Madaniy meros ob’yektlarini muhofaza qilish hamda keng targ‘ib etishga qaratilgan “Yangi nigoh” videoroliklar tanlovini tashkil etish va uni o‘tkazish tartibi to‘g‘risida nizom


845     28.02.2025

1. Umumiy qoidalar

1. Mazkur Nizom madaniy merosni muhofaza qilish hamda keng targ‘ib etishga qaratilgan “Yangi nigoh” videoroliklar tanlovini (bundan keyingi o‘rinlarda Tanlov deb yuritiladi) o‘tkazish tartibini belgilaydi.

2. Tanlov “Milliy tiklanish” demokratik partiyasining 2025-2029-yillarga mo‘ljallangan Saylovoldi dasturining 2.2. Madaniy meros muhofazasi, undan foydalanish, tashkiliy-huquqiy asoslari yo‘nalishi hamda 4.2. Milliy turizmni rivojlantirish yo‘nalishlarida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida tashkil etiladi.

3. Tanlovni tashkil etish va o‘tkazish bilan bog‘liq barcha masalalar MTDP Markaziy kengashi tashkiliy qo‘mitasi tomonidan hal etiladi.

4. Tanlov ishtirokchilarining video materiallari @Yanginigoh_murojaat manzilida qabul qilinadi.

 

2. Tanlovning maqsad va vazifalari

5. Tanlovning asosiy maqsadi va vazifalari quyidagilardan iborat:

- O‘zbekistonning aholiga ma’lum bo‘lmagan madaniy meros ob’yektlarini keng targ‘ib etish, ta’mirga muhtoj, yo‘qolib ketishi yoki buzilish xavfi yuqori bo‘lgan madaniy meros ob’yektlarini aniqlash va muxofaza qilish, O‘zbekistonning madaniy meros ob’yektlariga doir eng yaxshi sharhlarni tayyorlash orqali videoroliklar yordamida mamlakatning turizm salohiyati to‘g‘risida keng jamoatchilikni xabardor qilish, yurt tarixiga qiziqish va hurmatni uyg‘otish, aholini milliy urf-odat va qadriyatlarni asrab-avaylashga undash hamda O‘zbekistonning turizm salohiyatiga taalluqli kontentni yaratish.

 

3. Tanlovni o‘tkazish muddati va bosqichlari

6. Tanlov quyidagi bosqichlarda o‘tkaziladi:

- ijodiy ishlarni qabul qilish 2025-yilning 1-martdan 25-maygacha.

- hakamlar hay’ati tomonidan muhokama etish 2025-yilning 25-mayidan
25-iyungacha.

- g’oliblarni aniqlash va taqdirlash marosimini tashkil etish 2025-yilning
25-avgustgacha.

 

4. Tanlovda ishtirok etish tartibi

7. Tanlovda ishtirok etish yoshi 14 yosh va undan kattalar

8. Tanlovga taqdim etiladigan ijodiy ishlar yakka yoki jamoaviy tartibda bajarilgan bo‘lishi lozim.

9. Ishtirokchilar taqdim etadigan ijodiy ishlar miqdori cheklanmagan.

 

5. Tanlov nominatsiyalari va yo‘nalishlari

10. Tanlovga quyidagi nominatsiyalar bo‘yicha ijodiy ishlar qabul qilinadi:

- “O‘zbekistonning aholiga ma’lum bo‘lmagan madaniy meros ob’yektlari haqidagi eng yaxshi videorolik”;

- “Ta’mirga muhtoj, yo‘qolib ketishi yoki buzilish xavfi yuqori bo‘lgan madaniy meros ob’yektlari haqidagi tahliliy videorolik”;

- “O‘zbekistonning madaniy meros ob’yektlariga doir eng yaxshi videosharh”

- “O‘zbekistonning eko va gastronomik turizm salohiyatini namoyon etgan eng yaxshi videorolik”;

- “Milliy qadriyat va urf-odatlarni targ‘ib etuvchi eng yaxshi videorolik”;

11. Ijodiy ishlar quyidagi yo‘nalishlarda bo‘lishi mumkin:

- havaskor videotasvir;

- professional videotasvir.

