Kelajak halol va pok jamiyat qurishga bog‘liq


545     07.03.2025

Yangi O‘zbekiston islohotlarida korrupsiyaga qarshi kurashga davlat siyosati darajasida eʼtibor qaratilayotgani bejiz emas. Chunki korrupsiya har qanday davlat taraqqiyotiga g‘ov bo‘ladigan eng xavfli illat sanaladi. Huquqiy tizimni zaiflashtirib, davlat boshqaruviga bo‘lgan ishonchni pasaytiradi, jamiyatda adolatsizlik va tengsizlikni kuchaytiradi. Resurslarning adolatsiz taqsimlanishiga sabab bo‘ladi. Bu esa aholining qashshoqlashishiga olib keladi. 

O‘zbekistonda korrupsiyaga qarshi kurash milliy darajada olib borilmoqda. Xususan, huquqiy baza mustahkamlanib, 2017-yilda “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi qonun qabul qilindi. Korrupsiyaga qarshi Milliy kengash tashkil etilib, davlat organlari va jamoatchilik birgalikda ushbu illatga qarshi kurashmoqda. Lekin qonun va tartibotning o‘zi yetarli emas. Har bir fuqaro korrupsiyaga qarshi kurashga o‘z hissasini qo‘shishi kerak. Bu jarayonda huquqiy savodxonlikni oshirish muhim hisoblanadi. Chunki har bir fuqaro o‘z huquq va majburiyatlarini bilishi kerak. Korrupsiyaga qarshi murosasiz bo‘lish zarur, yaʼni poraxo‘rlik yoki noqonuniy harakatlarga duch kelgan har qanday shaxs buni oshkor qilishdan qo‘rqmasligi lozim.

Bu borada jamoatchilik ishtirokini kengaytirish ham muhim, chunki korrupsiyaga qarshi kurash faqat davlat organlarining ishi emas, balki butun jamiyatning vazifasidir. Halollik madaniyatini shakllantirish ham katta ahamiyatga ega. Yosh avlodga qonun ustuvorligi va adolat tamoyillarini singdirish zarur. 

5-mart kuni Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashi yig‘ilishida Davlatimiz rahbari taʼkidlaganidek, korrupsiyaga qarshi kurash faqat davlat yoki huquq-tartibot organlarining emas, balki har bir vatanparvar fuqaroning burchidir. Adolatli va taraqqiy etgan jamiyat qurish uchun bu illatni butunlay yo‘q qilishimiz shart. O‘zbekistonning kelajagi halol va pok jamiyat qurishga bog‘liq. Shu bois hech kim korrupsiyaga befarq bo‘lib qolmasligi kerak!

 

Baxtishod RASHIDOV
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi
huzuridagi Yoshlar parlamenti a’zosi