Yangiliklar


243   18-04-2022

Sog‘ligimiz avvalo o‘zimiz uchun kerak

Aholini farmatsevtika mahsulotlari bilan uzluksiz taʼminlash, yangi turdagi dori vositalarini ishlab chiqarishni o‘zlashtirish chora-tadbirlari yuzasidan Prezident   ishtirokida o‘tkazilgan yig‘ilish bugungi kunda tarmoqni rivojlantirish borasidagi  mavjud muammolar yechimiga asos bo‘ladi desak mubolag‘a bo‘lmaydi.

O‘zbekistonning Yangi taraqqiyot strategiyasida mamlakatimizda dori vositalarini  ishlab chiqarishni 3 baravarga oshirish maqsadida besh yillik dasturning qabul qilinishi ham sohada hali qilinishi lozim bo‘lgan ishlar ko‘pligidan dalolat beradi.

Yig‘ilishda  qayd etilganidek, mamlakatimizda yiliga 1,6 milliard dollarlik 1,5 mingdan ziyod turdagi farmatsevtika mahsulotlari isteʼmol qilinadi. Har yili qariyb 1,2 milliard dollarlik mahsulotlar import qilinmoqda. Ayrim viloyatlarda isteʼmol qilinadigan dorining atigi 2-5 foizi mahalliy ishlab chiqaruvchilar hissasiga to‘g‘ri kelayotgani va hududlarni dori  vositalari  bilan  taʼminlanish ko‘rsatkichi hamon pastligi O‘zbekistonda ishlab chiqarilayotgan dori vositalarini ko‘paytirish zarurligini ko‘rsatmoqda.

Taʼkidlanganidek, odamlar koronavirus pandemiyasi davrida dori-darmonlar  tanqisligi, savodsiz shifokorlar  tavsiyasidagi retseptlar,  qalbaki  yoki  narxlari  asossiz oshirilgan  holatlarga guvoh bo‘ldi.

Agar quyoshli ona zaminimizda o‘sayotgan dorivor  o‘simliklarni to‘liq  o‘rganib,  mutaxassislar qo‘nimsizligiga barham berib, yetuk olimlarimiz  tajribasidan samarali  foydalanganimizda edi, yuqoridagi kabi kamchilliklar oldi olingan  bo‘lardi?

Yig‘ilishda yana  bir achchiq holat, yaʼni ichki bozorda qalbaki va kontrafakt dorilar sotilishiga hanuzgacha barham berilmagani tanqid qilindi.

Bir  so‘z  bilan  aytganda, baʼzi  masʼullarning loqaydligi, yuzaki faoliyati tufayli inson  salomatligi  xavf  ostida  qolmoqda. Bunday holatlarga  qarshi  kurashish  nafaqat Sog‘liqni saqlash vazirligi, farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligining ishi  emas,  balki  har  birimizning kundalik  vazifamizga  aylanishi  kerak. Zero, sog‘ligimiz avvalo o‘zimiz uchun kerak.

 

Muborak AHMEDOVA,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati