Yangiliklar


272   15-04-2022

“Qadriyatlarga tayangan taraqqiyot”

“Milliy tiklanish” demokratik partiyasi Markaziy kengashi raisi o‘rinbosari Feruza Muhammadjanovaning Xitoy va Markaziy Osiyo mamlakatlari  siyosiy partiyalarining  III forumida so‘zlagan nutqining qisqacha mazmuni

Markaziy Osiyo davlatlari va Xitoy Xalq Respublikasi o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 30 yilligi munosabati bilan o‘tkazilayotgan III forum tashkilotchilarini va ishtirokchilarini qutlayman.

Maʼlumki, Markaziy Osiy mamlakatlari, jumladan, O‘zbekiston va Xitoy uzoq tarix va noyob madaniyatga ega. Mamlakatlarimiz o‘rtasida madaniy-gumanitar aloqalarni rivojlantirishda ularning tarixini, milliy qadriyatlari va anʼanalarini, odatlarini saqlash, o‘rganish va kelajak avlodga yetkazish muhim ahamiyat kasb etadi.  

“Milliy tiklanish” demokratik partiyasi mamlakatimiz istiqbolini milliy va umuminsoniy qadriyatlarni asrab-avaylash va rivojlantirishda ko‘radi.

Xalqaro munosabatlarda bu xalqlar, mamlakatlar bilan madaniy-gumanitar aloqalarni mustahkamlash, ularni yangi bosqichga olib chiqishni nazarda tutadi.

Shu sababdan, partiyamiz milliy madaniyatimizni yuksaltirish masalalariga alohida eʼtibor qaratib keladi va Sharq xalqlari, xususan biz uchun muhim ahamiyat kasb etadigan xitoy xalqi bilan madaniy aloqalari rivojlanishini qo‘llab-quvvatlab kelmoqda.  Bu borada, “Bir makon – bir yo‘l” dasturining ahamiyatini qadrlaymiz. Toshkent shahridagi Konfutsiy nomidagi O‘zbekiston-Xitoy instituti, Samarqanddagi Konfutsiy nomidagi institut faoliyatining ahamiyatini taʼkidlab kelamiz.

Buyuk o‘zbek shoiri Alisher Navoiy “Farhod va Shirin” dostonida yozadiki, xalqlar o‘zaro birlashib, tog‘dan kanal qazib suv olib keladilar. Bu dostonda Chin yigiti Farhod va arman qizi Shirin muhabbati kuylanadi. Bundan xalqlar o‘rtasidagi hamkorlik tarixiy va madaniy ildizlarga ega ekanligi ham maʼlum bo‘ladi. “Milliy tiklanish” partiyasining “Qadriyatlarga tayangan taraqqiyot” shiori ostida olg‘a intilayotganligining sababi bekorga emas.

Toshkent davlat sharqshunoslik universitetini huzurida Sharq madaniyati va merosini tadqiq etish ilmiy-tadqiqot markazi tashkil etilganligi quvonarli hol. Markazda, jumladan, tariximizning asl zarvaraqlarini tiklashda qo‘shni mamlakatlarda saqlanayotgan tarixiy qo‘lyozmalar, jumladan, Xitoy manbalaridan foydalanilishi muhim ahamiyat kasb etadi, deb hisoblaydi. Shuningdek, moddiy madaniy meros obyektlarini o‘rganishdagi hamkorligimizning ijobiy natijalar bermoqda.   

Ikki mamlakat oliy o‘quv yurtlari va ilmiy-tadqiqot institutlari o‘rtasida sheriklik munosabatlarini o‘rnatish, oliy o‘quv yurtlarida til o‘rganishlarining yo‘lga qo‘yilishi, talabalar, ilmiy xodimlar almashinishi gumanitar hamkorlikni kuchaytirish omillari sifatida partiyamiz tomonidan qo‘llab-quvvatlab kelinmoqda.

“Milliy tiklanish” demokratik partiyasi mamlakatlarimiz o‘rtasidagi madaniy-gumanitar hamkorlikning bunday buyon ham rivojlanib borishi tarafdori va o‘z faoliyatida olg‘a suradi.