Jismonan va maʼnan barkamol bo‘lgandagina ezgu maqsadlarga erishamiz


680     21.02.2025

Darhaqiqat, bugun oldimizga har tomonlama rivojlangan Yangi O‘zbekistonni barpo etish, mamlakatimizda Uchinchi Renessans poydevorini yaratishga qodir jismonan va maʼnaviy barkamol avlodni tarbiyalashdek buyuk maqsadlarni qo‘ygan ekanmiz, shubhasiz, ularga jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirmay turib erishib bo‘lmaydi. Shu bois, mamlakatimizda so‘nggi yillarda sog‘lom turmush tarzini keng tatbiq etish, ommaviy sportni rivojlantirishga davlat siyosati darajasida eʼtibor qaratilmoqda.

Davlatimiz rahbari ham olimpiya va paralimpiya harakati, ixtisoslashtirilgan va ommaviy sportni yangi bosqichga olib chiqish hamda aholi jismoniy faolligini oshirish chora-tadbirlari bo‘yicha o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida “O‘z oldiga buyuk maqsadlar qo‘ygan xalq faqat sog‘lom va baquvvat bo‘lgan taqdirdagina ko‘zlagan marralariga erisha oladi. El-yurtning sog‘lom bo‘lishi, ulkan ishlarga qodir bo‘lishida esa, hech shubhasiz, jismoniy tarbiya va sportning ahamiyati beqiyos”, deya alohida taʼkidlagani ham bejiz emas.

Maʼlumotlarga qaraganda, so‘nggi to‘rt yilda byudjetdan sportga ajratilayotgan mablag‘ 1,5 trillion so‘mdan 3 trillion so‘mga oshdi. Murabbiylarning o‘rtacha maoshi 2 barobar ko‘paydi. 101 ta yirik sport inshootlari qurildi, 67 tasi rekonstruksiya qilindi. Sportchilarimizning Parij olimpiadasida erishgan yutuqlarini esa bu eʼtiborning yorqin natijalari bo‘ldi.

Albatta, ushbu yutuqlar bilan chegaralanib qolmaslik, natijalar bilan xotirjamlikka berilmaslik lozim. Bugun yurtimizda sportni rivojlantirishga bo‘lgan eʼtibor va sportchilarimizning azmu shijoati bundanda yuqori natijalarni qo‘lga kiritishga qodirligimizni ko‘rsatyapti. Shu bois, videoselektorda 2028-yilda Los-Anjelesda bo‘ladigan Olimpiya o‘yinlarida kuchli o‘ntalikka kirish maqsad qilindi. Shu bilan birga, mahallalar, umumtaʼlim maktablari hamda oliy taʼlim muassasalarida jismoniy tarbiya va sportni yana-da ommalashtirish bo‘yicha vazifalar belgilandi.

Albatta, yig‘ilishda Davlat rahbari tomonidan qo‘yilgan vazifalar ijrosini taʼminlashda oliy taʼlim tizimidagi sport muassasalari zimmasiga ham katta masʼuliyat yuklandi.

Yurtimizning shimoliy darvozasi hisoblangan Qoraqalpog‘istonda qariyb bir asrdan buyon faoliyat yuritib kelayotgan hamda xalq xo‘jaligi va taʼlimga malakali pedagog kadrlarni tayyorlab kelayotgan Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutida ham yoshlar o‘rtasida sportni ommalashtirishga alohida eʼtibor qaratib kelinmoqda.

Hozirda institutda 17 mingga yaqin talaba tahsil olyapti va Jismoniy madaniyat fakulteti hamda sport klubi tomonidan har bir fakultet kesimida “Besh tashabbus olimpiadasi”, “Talabalar ligasi”, “Universiada” hamda “Rektor kubogi” sport musobaqalari muntazam o‘tkaziladi.  G‘olib va sovrindorlar orasidan tashkil qilingan institut jamoasi esa O‘zbekiston miqyosida o‘tkazilyotgan sport musobaqalarida yuqori natijalarga erishib kelmoqda.

Institutimizda ayni paytda 177 nafar nogironligi bo‘lgan talabalar ham tahsil  olyapti. Ularni sport va sog‘lomlashtirish tadbirlariga jalb qilish maqsadida institut sport klubi va malakali trener-o‘qituvchilar bilan hamkorlikda sport to‘garaklarini tashkil etish bo‘yicha amaliy ishlar olib borilmoqda.

Xulosa qilib aytganda, davlatimiz rahbari millat genofondini saqlash hamda sog‘lom va barkamol avlodni tarbiyalash har birimizning asosiy vazifamiz bo‘lishi kerakligini taʼkidlab, kelgusida amalga oshiriladigan ishlarni belgilab berdi. Albatta, bu borada Prezidentimiz tomonidan bildirilgan taklif va tashabbuslar, mutasaddilarga berilgan topshiriqlar har birimiz uchun dasturulamal bo‘lib xizmat qiladi.

 

Quvondiq QODIROV,

Xalq deputatlari Nukus shahar Kengashi deputati,

Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika instituti rektori