582 05.03.2025
So‘nggi yillarda yurtimizda ekologik xavfsizlikni ta’minlash, insonlar sog‘lig‘iga zararli ta’sirlarning oldini olish, sanitariya va ekologik holat sifatini oshirish uchun qulay sharoitlar yaratish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Biroq, bugungi kunda respublikamiz shaharlarida chang ko‘tarilishi holatlari tez-tez uchrab havo tarkibida mayda dispers zarrachalari belgilangan normadan yuqori ekanligi fuqarolarning turmush tarzi, hayoti va sog‘lig‘iga salbiy oqibatlarni keltirib chiqarmoqda.
Mazkur holatlarning yuzaga kelishiga qurilish maydonlaridan chang va qum zarrachalarining shamol orqali havoga ko‘tarilishi ham sabab bo‘lmoqda. Hisob-kitoblarga ko‘ra, so‘nggi uch yilda qurilish obyektlari soni 3 barobar oshgan bo‘lib, agar hech qanday profilaktik choralar ko‘rilmasa, 500 kv.m.lik ochiq qurilish maydonidan yiliga o‘rtacha 20–50 tonnagacha chang va qum zarrachalari havoga ko‘tarilishi mumkin. Ushbu holat bevosita atrof-muhit holatining yomonlashishiga sabab bo‘ladi.
Ta’kidlash joiz, amaldagi qonunchilikda atmosfera havosini muhofaza qilish talablari va shaharsozlik qoidalari doirasida aynan qurilishda chang va qum zarrachalarining havoga ko‘tarilishiga yo‘l qo‘yganlik uchun aniq javobgarlik nazarda tutilmagan.
Kuni kecha Prezidentimiz tomonidan imzolangan “Qurilish maydonlarida chang va qum zarrachalarining havoga ko‘tarilishini bartaraf etishga doir majburiy talablar belgilanishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga qo‘shimchalar va o‘zgartirish kiritish haqida”gi Qonun yuqoridagi muammolarning oldini olish va bartaraf etishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.
Ushbu qonun bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga qurilish maydonlarida atmosfera havosini muhofaza qilish talablariga rioya qilmaganlik uchun javobgarlikni belgilovchi qo‘shimchalar va o‘zgartirish kiritildi.
Ya’ni, o‘lchami besh yuz kvadrat metr va undan ortiq bo‘lgan qurilish maydonida, unga tutash bo‘lgan hududda hamda undan chiqish yo‘llarida chang va qum zarrachalarining havoga ko‘tarilishini bartaraf etishga doir majburiy talablarni buzish yoxud ushbu hududlarda ifloslantiruvchi moddalarning yo‘l qo‘yiladigan doiradagi normativlardan ortiq darajada atmosfera havosiga chiqarilishiga yo‘l qo‘yish, mansabdor shaxslarga BHMning 10 baravari miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi.
Xuddi shunday huquqbuzarlik ma’muriy jazo chorasi qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilsa, mansabdor shaxslar BHMning 50 baravari miqdorida jarimaga tortiladi.
Shuni alohida qayd etish lozimki, huquqbuzarliklarni aniqlash qat’iy belgilangan tartib asosida amalga oshiriladi. Bunda, qurilish maydonlarida chang va qum zarrachalarining havoga ko‘tarilishi lokal ta’sir ko‘rsatish holati hisoblanib, Davlat ekologik nazorati inspeksiyasining mas’ul xodimlari tomonidan yuqori sezuvchanlikka ega bo‘lgan maxsus laboratoriya uskunalari va vositalari bilan joyiga chiqqan holda o‘rganiladi va atmosfera havosidan tahlil namunalari olinadi.
Tahlil namunalarini olish nuqtalarida yuqori sezuvchanlikka ega bo‘lgan “EKOLAB” rusumli ko‘p komponentli gazoanalizator, termoanemometr “testo 425” rusumidagi analizatorlar yordamida amalga oshiriladi. Natijalar Sanitariya qoidalari va normalari bo‘yicha PM 10, PM 2,5 moddalarning belgilangan me’yorlar bilan solishtirilgan holda aniqlanadi.
Agar bir hududda bir nechta yuridik yoki jismoniy shaxslar tomonidan qurilishlar olib borilayotgan bo‘lsa, huquqbuzarlik ularning joylashuvi va shamol yo‘nalishi hisobga olingan holda aniqlanadi.
Yana bir muhim jihati nazorat tadbirlarida qurilish jarayonida dastlab yuk avtotransportlarining kirib chiqishi, ko‘z bilan ilg‘ash mumkin bo‘lgan darajada chang havoga ko‘tarilayotganligi, chang bostirish uchun osma suv sepgichlar o‘rnatilganligi va ularning ishlayotganligi, shamol ta’sirida havoga ko‘tarilishi mumkin bo‘lgan qurilish mahsulotlari (qum, tuproq, sement, azbest v.b) yoki qurilish chiqindilarining ochiq holda saqlanayotganligiga e’tibor beriladi.
Bir so‘z bilan aytganda, qonunda belgilangan normalar fuqarolarning o‘z hayoti va sog‘lig‘i uchun qulay atmosfera havosidan foydalanish huquqlarini ta’minlashga, tartibsiz ravishda tashlanadigan chang va qum zarrachalarining havoga ko‘tarilishini bartaraf qilishga, yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan qonun buzilishi holatlarining oldini olish va ularning shaxsiy javobgarligi hamda mas’uliyatini oshirishga xizmat qiladi.
Bekmirza ESHMIRZAYEV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi
“Milliy tiklanish” fraksiyasi aʼzosi