1000 05.03.2025
“Milliy tiklanish”ning 45-sonida e’lon qilingan “Kitob o‘qimayotganlar - virussiz...” sarlavhali maqolasida chindan ham bugunning eng og‘riqli muammosiga munosabat bildirilibdi. To‘g‘ri, kitob va Internet o‘rtasida tanlov qilish juda og‘ir.
Ammo tan olaylik, kitob - insoniyatning buyuk kashfiyoti va hali-veri uning o‘rnini biron narsa egallay olmaydi. Olis tarix silsilasida yaralgan ajdodlar bilimi, tafakkur gulshani namunalarini avlodlarga asrlar va hatto ming yillar osha yetkazuvchi ushbu nodir manbalar orqali kecha va bugungi kunni qiyoslaysan, qahramonlardan ibrat olasan, agar asar shuuringga muhrlanib, mahliyo eta olsa ular bilan hatto birga nafas ola boshlaysan. Eng muhimi, u buyuk tarbiyachilik rolini ham beminnat bajaradi.
Bugun matbuotda yoshlarimizning kitob o‘qimay qo‘ygani, ma’naviyatimiz durdonalaridan ko‘ra, internetni afzal ko‘rayotganlari haqida kuyunib gapirilyapti. Shu o‘rinda xo‘sh, bu gaplar faqat yoshlarga taalluqlimi degan haqli savol ham paydo bo‘ladi!
Kattalarchi?! O‘rta yosh yoki yoshi ulug‘larning o‘zlari kitob o‘qishyaptimi?!Siz qachon farzandingiz bilan biror asarni oila davrasida muhokama qildingiz?! Qachon bolangizdan yaxshi ko‘rgan kitobi haqida so‘radingiz?! Uning tug‘ilgan kunida biror marta kitob sovg‘a qildingizmi?! Tabiiyki, bu savollarga hamma ham birdek javob qaytara olmaydi.
Kitobxonlik yoshlikgagina tegishli emas. Biror joyda faqat yoshlar o‘qishi kerak, degan qonun ham yo‘q. Ko‘p vaqtini choyxonada o‘tkazuvchi ayrim otalarimiz, yoki onalarimiz kunlik oila yumushlariyu, ayollar yig‘inlaridan ortib biror badiiy asar o‘qishyaptimi?! Ulug‘ ma’rifatparvar ajdodimiz Cho‘lpon: “Millat bolalarining tarbiyasi kitobxonlikka chorlovchi ma’naviyatli ota-ona qo‘lida bo‘lmasa yomon oqibat ro‘y bergusi” deb yozgan ekan. Ona farzandni dunyoga keltiradi, oq sut berib boqadi, o‘stiradi. Ota esa farzandim kamol topsin deya yelib yuguradi.
Zotan, farzand uchun eng qadrli bo‘lgan ota-onasining har bosgan qadami namuna. Mutolaa madaniyatini ham, avvalo, bolaga ota-ona singdirmog‘i lozim. “Qush uyasida ko‘rganini qiladi” deganlaridek, kitobxonlikda ham farzandimizga ibrat bo‘laylik. Bayramlarda olib beradigan o‘yinchoq, shirinlik, kiyimlar qatoriga bir dona kitob qo‘shishni odat qilaylik. Bolalarimiz oldida yoshligimizda o‘qigan kitobimizni gapirib beraylik. Shunda farzandingiz yo nabirangiz, albatta, o‘sha asarni topib mutolaa qiladi.
Kitob, shuningdek, inoqlik, bir-birlariga hurmat tuyg‘usini oshiruvchi vosita hamdir.
Ha, u eng oddiy va sodda vosita. Agar o‘zbek va qirg‘iz xalqlarini olib qarasak, qirg‘iz kitobxonlari Navoiy “Xamsa”si, Bobur “Boburnoma”si kabi shoh asarlar bilan tanish bo‘lganlaridek, o‘zbek kitobsevarlari qirg‘iz xalqining “Manas”ini shoir Mirtemir tarjimasida sevib o‘qiganlar. So‘ngi so‘z o‘rnida ota-ona (bobo- buvilarga) yuzlanmoqchiman: Siz kimsiz? Virusmi yoki vaksina? Yoki boshqacharoq aytgandan qaysi biri bo‘lish farzandlaringiz, nabiralaringiz istiqboli uchun ijobiy xizmat qiladi?
E’zozxon PIRMATOVA,
Farg‘ona viloyati Furqat tumanidagi 26-DMTT direktori,
tuman Kengashi deputati
“Milliy tiklanish” gazetasining 2025-yil 26-fevral sonidan olindi