib, O‘zbekiston Qahramoni, partiyamiz faxriysi, qadrli ustozimiz Ibrohim G‘ofurovning eng katta g‘oya va maqsad – kelajakni bolalarga BUGUN ko‘rsatishdir degan gaplarini esladim.  «Kelajakni bolaga bugun  ko‘rsatish uni g‘ashiga tegmasdan: Aytchi, sen 20 yildan keyin kim bo‘lmoqchisan?», degan savolni berish kerak. Muammoni muvaffaqiyatga aylantirishning yagona yo‘li shu savolga javob topishdir.

Eng avvalo, ota-ona o‘z bolasidan: «Sen vataningga qanday xizmat qilmoqchisan, qanday hayot kechirmoqchisan?» deb so‘rashi kerak. Maktab va oila chambarchas holda bola qalbini shakllantirish, ularni zamonaviy kasbga ega bo‘lishida, ona tili va xorijiy tillarni egallashida  birgalikda ishlashi darkor. Chunki ularning zimmasida o‘ta mas’uliyatli vazifa – kelajak bunyodkorlarini tarbiyalash  vazifasi  turibdi.

O‘g‘il bolani burgutga, qizlarni esa o‘zining ayollik burchini to‘liq anglagan shaxsga aylantirish uchun nima qilish kerak? Minglab mutaxassislar ana shu savol asosida  tarbiyalanishi, natijada O‘zbekiston mutaxassislar mamlakatiga aylanishi kerak. Uchinchi Renessansga erishishning yagona yo‘li shu! Harakatimizda tizimlilik, an’anaviylik, davomiylik bo‘lsagina, ushbu maqsadga erishish mumkin bo‘ladi.

Endi Prezident Shavkat Mirziyoyev fikrlaridan iqtibos keltirsam:

«Kelgusida Uchinchi Renessans poydevorini yaratadigan yangi Xorazmiylar, Beruniylar, Ibn Sinolar, Mirzo Ulug‘bek va Alisher Navoiylar qayerdan paydo bo‘ladi? Bu ulkan vazifalarni kim bajaradi? Men qayta-qayta takrorlashdan charchamayman. Albatta, bu ezgu g‘oyalarni sizlar – bugungi Yangi O‘zbekiston yoshlari amalga oshirasizlar».

«Inson uchun ona tili bilan birga xorijiy tillarni bilish dunyoga chiqishda juda muhim. Ayniqsa, tijoratda buning o‘rni beqiyos. Endi, xorijiy tillardan «S1» darajasiga ega bo‘lgan yoshlar tashabbus ko‘rsatib, olis va chekka hududlarda chet tillariga ixtisoslashgan o‘quv markazlarini ochsa, ularga 120 million so‘mgacha foizsiz ssuda beriladi».

«Yoshlarning qiziqish va ehtiyojlarini barvaqt aniqlashda sun’iy intellekt texnologiyalaridan foydalanish, salohiyatini monetizatsiya qilish, ijtimoiy ahamiyatga molik loyihalarga jalb etish muhimdir».

«Sizlar bilan maslahat va muloqotni o‘z faoliyatimizda asosiy mezonlardan biri, deb bilamiz. Sizlar ham bunday yuksak ishonchga munosib bo‘lib, jonajon Vatanimizni har tomonlama rivojlangan, go‘zal va farovon mamlakatga, Uchinchi Renessans diyoriga aylantirishda oldingi saflarda bo‘lasiz, deb ishonaman».

«Men bir hayotiy fikrni takrorlashdan charchamayman: bitta qizni o‘qitsak, butun oilani o‘qitgan bo‘lamiz. Oila bilimli, ma’rifatli bo‘lsa, butun jamiyat bilimli, ma’rifatli bo‘ladi. Bu boradagi ishlarni yanada jadal davom ettiramiz».

