484 07.03.2025
Chegara, hudud bilmaydigan, millat, elat tanlamaydigan korrupsiya, poraxo‘rlik kabi illatlarning ildizi juda qadimga borib taqaladi. Ammo maʼlum bir sohagina emas, balki butun bir jamiyat taraqqiyotiga to‘g‘anoq bo‘ladigan, davlatni ich-ichidan yemiradigan bu illatga qarshi kurashish bugungi kunda ham dunyo miqyosida dolzarbligicha qolmoqda.
Uchinchi Rennesans davriga qadam qo‘yayotgan yangi O‘zbekiston uchun ham korrupsiyaning har qanday ko‘rinishi mamlakatda amalga oshirilayotgan tub islohotlarga to‘sqinlik qilishi bilan xatarlidir.
Islohotlarni amalga oshirish doirasida fuqarolarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyati shaffofligi, ochiqligini taʼminlash borasida mamlakatimizda ko‘plab saʼy-harakatlar amalga oshirildi. “Korrupsiyaga qarshi kurash to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni qabul qilindi, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Bu borada milliy strategiya qabul qilindi. Birlashgan Millatlar Tashkiloti, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki, BMTning Bolalar jamg‘armasi – YUNISEF kabi yirik tashkilotlar bilan xalqaro aloqalar yo‘lga qo‘yildi. Bunday saʼy-harakatlarga qaramay, korrupsion holatlar hamon jamiyat taraqqiyoti ildiziga bolta urmoqda.
5-mart kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida bo‘lib o‘tgan korrupsiyaning oldini olish bo‘yicha ishlar natijadorligi va kelgusidagi ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan kengaytirilgan yig‘ilishda ham islohotlar yo‘lidagi eng katta to‘siq va g‘ov korrupsiya ekani, uning oqibatida jahon iqtisodiyoti yiliga 3 trillion dollar zarar ko‘rayotgani, bu jiddiy global xavf ekanligi alohida taʼkidlandi.
Davlatimiz rahbari so‘zining avvalida islohotlar hal qiluvchi bosqichga kirayotgan hozirgi vaqtda yurtimizda korrupsiyadan xoli muhit yaratish bo‘yicha ishlarga baho berib, kelgusi vazifalarni aniq belgilab olish zarurligini taʼkidladi. Shuningdek, jamiyatda korrupsiya muammosini jamoatchilik muhokamasiga olib chiqadigan ochiq tizim, ochiq muhit yaratilgani, ayniqsa, ommaviy axborot vositalarining bu boradagi o‘rni va taʼsiri ortib borayotganini alohida eʼtirof etdi.
Tan olishimiz kerak, bundan bir necha yillar avval korrupsiya mavzusi jurnalistlar uchun mutlaqo yopiq mavzu edi. Ayni paytda mamlakatdagi so‘z erkinligi, ochiqlik va shaffoflik siyosati korrupsiyaga qarshi kurashishda keng jamoatchilik qarshisidagi barcha to‘siqlarni olib tashladi. Mamlakatimiz rahbarining “Takror va takror aytaman: biz ochiqlik siyosatiga, so‘z erkinligi g‘oyalariga hamisha sodiq qolamiz!” degan fikrlari barchamizni barqaror rivojlanish va xavfsizlikka jiddiy tahdid – korrupsiyaga qarshi murosasiz kurashga undaydi.
Chunki korrupsiya shunday bir yovuz illatki, unga bir-ikki idoraning saʼy-harakati bilan chek qo‘yib bo‘lmaydi. Aholining huquqiy ongi va madaniyatini yuksaltirish, jamiyatda korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish orqaligina bu illatdan xalos etish mumkin bo‘ladi.
Feruza JALILOVA,
partiya Markaziy kengashi bo‘lim boshlig‘i