Anzirat buvi mahalla kezadi...


541     04.03.2025

Surxon ko‘p millatli voha. Shuning uchun ham ushbu hududda dinga, tilga va urf odatlarga e’zoz bilan qaraladi. Keling, gapni ko‘p cho‘zmay, Sizga zamonamiz Anzirat buvisi haqida gapirib beray: O‘zbekistonni o‘z Vatani, kindik qoni to‘kilgan tabarruk maskan deb bilguvchi koreys millatiga mansub Mun Alla Yegorovnani taniganlar u kishini Amina hoji deb chaqirishadi.

Aya bilan suhbatlashish uchun bir necha marotaba yo‘qlab bordik. Bir safar ajrim yoqasiga kelib qolgan oilani yarashtirish uchun qo‘shni tumanga ketgan bo‘lsalar, keyingi safar yana bir yosh oilaning «qulog‘ini cho‘zgani» qo‘shni mahallaga chiqib ketgan bo‘ladilar.

Oxiri topdik.

Ha-ya, aytishni unutibman. Amina hoji ona Termiz shahar «Shodlik» mahallasida yashaydi.

Hududning obodonligiyu, qo‘ni-qo‘shnilar ahilligigacha ularning nazoratida. Ayniqsa, gullarni juda yaxshi ko‘radilar, ko‘cha- ko‘yda bo‘sh joy ko‘rdilarmi, darrov gul urug‘iyu, ko‘chatini qadaydi yoki o‘sha hudud kayvonisiga tavsiyalar beradi. Amina hoji hududda joylashgan 3-umumta’lim maktabining ham jonkuyar faollaridan. Eng qizig‘i, u ertalabdan maktab darvozasi oldida o‘quvchilarni shirinsuxanlik bilan kutib oladi.

Yo‘ldan o‘ta olmay turgan boshlang‘ich sinf o‘quvchilarini qo‘llaridan tutib, yo‘ldan o‘tkazib qo‘yadi, hatto aya ularning oyoq kiyimlari bog‘ichlariyu, qizchalarning sochlarini to‘g‘irlab qo‘yadilar... - Aya haqiqatan ham jonkuyar inson, - deydi hamrohimiz Gulnora Xolmamatova.

- Mana, necha yildirki, u kishi maktab bilan doimiy aloqadalar. O‘tkaziladigan barcha tadbirlarimizga ham bosh-qoshlar. Ayniqsa, yuqori sinf qizlaridan qimmatli maslahatlarini ayamaydilar. Bundan tashqari, Amina hoji ona - tirik ensiklopediya. Kimga qanday ma’lumot kerak bo‘lsa, barchasini xalq maqollari bilan chiroyli qilib tushuntirib beradilar. Ba’zilar u kishini orqavarotdan mahallaning vijdoni deb atashadi. Shundan kelib chiqibmi, uni mashhur «Suyunchi» filmidagi Anzirat buviga qiyoslashadi. Sababi hoji ona bosh bo‘lgan har qanday ish ijobiy yechim topadi. Yarashtiruv borasidaku, u kishining oldiga tushadigani yo‘q.

- Yaqinda qo‘shni tumanlik bir ayol onaxonni izlab kelibdi, - deydi «Shodlik» mahallasi raisi Nigora Mirzoqulova. - Sababini so‘rasam, ayaga rahmat aytish uchun kelganmish. Avval boshida kelini ishga no‘noqroq ekan. Ayaning maslahatlari tufayli ikki taraf kelishib olishibdi. Xullas ko‘p o‘tmay, kelinchak oilaning «Sotti»siga aylanibdi.

Amina hoji onaning zimmasida yana bir vazifa bor: u kishi viloyatda tashkil etilgan «Buvijonlar maktabi»da rais yordamchisi bo‘lish bilan birga, Angor tumaniga biriktirilgan vakil hamda eng mohir suratchilar. U kishi olgan rasmlarni ko‘rsangiz, «mana senga zamonning buvijonlari» devorasan. Hoji ona ikki qizi va besh nabirasini ham haqiqiy o‘zbekona ruhda tarbiyalaganlar. Aytishlaricha, Amina hoji ona 1995-yilda islom dinini qabul qilib, 2016-yilda hatto Umra ziyoratiga ham borganlar.

Endigi navbat katta haj amallariga ekan...

Mun Alla Yegorovna - Amina hoji onaning yuqorida tilga olingan mehnatlari munosib e’tirof etilib, 2021-yilda «Mehnat faxriysi», bu yil esa «Mo‘tabar ayol» ko‘krak nishoni bilan taqdirlangan.

Qahramonimiz hozir Koreyada davolanyaptilar. Shu bois maktab, mahalla ahli u kishini juda sog‘inishgan. Ayniqsa, uning o‘zbek, rus va koreys tilidagi allalarini mahallaning har bir bolasi qo‘msaydi. Yaqinda u kishidan xat oldim: mehrga to‘la so‘zlar bilan hammamizni eslabdilar. Maktublari oxirida esa: «O‘zbekiston - mening vujudim, O‘zbekistonimni Olloh panohida asrasin», deb yozibdilar.

 

Dilbar NORMURODOVA,
Xalq deputatlari Termiz shahar Kengashi deputati,
viloyat Targ‘ibot guruhi rahbari
“Milliy tiklanish” gazetasining 2025-yil 26-fevral sonidan olindi