12. Tanlovga taqdim etiladigan videoroliklar quyidagi mavzu yo‘nalishlarida bo‘lishi tavsiya etiladi:

- O‘zbekiston xalqining boy tarixi va madaniyatini aks ettiruvchi aholiga ma’lum bo‘lmagan hamda yo‘qolib ketishi yoki buzilish xavfi yuqori bo‘lgan madaniy meros ob’yektlari haqidagi tahliliy ma’lumotlarni o‘zida mujassam etishi;

- aholining madaniy meros ob’yektlariga bo‘lgan e’tiborini va ehtiyotkorona munosabatini shakllantiruvchi tarixiy ma’lumot hamda ishonchi ilmiy manbalarga asoslangan sharhlarni tayyorlash;

- madaniy merosni asrab-avaylash ulardan oqilona foydalanish hamda yurtimizda sayyohlik salohiyatini oshirishga qaratilgan tashabbuslarni ilgari surilishi;

- mamlakatimizdagi tarixiy joylar, qadimiy shaharlar, tarixiy-me’moriy yodgorliklar, me’moriy majmualar, obidalarni yorituvchi sayyohlik yo‘nalishlarini ko‘rsatish;

- mamlakatimizda ekoturizm asosini tashkil etuvchi tabiatning mo‘jizali manzaralari, maskanlari, daryolari, ko‘llari, milliy tabiat bog‘lari va biosfera rezervatlari, boy hayvonot va nabotot olamining qiziqarli hodisalarini aks ettirish;

- yurtimizning bog‘lari, to‘kin dasturxoni, milliy taomlari, xalqimizning mehmondo‘stligini ko‘rsata olish;

- milliy an’analar va bayramlar, hunarmandchilik mahsulotlari, milliy o‘yinlar, sayillar jarayonini tasvirlash.

 

6. Tanlovga ijodiy ishlarni taqdim etish tartibi va baholash mezonlari

13. Tanlov ishtirokchisi taqdim etgan videorolik 5 daqiqadan oshmasligi hamda ushbu ijodiy ish boshqa tanlovlarga taqdim etilmagan bo‘lishi shart.

14. Tanlovga belgilangan mavzu va nominatsiyalarga mos keladigan, istalgan vositalar yordamida suratga olingan (yaratilgan) videoroliklar tanlov ishtirokchisining anketasi bilan taqdim etilishi lozim.

15. Elektron formatda taqdim etilmagan videoroliklar tanlovda ishtirok etmaydi.

16. Foydalanilgan matnlar adabiy til normalariga javob berishi, rolikdagi ma’lumotlar aholida salbiy taassurot qoldirmaydigan va ishonchli manbalar bilan asoslantirilgan bo‘lishi kerak.

17. Ishtirokchi taqdim etilgan ma’lumotning to‘g‘riligi va mualliflik huquqi to‘g‘risidagi O‘zbekiston Respublikasi qonunlariga muvofiqligi uchun javobgardir.

18. Videoroliklar quyidagi mezonlar asosida baholanadi:

- gʻoyaning originalligi va dolzarbligi.

- videorolik tanlov talablariga javob berishi hamda unda aks ettirilgan voqea-hodisaning ahamiyati to‘liq ochib berilishi;

- mavzuga mosligi. Videorolik tanlov mavzusiga hamda tanlovning maqsad va vazifalarga mos kelishi;

- gʻoyaning yangiligi va kreativligi. Videorolik syujeti original bo‘lib, boshqa videoroliklarning syujet va g‘oyasini takrorlamasligi;

- ijodiy ishni baholashda musiqali fon, videoeffektlardan foydalanilganligi, tomoshabinda tuyg‘u va tasavvur uyg‘ota olishi, kreativlik, ishning uslubiy jihatdan o‘ziga xosligi, badiiy va texnik darajasi, efirga uzatish imkoniyati ham inobatga olinadi.

19. Videoroliklarga qo‘yiladigan talablar:

- videorolikning minimal hajmi mp4 16-9, 9-16 formatda (1920-1080, 1280-720, 1080-1920 )

20. Videorolik tasvirida muallifning bevosita ishtiroki shart emas.

21. Videorolikni suratga olish va montaj jarayonida maxsus dastur va uskunalardan foydalanish ishtirokchi (ijodiy ish muallifi) ning ixtiyoriga havola etiladi.

22. Videorolik janri (reportaj, videoklip, animasion syujet va boshqalar) ni ishtirokchining o‘zi belgilaydi.

23. Videorolikda mavzuga oid fotosuratlardan foydalanish mumkin.

24. Tanlov ishtirokchisi ijodiy ish(lar)ini istalgan videoxostingda joylashtirib, ishtirokchi anketasini to‘ldirishlari yoki “Yangi nigoh” tanloviga qaydi bilan o‘z ism-sharifi, yoshi, telefon raqami va manzili haqidagi ma’lumotlarni tanlovning @Yanginigoh_murojaat manziliga yuborishi mumkin.