Davlatimiz rahbarining yoshlar bilan muloqotini kuzatib, so‘nggi yillarda yoshlar siyosatidagi  eng muhim yutuqlaridan biri, bu, shubhasiz, yoshlarning o‘z iqtidorini namoyon qilishlari uchun qulay shart-sharoit yaratilayotgani va sohaga yetarlicha mablag‘ ajratilayotganida, deb bilaman. Zero, bugun tilni bilmayman, yo ustozim yaxshi o‘qitmadi, degan bahonalar zamoni emas. Xorijiy tillarni bilish uchun istagancha rag‘bat bor. Chunki o‘zbek jamiyatida 2 mln yoshning til bilishi oldin kuzatilmagan hodisa edi. Bugun esa mehnat bozoriga til biladigan yoshlar kirib kelishini rag‘batlantirish uchun xususiy o‘quv markazlarida xorijiy tillarni o‘rganadigan yoshlar uchun xarajatlar «2+6» shaklida qoplab berilishi, o‘quv xarajatlarining dastlabki 2 oyi o‘quvchilarning o‘z mablag‘idan, qolgan 6 oyi davlat hisobidan to‘lab berilishi ko‘p tilli haqiqiy Ibrat farzandlarining safini kengayishiga xizmat qiladi, deb o‘ylaymiz.

Shuningdek, muloqotda ilmiy darajali yosh olimlarimiz soni ikki karra oshgani aytildi. To‘g‘ri, hammani ham olim qilib bo‘lmaydi. Lekin ko‘pchilikni tadbirkor, hunarmand, o‘qituvchi va boshqa soha vakili qilish uchun ham imkoniyat paydo bo‘ldi bizda. Axir biz go‘yo kechagina bir tumanga nari borsa, 10 tagina qalam sotib olishi mumkin bo‘lgan moliyalashtirish tizimini ham ko‘rdikku! Bu gaplar bilan davlat siyosatini quruq maqtash yoki maqtanish fikridan yiroqman. Chunki davlatimiz uchun eng og‘ir bo‘lgan mahalda ham yoshlar siyosati hech qachon kun tartibidan tushmagan. Biroq yoshlar siyosatiga bugungidek mablag‘ sarflangan davr bo‘lmaganini aytmasak, adolatdan bo‘lmaydi. Shuning uchun ham endi «bo‘lsa bo‘lsin, bolamning ta’limiga  bo‘lsin», degan fikr hayot tarziga aylanishi shart!

Uchrashuvda mavjud imkoniyatlardan foydalanib, yaqinda bilimdon va intiluvchan  yigitimiz Parviz Tuksanovning SAT imtihonidan eng yuqori – 1 ming 600 ball to‘plagani hayratlarimizga sabab bo‘lganini alohida ta’kidlamoqchiman. Kechagi uchrashuvda uning onasi to‘y hamshamlarini kamaytirib, topganmizni bolalarimizning o‘qishiga sarflashimiz zarurligi haqida gapirdi. Xo‘sh, onaxonni Prezidentga shunday murojaat etishga nima majbur qildi?! Javob aniq: bu jadidlarmiz kurashgan to‘y va marosimlardagi zararli odatlarning bugun ham urchiyotgani bilan bog‘liq. To‘y-to‘ydek bo‘lsin qabilidagi harakatlarimiz afsuski bizni kambag‘al qildi. Shuning uchun ham isrofgarchilik va dabdabalarni oldini olish, to‘y va marosimlarni tartibga solish bo‘yicha yangi qonun loyihasini ishlab chiqishni taklif etmoqchimiz. Uchrashuvda xalqaro olimpiadada g‘olib bo‘lgan bolaga 1 mlrd so‘m pul berilishi, yosh olimlarni O‘zbekistonga qaytarish uchun uy-joy olishlariga  800 mln so‘mgacha ssuda berilishi, startaplar yaratish uchun «Aloqa» bankiga mablag‘lar ajratilishi har birimizni ota-ona, buvi, bobo sifatidagi mas’uliyatimizni eslatib, do‘ppini olib, o‘ylashimizga majbur qiladi.

Endi o‘zgarishimiz kerak!

Ayniqsa, Prezident qarori bilan oliygoh bitiruvchilarining  bandligini ta’minlash maqsadida  Milliy bankka 100 million dollar miqdorida mablag‘ ajratilishi diplomli talabani ishsiz qolmasligining eng zo‘r yechimidir. Zero, 2017 yilda partiyamizning oliy ta’lim muassasalari talabalari bilan o‘tkazgan so‘rovlarida  respondentlarning 80 foizi ishsiz qolishdan xavotirda ekanliklarini ma’lum qilgandilar...   

