Yangiliklar


295   15-04-2022

IT sohasi rivojlanmasa, boshqa biror bir tarmoq oldinga yurmaydi

Kuni kecha davlatimiz rahbari raisligida axborot texnologiyalari va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish borasidagi islohotlar natijadorligi hamda 2022-yilda amalga oshirilishi lozim bo‘lgan vazifalar yuzasidan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.

Yig‘ilishda Prezidentimiz amalga oshirilgan ishlarga to‘xtalib, ko‘proq hududlar, vazirlik va idoralar oldida kelgusida erishishi lozim bo‘lgan maqsadlarni belgilab berdilar. Taraqqiyot strategiyasida raqamli iqtisodiyotni “drayver” sohaga aylantirib, IT xizmatlarini 2,5 barobarga oshirish va eksport hajmini 500 mln AQSH dollariga yetkazish maqsadi belgilandi. Shu bilan birga davlatimiz rahbari sohada yechimini kutayotgan muammolar va ishga solinmagan imkoniyatlar hali ko‘pligini qayd etdi.

Xususan, “Raqamli O‘zbekiston – 2030” dasturi doirasida vazirlik va tarmoqlarning 11 ta loyihalari kechikmoqda. Bugungi kunda ayrim vazirlik va idoralar eski, ishonchsiz va o‘zaro integratsiya qilinmagan axborot tizimlaridan foydalanib kelmoqda.

Bundan tashqari, hududlarda IT sohani rivojlantirish bo‘yicha ishlar bir maromda emas. IT xizmatlarining 90 foizi Toshkent shahriga to‘g‘ri keladi. Eng og‘ir holat Qoraqalpog‘iston, Andijon va Surxondaryoda.

Shu bilan birga, 46 ta hududiy loyihalar kechikmoqda. Shundan kelib chiqib, Davlatimiz rahbari sohani rivojlantirish bo‘yicha bir qator vazifalarni belgilab berdi. Jumladan, har bir vazirlik va hokimlarning ITga masʼul o‘rinbosari AKT vaziriga bo‘ysunadi. Yil davomida hududlarda bir nechta masofaviy xizmatlar markazlari tashkil etiladi. Birinchi yarim yillikda 30 ta, yil yakunigacha 40 ta davlat xizmatlarini yagona portalga kiritish vazifasi qo‘yildi.

Bir ko‘rinishda soha oldida juda katta marralar qo‘yilganga o‘xshaydi. Lekin biz yillar davomida “ko‘zimiz yetadigan” raqamlarni o‘z oldimizga belgilab, ularni osonlikcha zabt etishdan charchamadik. Marra qancha yuqori bo‘lsa, rivojlanish ham, unga intilish ham shunga yarasha bo‘lishini o‘ylamadik. Davlatimiz rahbari ham bejizga ambitsioz vazifalarni belgilayotgani yo‘q.

Oxirgi paytlarda ayrim sabablarga ko‘ra, o‘z vatanida kutilmagan cheklovlar yuzaga kelib, ishlarini davom ettirolmasdan ko‘plab IT mutuxassislari bekorga O‘zbekistonga kelishmayapti. Ular o‘z sohasini ustalari bo‘lib, qayerda vaziyat barqaror, qanday imkoniyat va ayniqsa, kelajakda qanday potensiali borligini sinchiklab o‘rganib, keyin o‘z tanlovini qilishyapti. Demak, biz bu vaziyatdan ham unumli foydalanishimiz lozim.

Mana nima uchun davlatimiz rahbari mamlakatimizni “mintaqaviy IT markaziga” aylantirish kerakligini aytmoqda. Buning uchun barcha imkoniyatlarimiz mavjud. Faqatgina bu maqsad osonlikcha amalga oshmaydi. Buning uchun hammamiz, vazir bo‘lamizmi, hokim bo‘lamizmi, bironta idorani rahbari yoki oddiy mutaxassis bo‘lamizmi, o‘z joyimizda ko‘proq va samarali ishlashimiz talab etiladi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati sifatida, aytishim mumkinki, parlament ham mazkur vazifalarni bajarish uchun sohaga qanday yangi qonunlar kerak bo‘lsa, o‘z mehnatini ayamaydi. Masʼul qo‘mitamizda hozir ham “Elektron tijorat” va “Elektron raqamli imzo” to‘g‘risidagi qonun loyihalarining yangi tahriri ustida qizg‘in ishlar olib borilmoqda. Maqsadimiz mamlakatimizda raqamli iqtisodiyotni yanada rivojlantirish uchun zarur va ko‘pdan beri kutilayotgan sifatli qonunlar bilan taʼminlashdir. Chunki Davlatimiz rahbari taʼkidlaganlaridek, ushbu soha rivojlanmasa, boshqa biror bir tarmoq oldinga yurmaydi.

 

Baxtiyor MANIYAZOV, 

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,

Innovatsion rivojlanish, axborot siyosati va axborot texnologiyalari masalalari qo‘mitasi aʼzosi