Yangiliklar


394   18-04-2022

Deputatlar aholi muammolarini hal qilishda asosiy bo‘g‘inga aylanishi kerak

“Milliy tiklanish” demokratik partiyasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kengashi tomonidan “2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasini “Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturi ijrosini taʼminlashda partiya tashkilotlari va deputatlik guruhlari oldida turgan vazifalar" mavzusida o‘quv-seminar o‘tkazildi.

Seminarda Oliy Majlisi Senati aʼzolari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi va xalq deputatlari shahar, tuman Kengashlari deputatlari, partiya aʼzolari ishtirok etdi.

Taʼkidlanganidek, Harakatlar strategiyasining mantiqiy davomi bo‘lgan ushbu tarixiy hujjatda yaqin va o‘rta istiqbolda O‘zbekistonning taraqqiyot tendensiyalari, davlat va jamiyat hayotining barcha jabhalarini kompleks rivojlantirish yo‘nalishlari aniq belgilab berilgan.

Taraqqiyot strategiyasi 7 ta ustuvor yo‘nalishdan iborat bo‘lib, unda jami 100 ta maqsadli vazifalar qamrab olingan ham 2022-2026 yillar davomida mamlakatimizdagi deyarli barcha sohalarni har tomonlama isloh qilish va yana-da rivojlantirish yuzasidan keng ko‘lamli ishlar belgilangan.

Strategiyaning birinchi yo‘nalishida 12 ta maqsad, 42 ta topshiriq mavjud bo‘lib, ularning har biri inson qadrini ulug‘lashga xizmat qiluvchi xalqchil davlat barpo etish, aholi uchun farovon turmush sharoiti yaratishda g‘oyat muhim sanaladi.

Xalq deputatlari mahalliy Kengashlarni hududlarda mavjud muammolarni hal qilishdagi asosiy bo‘g‘inga aylantirish vazifasi birinchi yo‘nalishning ikkinchi maqsadi sifatida belgilangan.

Aytish kerakki, so‘nggi yillarda mahalliy Kengashlar ijro organlaridan so‘rovlar o‘tkazish, qarorlar bo‘yicha fikrlar bildirish, byudjetni shakllantirish va nazorat qilish kabi masalalarda faol ishtirok etmoqda.

Taraqqiyot strategiyasida belgilangan maqsadlar va joriy yil bo‘yicha qabul qilingan Davlat dasturida hududlarni rivojlantirish va investitsiya dasturlarini ishlab chiqish hamda muhokama qilishda hududdan saylangan deputatlarning ishtirokini kuchaytirish, parlament nazoratini birgalikda amalga oshirish bo‘yicha Oliy Majlis palatalari tomonidan kelishilgan holda qarorlar qabul qilish hamda ularning ijrosini joylarda mahalliy Kengashlar deputatlari bilan birgalikda taʼminlash amaliyotini joriy etish nazarda tutilmoqda.

Davlat dasturida deputatlar faoliyatini samarali tashkil etish borasidagi ishlarni yanada rivojlantirish masalalari alohida belgilab qo‘yilgan.

Tadbirda so‘zga chiqqan deputatlar, partiya vakillari tomonidan Taraqqiyot strategiyasida belgilangan vazifalar “Milliy tiklanish” demokratik partiyasining dasturiy maqsad va vazifalari bilan hamohang ekanligi alohida taʼkidlandi va ularni hayotga tatbiq etish, mazmun mohiyatini aholi orasida keng targ‘ib qilish deputatlar va partiya tashkilotlari oldida turgan muhim masala ekanligi qayd qilindi.

Xulosa qilib aytganda, xalqimiz tomonidan qizg‘in qo‘llab-quvvatlanayotgan Taraqqiyot strategiyadagi har bir maqsad va vazifalarni to‘la ro‘yobga chiqarishda faol va tashabbuskor bo‘lish har birimizning burchimizdir.