Inson huquqlari bo‘yicha Milliy strategiya tayyorlanyapti


557     27.02.2025

Jenevada shu kunlarda Birlashgan Millatlar Tashkiloti Inson huquqlari bo‘yicha kengashining 58-sessiyasi bo‘lib o‘tyapti. 

Sessiyaning Oliy darajadagi segmentida so‘zga chiqqan Inson huquqlari bo‘yicha Milliy markazi direktori Akmal Saidov BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrishga o‘tgan yil iyul oyida O‘zbekistonga ikkinchi tashrifi davomida mamlakatda izchil davom etayotgan islohotlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlagani uchun minnatdorlik izhor etdi.

Hozirgi paytda Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining 2030-yilgacha bo‘lgan Milliy strategiyasi tayyorlanayotgani, unda Universal davriy hisobot va BMT shartnomaviy organlarining tavsiyalari hamda Barqaror rivojlanish maqsadlari tamoyillariga muvofiq ravishda amalga oshiriladigan muhim chora-tadbirlar qamrab olinganini taʼkidladi. 

O‘zbekiston vakili so‘zi yakunida BMT Bosh Assambleyasining "Markaziy Osiyoda iqlim o‘zgarishining salbiy oqibatlariga qarshi kurashish sharoitida inson huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida"gi rezolyutsiyasini ishlab chiqish tashabbusiga oid mamlakatimiz hukumatining taklifini ilgari surdi.

BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashi 58-sessiyasi o‘z ishini davom ettirmoqda.