515 07.03.2025
Kuni kecha o‘tgan Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha milliy kengashning kengaytirilgan yig‘ilishida davlatimiz rahbari tomonidan korrupsiyani tag-tomiri bilan quritish uchun, avvalo, inson omili va qog‘ozbozlikni kamaytirishga alohida eʼtibor qaratilayotgani aytib o‘tildi.
Bu borada eng dolzarb yo‘nalishlardan biri — davlat xaridlari tizimini isloh etish va undagi korrupsiya omillarini yo‘q qilishdir. Chunki manfaatlar to‘qnashuvi, tovar va xizmatlar qimmat narxlarda sotib olinishi kabi salbiy holatlar aynan ushbu tizimda ko‘proq kuzatilmoqda.
Yig‘ilishda to‘g‘ridan-to‘g‘ri davlat xaridlari sonini kamaytirish bo‘yicha jiddiy choralar ko‘rish lozimligi taʼkidlandi. Bugungi kunda 50 dan ortiq turdagi tovar va xizmatlarni bevosita xarid etish mumkin bo‘lsada, hech bir rahbar ushbu ro‘yxatni bekor qilish va jarayonni ochiq tanlov asosida o‘tkazish bo‘yicha tashabbus bildirmagan.
Mavjud muammolarni tizimli hal etish uchun maxsus Ekspert komissiyasi tuziladi. Ushbu komissiya ilg‘or xalqaro tajribani o‘rganib, davlat xaridlari jarayonini nazorat qilish bo‘yicha yangi tizim yaratadi. Xususan, tovar va xizmatlarning bozor narxi aks etadigan elektron platforma shakllantiriladi va undagi maʼlumotlar doimiy yangilab boriladi.
Yangi tartibga ko‘ra, davlat xaridlarida tovar yoki xizmat narxi bozor narxidan 20 foizdan ortiq oshmasligi shart qilib belgilandi. Ushbu talabni buzgan mansabdor shaxslarga nisbatan qonuniy javobgarlik va jarima sanksiyalari qo‘llaniladi. Bu chora korrupsion kelishuvlarning oldini olish va davlat mablag‘larining samarali sarflanishini taʼminlashga xizmat qiladi.
O‘tgan yillar davomida ushbu illatga qarshi tinimsiz kurash olib borilishi natijasida ko‘p yillik muammoga aylangan maktabgacha taʼlim tizimidagi korrupsiyaviy holatlar, ota-onalarning ortiqcha sarsongarchiligiga barham berildi.
Korrupsiyaga yo‘l ochishi mumkin bo‘lgan sohadagi ko‘plab xizmat turlari raqamlashtirildi. Jumladan, Prezidentimiz taʼkidlaganidek, o‘tgan davrda maktabgacha va maktab taʼlimi tizimida 10 dan ortiq xizmat turlari to‘liq elektron shaklga o‘tkazildi. Bu esa ushbu sohada murojaatlar sonining 2,5 karraga kamayishiga olib keldi.
Albatta, bularning barchasi davlat rahbarining kuchli siyosiy irodasi va korrupsiyaga qarshi shafqatsiz kurash olib borishda qo‘ygan talab va tashabbuslari asosida amalga oshmoqda, desak, ayni haqiqat.
Davlatimiz rahbari yig‘ilishda ham korrupsiyaga “jamiyat tanasidagi saraton” sifatida qarab, mahalla faollari, nuroniylar, ziyolilar, yozuvchi va shoirlar, sanʼat va madaniyat xodimlari, tadbirkorlar, taniqli shaxslar, rahbarlar, deputat va senatorlar — butun jamoatchilik birlashib kurashishi zarurligini uqtirib o‘tdi.
Albatta, bu yo‘lda biz, senatorlar zimmasiga ham zalvarli masʼuliyat yuklanadi. Shunday muhim vazifalar ijrosiga mahalliy Kengashlar deputatlari, mazkur soha bo‘yicha ish olib borayotgan doimiy komissiyalar, keng jamoatchilikni jalb etib, hamkorlikda ishlarimizni yangi bosqichga olib chiqamiz.
Qobuljon TURSUNOV,
Oliy Majlis Senatining
Budjet va iqtisodiy masalalar qo‘mitasi raisi o‘rinbosari.
“Xalq so‘zi” gazetasining 2025-yil 7-martdagi sonidan olindi