472 07.03.2025
Shaffoflik va adolat har qanday demokratik jamiyatning asosiy tamoyillaridan hisoblanadi. Korrupsiya esa ushbu tamoyillarga jiddiy tahdid solib, davlat va fuqarolar o‘rtasida ishonchsizlik muhitini vujudga keltiradi. Shu bois korrupsiyaga qarshi kurash nafaqat davlat organlarining vazifasi, balki butun jamiyatning umumiy burchi bo‘lishi lozim. Mamlakatimizda bu borada tizimli choralar ko‘rilib, jamoatchilik va nodavlat tashkilotlarning roli tobora oshirilmoqda.
Kuni kecha Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha Milliy kengashning kengaytirilgan yig‘ilishidagi nutqida jamoatchilik vakillari hamda nodavlat tashkilotlarga murojaat qilib, korrupsiyaga qarshi kurashni umummilliy vazifa va har bir vatanparvar fuqaroning vijdon ishi sifatida baholadi. Shu bilan birga, bu jarayonda nodavlat tashkilotlarning faol ishtirokini ta’minlash muhim ekanini ta’kidladi.
Hozirgi kunda nodavlat tashkilotlar jamoatchilik nazoratini kuchaytirish va shaffoflikni ta’minlashda muhim o‘rin tutadi. Ular davlat idoralari va fuqarolar o‘rtasidagi ko‘prik vazifasini bajarib, aholining manfaatlarini himoya qilish, huquqiy savodxonlikni oshirish va davlat ishlarida ochiqlikni ta’minlashga ko‘maklashadi.
Prezidentimiz korrupsiyaga qarshi kurashda nodavlat tashkilotlar ishtiroki fuqarolik jamiyatini mustahkamlashda hal qiluvchi omil ekanini ta’kidladi. Shu munosabat bilan parlament va nodavlat tashkilotlar o‘rtasida hamkorlikni kuchaytirish, ularning imkoniyatlaridan keng foydalanish zarurligi qayd etildi. Chunki fuqarolik jamiyati institutlarisiz korrupsiyaga qarshi kurash samaradorligini ta’minlash qiyin. Ayniqsa, Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha konvensiya talablarini monitoring qilishga nodavlat tashkilotlarni jalb etish muhim vazifalardan biri sifatida belgilandi.
Bu borada bir nechta muhim yo‘nalishlarni qayd etish mumkin. Xususan, jamoatchilik nazoratini kuchaytirish – nodavlat tashkilotlar davlat xaridlari, ijtimoiy loyihalar va byurokratik jarayonlarni monitoring qilishi orqali shaffoflikni oshirishga hissa qo‘shadi.
Huquqiy savodxonlikni oshirish – aholi orasida korrupsiyaga qarshi targ‘ibot ishlarini kuchaytirish, huquqiy bilimlarni oshirish va korrupsiyaga qarshi murosasizlik muhitini shakllantirishga xizmat qiladi.
Mustaqil tahlil va monitoring – nodavlat tashkilotlar davlat idoralarining korrupsiyaga qarshi kurash bo‘yicha faoliyatini tahlil qilib, mustaqil reytinglar, hisobotlar va takliflar tayyorlash orqali samaradorlikni oshirishga yordam beradi.
Ommaviy axborot vositalari bilan hamkorlik – korrupsiyaga oid holatlarni keng jamoatchilikka yetkazish, aniqlangan kamchiliklar bo‘yicha davlat organlari oldiga takliflar kiritish shular jumlasidandir.
Davlatimiz rahbari bu jarayonda nodavlat tashkilotlarning ishtirokini qo‘llab-quvvatlash maqsadida har yili 10 milliard so‘mdan ajratib borilishini ma’lum qildi. Bu esa jamoatchilik nazoratini kuchaytirish va korrupsiyaga qarshi loyihalarni amalga oshirish uchun muhim qadam hisoblanadi.
Xulosa qilib aytganda, korrupsiyaga qarshi kurash nafaqat davlat organlarining, balki butun jamiyatning umumiy vazifasidir. Nodavlat tashkilotlar ushbu jarayonda hal qiluvchi o‘rin tutishi kerak, chunki ular jamoatchilik nazoratini ta’minlash, fuqarolarning huquqiy ongini oshirish va shaffoflikni kuchaytirishda muhim kuch hisoblanadi. Korrupsiyaga qarshi kurashishda davlat va jamoatchilik birgalikda harakat qilgandagina bu illatni bartaraf etish mumkin.
Azamat PARDAYEV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi
“Milliy tiklanish” fraksiyasi aʼzosi