Korrupsiyani oldini olishda parlament tashabbuskor bo‘ladi


285     06.03.2025

Davlatimiz rahbari raisligida korrupsiyaga qarshi kurashishga bag‘ishlab o‘tkazilgan kengaytirilgan yig‘ilishda korrupsiyaga qarshi qat’iy siyosatning asosiy maqsadlari va kelgusi vazifalari aniq belgilab berildi.

Avvalo qayd etish kerakki, so‘nggi yillarda Prezidentimiz qat’iy siyosiy irodasi bilan O‘zbekistonda korrupsiyaga qarshi kurashishning huquqiy va institutsional asoslari tubdan takomillashtirildi.

Ilgari biz korrupsiya illatiga qarshi ko‘proq operativ-qidiruv usullar orqali kurash olib borishni tushunar edik. Lekin, ijtimoiy xavfli qilmish sodir etib bo‘lingandan so‘ng, uning aybdorini qidirib jazolash bilan ish bitmasligini zamonning o‘zi bizga ko‘rsatdi.

Shuning uchun, bugun nafaqat operativ-qidiruv, balki “preventiv” usullar, ya’ni ko‘proq korrupsiyani oldini olishga e’tiborni kuchaytirdik. To‘g‘rida, bunday illat vujudga kelmasidan oldin uni oldini olsakkina, samara bo‘ladi.

Davlatimiz rahbari Prezidentlik lavozimiga kirishganidan so‘ng birinchi imzolagan qonunlardan biri ham aynan “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi qonun bo‘ldi.

Bugun mamlakatimizda “korrupsiya” so‘zi ishlatilgan 200 dan ortiq normativ-huquqiy hujjat mavjud. Albatta, ularning barchasida ushbu so‘z korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish maqsadida ishlatilgan.

O‘zbekiston tarixida birinchi marotaba “korrupsiyaga qarshi kurashish” so‘zlari yangi tahrirdagi Konstitutsiyaga kiritildi. Korrupsiyaga qarshi kurashishda parlamentning roli oshirildi. Ayniqsa, davlat rahbarining 2018-yil 7-dekabrdagi taklifiga asosan parlamentning har ikkala palatasida korrupsiyaga qarshi mas’ul qo‘mitalar tuzildi.

Kengaytirilgan yig‘ilishda mana shu qo‘mitalar faoliyatining samaradorligini oshirishga qaratilgan qator tavsiyalar berildi. Xususan, parlamentning mas’ul qo‘mitalari har bir mahallaga tushib jinoyatlarning kelib chiqish sabablarini aniqlashi, mansabdor shaxslar oldiga korrupsiyaning oldini olish bo‘yicha masala qo‘yishi, sohaga oid takliflar ishlab chiqishi, qonunlarni takomillashtirish choralarini ko‘rishi shular jumlasidandir.

Mamlakatimiz rahbarining ushbu tavsiyasiga muvofiq, Oliy Majlisning tegishli qo‘mitalari quyiga tushib bevosita jamoatchilik vakillari, tadbirkorlar, huquqni muhofaza qiluvchi idoralar bilan hamkorlikda ish olib boradi. Bunday amaliyot nafaqat parlament nazoratining samarasini, balki qonun ijodkorligi sifatini ham oshiradi. Zero, Prezidentimiz aytganidek, shundagina qonun pastdan, oddiy odamlardan chiqayotgan takliflar asosida yoziladi va xalqchil bo‘ladi.

Shu bilan birga, parlament qo‘mitalari Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha hududiy kengashlar bilan ham hamkorlikni kuchaytiradi, ularni ta’sirchan institutga aylantirish borasida choralar ko‘radi.

Albatta, milliy parlamentimiz kuchli qonunlarni qabul qilsagina korrupsiya illatiga qarshi kurashish samara beradi. Bu borada ham Prezidentimiz o‘z tavsiyalarini berib o‘tdi. Ayniqsa, parlament tomonidan qabul qilingan korrupsion jinoyatlarga oid qonun haqli ravishda tanqidga uchradi. Chunonchi, faqat jazoni kuchaytirish bilan korrupsiyani yo‘qotib bo‘lmaydi, shu bois qonunda boshqa usullar, shu jumladan, korrupsiyaning oldini olish, odamlarni bunga toqatsiz ruhda tarbiyalash, jinoyatni fosh etishga yordamlashganlarni rag‘batlantirish tizimi ham nazarda tutilishi lozim. Shunga muvofiq, mazkur qonun Qonunchilik palatasi va Senat tomonidan qayta ishlab chiqiladigan bo‘ldi.

Bundan tashqari, davlatimiz rahbarining noqonuniy boylik orttirish holati yuzasidan bergan taklifi parlamentning mas’ul qo‘mitalari tomonidan ko‘rib chiqiladi. Albatta, masala juda nozikligi bois uni joriy etishdan oldin har tomonlama puxta o‘rganib chiqiladi, xorij tajribasi o‘rganiladi hamda xalqimiz bilan bamaslahat loyiha ishlab chiqiladi.

Yana bir muhim masala. Prezidentimiz bundan buyon, vazir va hokimlar lavozimiga qo‘yilishidan oldin korrupsiyani oldini olish bo‘yicha aniq rejasini parlament va mahalliy kengashlar oldida himoya qiladigan tizim joriy etishni taklif qildi.

Shunga muvofiq, bugun quyi palataning mas’ul qo‘mitasi tomonidan vazir va hokim lavozimiga nomzodlarning korrupsiyani oldini olish bo‘yicha rejasini tegishincha parlament va mahalliy kengashlar oldida himoya qilishini nazarda tutuvchi qo‘shimchalarni “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Reglamenti to‘g‘risida”gi, “Mahalliy davlat hokimiyati to‘g‘risida”gi hamda “Vazirlar Mahkamasi to‘g‘risida”gi qonunlarga kiritish yuzasidan qonun loyihasi tayyorlanmoqda.

Umuman olganda, kengaytirilgan yig‘ilishda berilgan tavsiya va topshiriqlar parlamentning rolini oshirishga qaratilgan bo‘lib, uning zimmasidagi talabni bir necha karraga oshiradi. Deputatlik korpusi bunday mas’uliyatni chuqur his etmoqda. Parlamentning mas’ul qo‘mitalari korrupsiya illatiga qarshi kurashishda faol bo‘lishadi va bu masala ularning asosiy strategik faoliyat yo‘nalishi bo‘lib qoladi.

Jahongir SHIRINOV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi
“Milliy tiklanish” fraksiyasi aʼzosi