485 07.03.2025
Davlatimiz rahbari ishtirokida Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha milliy kengashning kengaytirilgan yig‘ilishida korrupsiya islohotlar yo‘lidagi eng katta to‘siq va g‘ov ekani qatʼiy taʼkidlanib, unga qarshi 55 ta aniq maqsadga qaratilgan tashabbus ilgari surildi.
Prezidentimiz “Islohotlarimiz natijadorligi, avvalo, sadoqatli, fidoyi va korrupsiyaga toqatsiz yangi avlodga bevosita bog‘liq. Bu ishda fikri toza yosh avlodni tarbiyalash ustuvor vazifaga aylanishi shart”, degan fikrni ilgari surdilar. Taʼlim maskanlarida halollik g‘oyalarini singdirish, ularning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash muhimligi ko‘rsatib o‘tildi. Shu maqsadda maktab direktorlari “Tarbiya” fani doirasida o‘g‘il-qizlarimizga halollik, birovning haqiga xiyonat qilmaslik kabi ezgu g‘oyalarni sodda tilda tushuntirib borishi kerakligi taʼkidlandi.
Shu o‘rinda rektorlar talaba va yoshlarning korrupsiyaga qarshi loyihalarini, startap va innovatsion tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash tizimini yo‘lga qo‘yishi zarur ekanligi, umuman, “Korrupsiya – kelajakka tahdid” degan g‘oya asosida Yangi O‘zbekiston yoshlarining qalbidan joy oladigan tizim yaratilsa, ayni muddao bo‘lishi qayd etildi.
Taraqqiyotimizga to‘siq bo‘layogan korrupsiyaga qarshi kurashishga qaratilgan ushbu taklif va tashabbuslar yoshlar uchun dasturulamal bo‘lishi shart deb hisoblayman. Albatta, yoshlarni korrupsiyaga qarshi tarbiyalashda bir nechta muhim omillar inobatga olinishi kerak.
Jumladan, axloqiy qadriyatlarni shakllantirish maqsadida yoshlar ongiga halollik, adolat, hurmat va masʼuliyat kabi oliy fazilatlarni singdirish. Maktab va oliy o‘quv yurtlarida korrupsiyaning salbiy oqibatlari va uning jamiyatga qanday zarar yetkazishi haqida maxsus darslar tashkil etish. Yoshlarga raqamli dunyo va ijtimoiy media orqali o‘z huquqlari, erkinliklari hamda adolatli tizimlar haqida maʼlumot berib borish. Bu esa ularga korrupsiyani aniqlash va unga qarshi kurashish imkoniyatini yaratadi. Ota-onalar va o‘qituvchilar yoshlarni faqat bilim bilan emas, balki to‘g‘ri axloqiy yo‘llar bilan ham tarbiyalashlari hamda yoshlarga namuna bo‘lib amaliy misollar bilan halollik va adolat yo‘lida yashashga undashlari zarur.
Shubhasiz, bularning barchasi yoshlarni ijtimoiy masʼuliyatli hamda korrupsiyaga qarshi emlanishida muhim ahamiyat kasb etadi.
Biz yoshlar bir haqiqatni aqlan, qalban va vijdonan tushunishimiz kerak: bugungi kun yoshlari kelajak uchun masʼuliyatni o‘z zimmasiga oladigan avloddir. Toki biz o‘sib kelayotgan uka-singillarimizning korrupsiyadan tozalangan jamiyatda ulg‘ayib, yashashini xohlar ekanmiz, buning uchun bor kuchimizni ayamasligimiz, bilimlarimizni mustahkamlashimiz shart. Zero, korrupsiyaning oldini olish davlat xizmatiga o‘z kasbining haqiqiy egalarini va fidoyi kadrlarni tanlashdan, ularni “halollik vaksinasi” bilan emlashdan boshlanadi.
Nodir MURODOV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi huzuridagi
Yoshlar parlamenti aʼzosi