Korrupsiyaga qarshi kurash maktabdan boshlanadi


1010     07.03.2025

Korrupsiya balosi hamma zamonlarda ham taraqqiyot kushandasi bo‘lib kelgan. Unga samarali qarshi kurash olib borilgan paytlarda u  orqaga chekingan. Sal eʼtiborsizlikka yo‘l qo‘yilganda u yana bo‘y ko‘rsatgan.

Albatta, korrupsiya muammosi faqat bizga, bizning jamiyatimizga xos muammo emas. Undan aziyat chekayotgan mamlakatlar bugun har qadamda uchraydi. Kimdir ko‘proq, kimdir esa kamroq aziyat chekmoqda. Bunda korrupsiyaga qarshi kurashning ko‘lami muhim ahamiyat kasb etayotgani, qabul qilingan qonunlarga itoatkorlik darajasi kabi xususiyatlar muhim ahamiyat kasb etadi.

Dunyo tajribasi korrupsiyaga qarshi kurash bola tarbiyasidan boshlanishi muhim ekanligini ko‘rsatadi. Ularni halollik vaksinasi bilan emlash qancha erta boshlansa ularda korrupsiyaga qarshi immunitet shunchalik tez shakllanadi, ongida mustahkam o‘rin egallaydi.   

Davlat rahbarining korrupsiyaga qarshi kurashga bag‘ishlangan kengaytirilgan yig‘ilishda maktab direktorlari “Tarbiya” fani doirasida halollik, birovni haqiga xiyonat qilmaslik kabi ezgu g‘oyalarni sodda tilda tushuntirib borishi kerakligi haqidagi taʼkidlari aynan yoshlar tarbiyasiga qaratilgandir.   

Bugun yoshlar taʼlim-tarbiyasi masʼullari ayrim hollarda o‘z muammolari qobig‘iga o‘ralib qolayotganligi ham sir emas. Maktab o‘quvchilari ko‘z o‘ngida bir-birlari bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri munosabatlarini oydinlashtirib olishga qaratilgan harakatlari maktabning taʼlim-tarbiya mavqeiga zid kelishi barobarida yoshlar ongida jarahotli izlar qoldirmoqda.

Baʼzi bir ustozlarimizning harakatlarini noo‘rin bo‘lsada “mullaning aytganini qilgin-u qilganini qilma” qabilida ekanligi tarbiyani yo‘qqa chiqarmoqda. Mashg‘ulot paytida aytgan gaplariga hayotda o‘zi amal qilmaydigan o‘qituvchining tarbiyasi teskari natija berishdan boshqa narsaga arzimaydi.

Bugun yuqori minbarlarda eʼtirof etilayotgan tarbiyachi va pedagoglarni tanlov asosida ishga qabul qilish, bunda shaffoflikni taʼminlash haqidagi takliflar o‘rinli ekanligini taʼkidlash lozim. Chunki bolaning qalbini zabt etishda pedagogik qobiliyatning ahamiyati yuksakdir.

Mana shunday o‘qituvchilarimiz o‘zi korrupsiyadan holi bo‘ladi, uning aytayotgan har bir so‘zi, har bir gapi bolada yuksak tuyg‘ular shakllanishiga sabab bo‘ladi.

 

O‘rol XAITOV