Shu o‘rinda tarixiy uchrashuv yoshlarning siyosiy faolligini oshirish borasidagi Prezident fikrlari bilan boshlangani shu sohaga daxldor inson sifatida meni rosa ruhlantirganini aytmoqchiman. Zero, dunyodagi geosiyosiy, mintaqaviy jarayonlar shu qadar tezkor va murakkab tarzda yuz beryaptiki, ularni o‘rganish, tahlil qilish hamda obyektiv baho berishga tobora ehtiyoj ortib boryapti. Balki bu masalada O‘zbekiston pozitsiyasini dunyoga yetkazadigan minbarlar soni yetarlidir, biroq sifat masalasiga erishish siyosiy kommunikatsiyani yanada rivojlantirish, siyosiy institutlarning, jumladan, partiya «Yoshlar qanot»larini moddiy va ma’naviy jihatdan qo‘llab-quvvatlash, ularning media ta’sirini   kuchaytirish, qonun chiqaruvchi va mahalliy hokimiyat negizida siyosatchi fikr liderlarini tarbiyalaydigan maktablar va  siyosiy ma’rifat sohasiga ixtisoslashgan loyihalarni tashkil etish zarurligini anglatadi.

Shu nuqtayi nazardan, Yurtboshimiz tashabbusi bilan bundan besh yil oldin Senat va Qonunchilik palatasida Yoshlar parlamentining tashkil etilishi ayni muddao bo‘lgandi. Muloqotda Prezident ushbu tuzilmada erishilgan natijalarga ham to‘xtaldilar. Ushbu institutda yoshlar siyosiy yetakchilik, demokratiya va parlamentarizm maktabi qanday bo‘lishi kerakligini amalda ko‘rishgani, oxirgi saylovda ana shu yoshlarimizning ikki nafari Qonunchilik palatasiga, 250 nafari mahalliy kengashlarga saylangani muhim natija sifatida e’tirof etildi. Yoshlarga daxldor qonun loyihalarini Yoshlar parlamenti a’zolari bilan birga muhokama qilish va yalpi majlisda yoshlar vakillarining fikrini eshitish ham maqsadga muvofiq ekani ta’kidlandi. Shuningdek, mahalliy Kengash sessiyalarida yoshlar masalalari bo‘yicha mas’ul organlar rahbarlarining axborotini eshitish, barcha mahalliy kengashlar huzurida yoshlar guruhlarini tashkil etish tashabbuslari ilgari surildi.

Quvonarlisi, Yangi O‘zbekiston islohotlari sharoitida boshqa sohalar kabi siyosat sohasiga ham yoshlarning qiziqishi kuchayib bormoqda. Buni «Milliy tiklanish» tarkibidagi a’zolar ulushi yil sayin yoshlar hisobiga o‘sayotganida ham ko‘rish mumkin.

2023-yilning 1-yanavar holatiga a’zolarimiz soni 374 ming 556 nafarni, yoshlarning ulushi 48 foizni, 2024-yil 1-yanvar holatiga 392 ming 425 nafarni, yoshlarning ulushi 47 foizni, 2025-yil 1-yanvar  holatiga esa a’zolarimiz umumiy sonining 771 ming 707 nafar, ya’ni 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlar ulushi 52 foizni tashkil etdi. 

Bugun Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va mahalliy  Kengashlarga 2014, 2019 va 2024-yilgi saylovlarda partiyamizdan saylangan 30 yoshgacha bo‘lgan deputatlar o‘rtacha 3,3 foizni tashkil etmoqda. Vakillik organlarida yoshlar ulushini oshirish partiya uchun dolzarb masala bo‘lib qolmoqda. Shu nuqtayi nazardan, Prezidentning qarorlar qabul qilishda yoshlarning ishtirokini kuchaytirish masalasini kun tartibiga qo‘yilishi, ertaga partiya raislarining yoshlar tarkibidan saylanishiga,  o‘z so‘zini ayta oladigan mamlakat siyosiy elitasining  shakllanishiga xizmat qiladi. Demak, yoshlar kuch, minbar, so‘z esa  yoshlarga! Zero, yoshlar Ona yurt kaftidagi xazinamiz, Hurmatli Prezident aytganlaridek oltin fondimizdir.

 

Feruza MUHAMMEDJANOVA,
partiya Markaziy kengashi raisi o‘rinbosari