103 12.03.2025
Korrupsiya va milliy taraqqiyot masalasi – yurt taqdiri, mamlakat kelajagi uchun har qachongidan muhim va dolzarb ahamiyat kasb etadi. Bu illatga qarshi kurashish barchaning ishi bo‘lishi zarur. Shundagina biz ushbu xavfni bartaraf etgan bo‘lamiz.
Prezidentimiz shu yil 5-mart kuni Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashi yig‘ilishida yurtimizda korrupsiyadan holi muhit yaratish bo‘yicha qilingan ishlarga baho berib, kelgusi vazifalarni belgilab berdi.
Davlatimiz rahbari o‘z nutqida korrupsiya islohotlar yo‘lidagi eng katta to‘siq va g‘ov ekanini ta’kidladi. So‘nggi yillarda yurtimizda korrupsiyaga qarshi kurash keskin kuchaytirildi. Albatta, islohotlarni barcha yo‘nalishlar misolida ko‘rishimiz mumkin. Xususan, mamlakatimizdagi oxirgi yillardagi o‘zgarishlar natijasida O‘zbekiston korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha o‘z modelini yaratmoqda va ijobiy natijalarga erishmoqda.
Mazkur natijalarning asosiy ijrochilari korrupsiyaga qarshi kurashishga mas’ul organlar, davlat tashkilotlari, fuqarolik jamiyati instituti vakillari va keng jamoatchilik hisoblanadi. Lekin shu bilan birga bu borada qilinishi kerak bo‘lgan ishlar va galdagi vazifalarga Prezidentimiz alohida to‘xtaldi.
Bu borada, ayniqsa, Parlament va mahalliy Kengash deputatlariga ham katta ishonch bildirildi. Jumladan, davlatimiz rahbari bundan keyin Korrupsiyaga qarshi kurashish hududiy kengashlariga Xalq deputatlari viloyat Kengashi raislari bosh bo‘lishi, hududiy kengashlar korrupsiyaviy omillarni aniqlab, ularga barham berish uchun qonunchilikni o‘zgartirish, jazo muqarrarligini ta’minlash bo‘yicha Milliy kengashga taklif kiritishini aytib o‘tdi.
Albatta, bu mahalliy Kengashlar hamda biz deputatlarga katta mas’uliyat yuklaydi. Korrupsiyaga qarshi kurashishda mahalliy Kengashlar va deputatlar mahalliy byudjet mablag‘larining sarflanishi, kommunal xizmatlar ko‘rsatilishi, yer ajratish, qurilish va boshqa sohalardagi qonunlar va qarorlarni korrupsiya xavfini kamaytirish maqsadida qayta ko‘rib chiqish va takomillashtirish maqsadida tegishli takliflarni berish, shaffoflikni oshirish, mahalliy byudjetning shakllantirilishi va ijrosi ustidan qat’iy nazorat o‘rnatish, noqonuniy xarajatlar va o‘zlashtirish holatlarini aniqlashda faol bo‘lishimiz lozim.
Shuningdek mahalliy hokimiyat organlari faoliyatini nazorat qilish, mahalliy hokimiyat organlari rahbarlarining hisobotlarini muntazam ravishda eshitish va baholab borishni yanada kuchaytirish, fuqarolarning huquqiy ongini oshirish, ularni korrupsiyaga qarshi kurashga jalb qilishda deputatlar barchaga o‘rnak bo‘lishi talab etiladi.
Tajibay ROMANOV,
partiyaning Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kengashi raisi