127 12.03.2025
“Islohotlar yo‘lidagi eng katta to‘siq va g‘ov – bu korrupsiya”. Bu jumla bot-bot qulog‘imizga chalinib tursada, illatning o‘zidan butkul qutulish, jamiyatni tozalash qiyin kechmoqda. Sababi, jamiyatda ayrim "nafsi hakalak otgan" kimsalar borki, ular faqat hozirining huzurini o‘ylaydilar, xolos.
Albatta, vijdon amriga quloq solib, halol yashash yo‘lini tanlash qiyin emas. Buning uchun har bir inson o‘z ishiga masʼul va javobgar bo‘lmog‘i, korrupsiyaga oid holatlarga befarq bo‘lmasligi lozim.
Korrupsiya shunchaki jinoyat yoki huquqbuzarlik emas, balki maʼnaviy buzilish holati hamdir. Ushbu illat fuqaroning davlat vakili bilan maʼmuriy munosabatlari maʼno-mohiyatini o‘zgartirib, jamiyat uchun ham, davlat uchun ham salbiy oqibatlarga sabab bo‘ladi.
Davlat organlari, jamoat tashkilotlari va fuqarolarning birgalikdagi saʼy-harakatlari bilangina ushbu illatga qarshi kurashda kutilgan natijaga erishish mumkin. Buning uchun eng avvalo quyi bo‘g‘in bo‘lgan mahallalarda, odamlar gavjum bo‘lgan joylarida, jamoat tashkilotlarida yurtimiz taraqqiyotiga, farzandlarimiz kelajagiga bolta urayotgan “jamiyat tanasidagi saraton”ga qarshi targ‘ibot-tashviqot ishlarini yanada kuchaytirishimiz kerak.
Zero, bu illat insoniyat qonidan sizib chiqib ketmaguniga qadar kurashishdan to‘xtamasligimiz zarur.
Hamidjon OMONOV,
partiyaning Andijon viloyat Kengashi raisi