25. Ijodiy ishlar tanlov mavzusiga mos kelmasa, badiiy-estetik saviyasi past bo‘lsa yoki ularni yaratishda texnik talablar buzilgan bo‘lsa, tanlovdan olib tashlanadi.

26. Tanlovga reklama, shahvoniy xarakterdagi, shuningdek, boshqa insonlar (xalqlar) ning urf-odatlari, an’analarini kamsituvchi, siyosiy va diniy yo‘nalishdagi ishlar qabul qilinmaydi.

 

7. Mualliflik huquqlari

27. Tanlovda ishtirok etayotgan videorolik(lar)da mualliflik huquqlari buzilganda, buning uchun ishni tanlovga taqdim etgan muallif (mualliflar jamoasi) javobgar hisoblanadi.

28. Videorolikni tanlovga taqdim etish bilan muallif (mualliflar jamoasi) tashkilotchilarga mazkur ishdan foydalanish (internet tarmog‘i, teledasturlarda joylashtirish va boshqa) huquqini topshiradi.

29. Videorolikda boshqa ishtirokchi yoki mualliflarning har qanday ijodiy ishlari (shu jumladan, video, reklama roliklari, kinematografik asarlari) dan nusxa olishga yo‘l qo‘yilmaydi.

30. Tanlov ishtirokchisi taqdim etilgan videorolik(lar)ning muallifi ekanligini, ularning ijodiy ishida boshqa shaxslarning intellektual mulkka bo‘lgan huquqini buzilmaganligini kafolatlaydi. Mazkur talab buzilgan taqdirda, ishtirokchi tashkilotchilarga barcha zarar hamda tashkilotchilarning o‘z huquqlarini himoya qilishi uchun ketkazgan xarajatlarini qoplash majburiyatini o‘z zimmasiga oladi.

31. Tanlov ishtirokchisi saytda ro‘yxatdan o‘tib, videoroligini joylashtirish bilan ushbu ijodiy ishi baholash jarayonida oshkora namoyish etilishi va muhokama qilinishiga o‘z roziligini bildiradi.

32. Tanlov ishtirokchilarining ijodiy ishlariga munosabat bildirilmaydi va qaytarilmaydi.

33. Tashkilotchilar tanlovga taqdim etilgan ishlardan tanlovni yoritish, to‘plam yaratish va tarqatish maqsadida foydalanishlari mumkin.

34. Videorolikni tanlovga taqdim etish orqali ishtirokchi ushbu Nizomning barcha bandlariga o‘z roziligini bildiradi.

35. Agar tanlovga taqdim etilgan video mahsulotlar Nizom talablariga muvofiq kelmasa  tanlov bekor qilinishi mumkin.

36. Sun’iy intellektdan foydalangan holda tayyorlangan materiallar g‘olibga hech qanday imtiyoz bermaydi.

 

8. Tanlov g‘oliblarini aniqlash va rag‘batlantirish

37. Tanlovga taqdim etilgan ijodiy ishlar tegishli nominatsiya bo‘yicha ikki (havaskor va professional) yo‘nalishda quyidagi bosqichlarda aniqlanadi:

- ekspertlar kengashida ochiq ovozga qo‘yish yo‘li bilan saralanadi;

- saralangan ijodiy ishlar internet foydalanuvchilari o‘rtasida 10 kun muddatda ovozga qo‘yiladi.

38. Tanlovning har bir nominatsiya va yo‘nalish bo‘yicha eng ko‘p ovoz to‘plagan videoroliklar mualliflari orasidan uchta o‘rin (1-, 2-, 3-o‘rinlar) aniqlanadi.

39. Tanlov natijalari va g‘oliblarning ro‘yxati tantanali taqdirlash marosimidan so‘ng tanlovning rasmiy sayti hamda axborot hamkorlari hisoblangan ommaviy axborot vositalarida e’lon qilinadi.

40. Tanlov g‘oliblari qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlanadi.

 

9. Yakuniy qoidalar

41. Tanlov tashkilotchilari, hamkorlari va homiylar g‘oliblarni rag‘batlantirishning boshqa shakl va usullarini belgilashlari mumkin.

42. Tanlov natijalari partiyaning rasmiy telegram kanali hamda sayti orqali e’lon qilinadi.