474 06.03.2025
Bugungi kunda dunyo aholisining qariyb 20 foizini yoshlar tashkil etadi.
O‘zbekistonda esa bu ko‘rsatkich 60 foizdan ziyod. Har yili mehnat bozoriga 600 mingdan ortiq yigit-qizlar kirib kelishi va 2030-yilga borib bu ko‘rsatkich 1 million nafarga yetishini eʼtiborga olsak, mamlakatimiz uchun yoshlar masalasi har doim ustuvor va strategik vazifa bo‘lib qoladi.
Darhaqiqat, inson salohiyatini ro‘yobga chiqarishga yo‘naltirilgan, inson qadri ustuvor bo‘lgan xalqparvar jamiyat — yangi O‘zbekistonni barpo etish bugun ayni hayotimizning maʼno-mazmuniga aylangan uchinchi Renessans poydevorini qurishdek buyuk maqsadlarga erishishda ham shubhasiz, yoshlar kuchiga tayanamiz.
So‘nggi yillarda hayotimizga izchil tatbiq etilayotgan Yoshlarga oid davlat siyosati kelajagimiz egalarining buyuk ajdodlarimizga mos taʼlim-tarbiya olishida, sog‘lom o‘sib-ulg‘ayishi, o‘z bilim va salohiyatini namoyon etishida dasturilamaldir. U mustaqil fikrlaydigan, milliy hamda umuminsoniy qadriyatlarga hurmat bilan qaraydigan, qatʼiy eʼtiqod va qarashlarga ega bo‘lgan, zamonaviy bilim hamda ko‘nikmalarni to‘la o‘zlashtirgan, mentalitetimizga yot bo‘lgan salbiy taʼsirlardan o‘zini asray oladigan, intellektual salohiyatini yuksaltirishda, eng asosiysi, “halollik vaksinasi” bilan emlangan yoshlarni voyaga yetkazishga xizmat qilmoqda.
Shu o‘rinda alohida taʼkidlash lozimki, bu boradagi izchil islohotlar, saʼy-harakatlarga qaramay yoshlar bilan bog‘liq muammolar hamon bo‘y ko‘rsatib turibdi. Ayrim masʼullarning eʼtiborsizligi sabab, yoshlar o‘z yo‘lini topishda qiyinchiliklarga duch kelyapti. Jinoyatchilik va huquqbuzarlikda yoshlarning ulushi hamon yuqoriligicha qolyapti. Xorijiy tilni, oddiy yo‘l-yo‘riqlarni bilmagan yoshlarning arzon ishchi kuchi sifatida xorijga chiqib ketishi to‘xtamayapti. Hatto bilib-bilmay diniy ekstremizm va terrorizmga qo‘shilib qolayotganlar ham bor. Ular orasida oliy maʼlumotli yigit-qizlarning borligi bugunning og‘riqli masalalaridandir. Albatta, bularning ildizi, avvalo, tarbiyaga, bekorchilik va ishsizlikka, huquqiy bilimsizlikka borib taqaladi.
Davlatimiz rahbarining 14-fevral kuni yoshlar bilan navbatdagi ochiq muloqotida ana shunday masalalar muhokama qilinib, yechimi bo‘yicha takliflar o‘rtaga tashlandi, vazifalar belgilandi.
O‘tgan 8 yil mobaynida yoshlarning bandligini taʼminlash, ularning intilishlariga sharoit yaratilgani natijasida yosh tadbirkorlar soni 3 karra ko‘payib, ular bugun biznes vakillarining salkam 40 foizini tashkil etmoqda. Ishsiz yoshlar 2 karra kamaydi. Qisqa davrda oliygohlar soni 3 barobar oshirilgani natijasida 42 foiz yoshlar oliy taʼlimga qamrab olindi. Ayniqsa, yoshlarimiz orasida chet tillarni o‘rganishga qiziqishning keskin kuchaygani tahsinga loyiq. So‘nggi uch yilda til o‘rganayotgan yoshlar soni 2 millionga yetdi.
Yoshlar bilan uchrashuvda Prezidentimiz yoshlar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan 3 ta muhim hujjat imzolaganini maʼlum qildi. Jumladan, endi tadbirkor yoshlarga 2,5 mlrd. so‘mgacha imtiyozli kreditlar beriladi, startap loyihalariga 2 mlrd. so‘mgacha investitsiya kiritiladi. Oliy o‘quv yurti bitiruvchilarining bandligini taʼmin-lash bo‘yicha yangi tizim yo‘lga qo‘yiladi. Yaʼni bitiruvchilarni ish bilan taʼminlash bo‘yicha hokimlar, bank va korxona rahbarlaridan iborat komissiya tuziladi. O‘zini o‘zi band qilgan yoshlarning loyihalari uchun 100 mln. so‘mgacha 7 yil muddatga imtiyozli mikroqarzlar ajratiladi.
Maʼlumki, ish topishda xorijiy tillarni bilish juda muhim. Shu bois chekka hududlarda chet tillarga ixtisoslashtirilgan o‘quv markazlari ochgan malakali yoshlarga 120 mln. so‘mgacha foizsiz ssuda beriladi. Shuningdek, xususiy o‘quv markazlarida xorijiy tillarni o‘rganadigan yigit-qizlarga to‘lovlari “2+6” oy shaklida qoplab beriladi. IT sohasida “Bir million dasturchi” loyihasiga qo‘shimcha 300 ming nafar yosh jalb etiladi.
Yig‘ilishda yoshlar bilan ishlashni yangi bosqichga ko‘tarish yo‘nalishida yana o‘nlab loyihalar eʼlon qilindi, moliyaviy manbasi, masʼullar belgilandi.
Albatta, bu vazifalar ijrosini taʼminlash borasida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlariga ham katta masʼuliyat yuklanadi. Ana shu ehtiyojdan kelib chiqib, mamlakatimizda yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, salohiyatini ro‘yobga chiqarish yo‘nalishida olib borilayotgan islohotlarda quyi palata ishtirokini kengaytirish, yoshlarning ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy faolligini qo‘llab-quvvatlash, zamonaviy dunyoqarash, bilim hamda ko‘nikmalarini rivojlantirish maqsadida Qonunchilik palatasida Yoshlar masalalari bo‘yicha komissiya tuzildi. Maqsad — parlament bilan yoshlar qatlami hamkorligini yana-da kuchaytirish, qonunlarda yosh avlod manfaatlarini ilgari surish hamda ularning keng salohiyatini ro‘yobga chiqarishga ko‘maklashishdan iborat.
Umida RAHMONOVA,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati
“Xalq so‘zi” gazetasining 2025-yil 4-mart sonidan olindi